Jyekson-Venik tuzatishi: uni bekor qilish AQSh–O‘zbekiston aloqalarida nimani o‘zgartiradi?

Jahon 11:58 1782

AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzod Mark Rubio Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan Jyekson-Venik tuzatishini “eskilik sarqiti” deb atadi va uni bekor qilish kerakligini aytdi. Xo‘sh, bu tuzatish o‘zi nima? U bekor qilinsa, nima o‘zgaradi? Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov Kun.uz'dagi kolonkasida shu haqda so‘z yuritdi.

AQShda hokimiyat almashmoqda. Saylangan prezident Donald Tramp 20 yanvardan boshlab prezidentlik vakolatlarini bajarishga kirishadi. Yangi saylangan AQSh prezidentlari vakolatini bajarishga kirishishidan oldin, eng muhim davlat lavozimlariga nomzodlarni oldindan tayyorlab qo‘yishadi. Trampning AQSh davlat kotibi lavozimiga asosiy nomzod – Mark Rubio. Mark Rubio shu kunlarda Markaziy Osiyo bo‘yicha muhim bayonot bilan chiqdi. U Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan Jyekson va Venik tuzatishini “eskilik sarqiti” deb atadi va butunlay olib tashlash tarafdori ekanini aytdi.

Bu tuzatish sovuq urushning qoq cho‘qqisida, 1974 yilda qabul qilingan. Bu tuzatish AQShning “Savdo to‘g‘risidagi qonuni”ga kiritilgan edi. Ikki kongressmen – Henri Jyekson va Charlz Venikning tashabbusi bilan, o‘sha 1974 yilda SSSRdagi inson huquqlari buzulishi, jumladan sovet fuqarolariga emin-erkin ko‘chib ketish huquqi berilmayotganiga qarshi, jazo chorasi sifatida ushbu tuzatish kiritilgan edi.

O‘sha vaqtlari SSSR ko‘plab yahudiy millatiga mansub o‘z fuqarolarining Isroilga ko‘chib ketishiga to‘sqinlik qilar edi. Qolaversa, boshqa davlatlarga ko‘chib ketmoqchi bo‘lganlar ham bu huquqidan foydalanishi juda qiyin edi. Ushbu tuzatish kiritilishi oqibatida, SSSR mahsulotlariga boj bir necha barobar oshiriladi, SSSRga Amerika tovarlari eksporti ham cheklanadi.

Bu SSSRga avvalo siyosiy, qisman iqtisodiy ta’sir qiladi. Qisman deyishga sabab, SSSRning asosiy savdo-iqtisodiy hamkorlari – sotsialistik lager davlatlari edi. Umuman, SSSR yalpi ichki mahsulotida tashqi savdoning ulushi katta bo‘lmagan, mutaxassislarning aytishicha, taxminan 5-6 foiz atrofida bo‘lgan.

1987 yilda SSSR prezidenti Mixail Gorbachev Isroilga ko‘chib ketishga to‘sqinliklarni to‘liq olib tashlaydi. 1991 yilga kelib, SSSR to‘liq qulagach, bu tuzatish yangi paydo bo‘lgan mustaqil davlatlarga nisbatan avtomatik ravishda saqlanib qoladi. Shu bilan birga, 1994 yildayoq, o‘sha davrdagi AQSh prezidenti Bill Klinton bu tuzatishdan voz kechish vaqti kelganini aytadi.

Shunga qaramay, bu tuzatish haliga qadar ba’zi mustaqil davlatlarga nisbatan, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘istonga nisbatan saqlanib qolmoqda. Buning sabablari ko‘p. Mark Rubioga qadar oldingi AQSh siyosatchilari, davlat kotiblari ham bu tuzatishdan voz kechish vaqti kelganini ko‘p aytishgan.

Avvalo aytish kerakki, bu tuzatish hozir faqat ramziy shaklda saqlanib qolmoqda. Real hayotda AQShning na O‘zbekiston bilan, na boshqa qo‘shni davlatlar bilan savdo-iqtisodiy va siyosiy munosabatlarida Jyekson–Venik tuzatishi ta’sir kuchiga ega emas. AQSh qonunchiligiga ko‘ra, hatto bu tuzatish to‘liq ishlab turgan vaqtda ham, prezident va davlat kotibining ushbu tuzatish hosil qiladigan sanksiyalarni bir yilga yoki ma’lum muddatga bekor qilib turush huquqi bor va bu huquq juda ko‘p marta ishlatilgan.

Ikkinchidan, bu tuzatish nazarda tutgan inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar allaqachon sobiq SSSRda, tarixda qolib ketgan. Bugun na O‘zbekiston va na boshqa MO davlatlari migratsiya, emigratsiyaga to‘sqinlik qilmaydi. Albatta, mintaqa davlatlarida inson huquqlari bilan bog‘liq muammolar va nuqsonlar hozir ham kam emas. Lekin Jyekson-Venik tuzatishi nazarda tutgan shakldagi inson huquqlari muammolari, bugun mintaqa davlatlarida mavjud emas. Mintaqaning biron bir davlati, sobiq SSSR kabi totalitar tabiatga ega emas. Qolaversa, mintaqadagi umumiy tendensiya – huquqiy davlatchilikni anglash va shakllantirish tomon ketmoqda.

Xo‘sh, Mark Rubioning ushbu tuzatishni olib tashlash bo‘yicha bayonoti, oldingi davrdagi siyosiy liderlarning bayonotidan nimasi bilan farq qiladi? Avvalo, bu safar respublikachilar nafaqat prezidentlik kursisini egalladi, balki Senat va Vakillar palatasida ham ko‘pchilik o‘rinlarni qo‘lga kiritdi.

Ya’ni, oldinlari biron bir davlat kotibi shunday tashabbus bilan chiqqanda, raqib partiya bu loyihaga veto qo‘yardi. Bu safar, ushbu tashabbusni oxirigacha olib borish uchun respublikachilarda to‘liq mandat mavjud.

Qolaversa, garchi bu tuzatish saqlanib qolganda ham, bu O‘zbekiston–AQSh munosabatlariga real soya solayotgan omil emas. Balki, bu tuzatish AQSh byurokratiyasi naqadar katta, harakatlanishi qiyin bo‘lgan, o‘zaro tiyib turish va raqobat sabab ratsionalizmdan ancha chekingan boshqaruv modeli yuzaga kelganini ko‘rsatib turuvchi tarixiy “relikt” ekaniga ishora qilib turadi.

Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos

Ko‘proq yangiliklar: