O‘rtacha 1000-1500 AQSh dollar ishlashi mumkin – Yaponiyadagi vatandosh bilan suhbat

Jamiyat 11:26 / 22.07.2021 11752

UzbekLife’ning navbatdagi suhbatdoshi Yaponiyadagi nufuzli NEC Corporation kompaniyasida mehnat faoliyatini olib borayotgan Jo‘rabek Hasanov. Suhbatimiz Yaponiya ta’lim tizimi, migrantlarga yaratilgan imkoniyatlar va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

O‘zbekistondan Yaponiyaga yo‘l

Samarqand viloyati Toyloq tumanida tug‘ilib o‘sganman. Tumandagi

23 maktabda ta’lim oldim. So‘ng kollejda “Gidlik” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiganman. Kollejni tugatgandan keyin 1 yil davomida sayyohlarga yapon tilidan gidlik qildim. Aynan ushbu faoliyat jarayonida oliy ta’limni Yaponiyada olish istagi paydo bo‘ldi.

Ham yapon, ham ingliz tilini mukammal bilish zarur

Yaponiyaga kelganimga 11 yil bo‘ldi. Yaponiyada xorijliklar xalqaro kompaniyalarga ishga kirishi uchun yapon tilini juda yaxshi bilishlari kerak. Ya’ni siz yapon tilini mahalliy yaponlar bilan deyarli bir xil darajada bilishingiz zarur. Chunki, ish jarayonida barcha hujjatlar, kompyuter ishlari yapon tilida olib boriladi. Undan tashqari, ingliz tilini bilish ham lozim. IELTS darajangiz 7-8 bo‘lmasa, sizni ishga qabul qilishmaydi. Xalqaro kompaniyalarda faqat yapon yoki ingliz tilini bilish bilan ishlab bo‘lmaydi. Bularga qo‘shimcha ravishda yapon madaniyatini ham bilish zarur. Hamkasblar yapon millatiga mansub bo‘lgani uchun ular bilan kelishish, aloqa qilish uchun yapon madaniyatini bilish muhim hisoblanadi.

Yaponiyada o‘qish va ish faoliyati

O‘zbekistondagi ma’lum bir yapon tiliga aloqador bo‘lgan oliygohlarda Yaponiyada ta’lim olish uchun grantlar mavjud bo‘ladi. Men Yaponiyaga internetdan oliygohni topib, ularga xat yozib, hujjatlarni topshirib kelganman. 2 yil davomida yapon tilini o‘rgatadigan maktabda ta’lim olib, keyin universitetga topshirganman.

Yaponiyada ish topish jarayoni universitetni bitirishdan bir yil oldin boshlanadi. Uchinchi kurs vaqtida talabalar tashkilotlarning “ochiq eshiklar” kuniga qatnashadi va kompaniyalarni o‘rganadi. Men ham ishga kirgan kompaniyamni o‘sha joyda ko‘rganman. Ular o‘z taqdimotida kelajakda dunyoni raqamli texnologiya boshqaradi deyishgani uchun bu sohaga qiziqishim ortgan. O‘zim boshqa yo‘nalishda o‘qigan bo‘lsam ham, shu sohada ishlashga qaror qildim. Tashkilotning imtihon testlaridan o‘tib, ishga kirishga muvaffaq bo‘ldim. U yerda uzoq yillardan beri ishlagan yapon hamkasblarim menga ishni o‘rganishda katta yordam berishdi. 1-2 yilda mustaqil loyihalarni menga ishonib topshirishdi.

 Bir marta ishonchni yo‘qotgan kishining yapon jamiyatiga kirishib ketishi qiyin

Ikki davlat o‘rtasidagi o‘xshashlik juda ko‘p. Masalan, boshqa kishilarni hurmat qilish, salomlashish, odob-axloq kabi tomonlari o‘zbeklarga o‘xshab ketadi. Shu sababli bizning kirishib ketishimiz oson.

Farqli jihati sifatida bu xalqning qattiqqo‘lligini keltirish mumkin. Bu yerda kechikish mumkin emas. Aytgan gapni, albatta, qilish kerak. Agar bir marta qilmasangiz, ikkinchi marta sizga ishonishmaydi. Bir marta sizga imkoniyat berishadi, boshqa yo‘q. Shuning uchun bu yurtga kelgan yoki kelmoqchi bo‘lgan kishi mana shu narsalarni e’tiborga olishi zarur. Bir marta ishonchni yo‘qotgan kishining yapon jamiyatiga kirishib ketishi qiyin bo‘ladi.

Turli grantlar orqali Yaponiyada ta’lim olish

Yaponiyaga o‘qishga kelmoqchi bo‘lganlar oldida asosan, ikkita yo‘l bor. Birinchisi, yurtimizdagi oliygohlarda o‘qib, ularda mavjud grantlar asosida kelish. Yaponiyaga aloqador grantlar Toshkent davlat yuridik universiteti, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, Jahon tillari, shuningdek, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida ko‘plab topiladi. Grantlar kam sonli bo‘lsa-da, talaba tirishqoq bo‘lsa, ularni yutish, mutlaqo tekin, davlat hisobidan Yaponiyada o‘qish mumkin. Ikkinchi yo‘li, men 11 yil oldin kelgan yo‘l, ya’ni talabalar o‘zlari hujjat topshirib, o‘zlari mustaqil ravishda kelishi kerak. Bunda talaba ingliz tilini bilsa, to‘g‘ridan to‘g‘ri universitet bilan aloqaga chiqib, hujjat topshirishi mumkin.

IELTS’dan yuqori ball to‘plagan bo‘lsangiz, yapon hukumati tomonidan ajratilgan turli grantlarni yutsangiz bo‘ladi. Yaponiyada qabul, asosan, aprel va oktyabr oylarida bo‘ladi. Lekin, 90 foiz qabul aprel oyida bo‘ladi. Ushbu qabul uchun hujjatlar topshirish kuzda boshlanadi. Ular ko‘rib chiqilib, suhbatlardan o‘tgach, apreldan o‘qish boshlanadi.

 O‘quvchilar uyida, maktabda, poyezdda yoki avtobusda qo‘lida kitob bilan yuradi

Yaponiyada talabalar o‘qish uchun kuchli harakat qiladi. Chunki, bu yerda talaba yaxshi o‘qimasa, o‘qishdan haydaladi. Buning natijasida talaba kontrakt puliga kuyib qolishi mumkin. Shuning uchun universitet ustozlari tomonidan bosimlar, urishishlar bo‘lmaydi. Qonun-qoidalar aniq belgilab qo‘yilgani uchun talabalar o‘zlari harakat qilishadi.

Shu o‘rinda o‘rta ta’lim haqida ham ma’lumot berib o‘taman. Bu yerda o‘qish madaniyati juda kuchli. Yosh bolalar ham uyida, maktabda, poyezdda yoki avtobusda qo‘lida kitob bilan yuradi.

Yaponiya texnologiya va IT jihatdan shu qadar rivojlangan davlat bo‘lsa ham, oilalar kitobxonlikka alohida e’tibor berishadi. Dam olish kunlari tuman markazidagi kutubxonalarga oilaviy borib vaqt o‘tkazishadi. Ya’ni kitob o‘qish madaniyati oilaning, hayotning bir qismiga aylanib qolgan.

Migrantlarga yo‘l ochayotgan Yaponiya

Yaponiya mehnat migrantlarini yaqin 10 yildan beri faol qabul qilishni boshlagan. O‘zbekistondan migrantlarni qabul qilish yaqin 2-3 yildan beri yo‘lga qo‘yildi.

Yapon tilini bilishning 1-5 darajalari bor. 1 daraja eng yuqori daraja, 5 daraja eng past daraja hisoblanadi. Migrantlar uchun 4 darajaga ega bo‘lish talab qilinadi. Ya’ni kundalik muloqotda ishlatiladigan so‘zlarini o‘rganish kerak. Kelishdan avval sinov bo‘lib o‘tadi. Sinovdan o‘tsa, shartnoma tuzilib, 3 yildan 5 yilgacha qonuniy mehnat qilish mumkin.

Yaponiya hukumati 14 ta soha bo‘yicha migrantlarni ishga qabul qiladi. Qurilish, qariyalarga qarash, qishloq xo‘jaligi, baliqchilik, o‘rmonchilik kabi sohalarda ishlash mumkin. Ushbu sohalarda ishlash orqali o‘rtacha 2000-2500 AQSh dollari daromad olsa bo‘ladi. Soliq, sug‘urta kabi to‘lovlardan tashqari bir migrant o‘rtacha 1000-1500 AQSh dollar ishlashi mumkin. Narx-navo ham shunga yarasha qimmat. Yaponiyada oylik-maosh 3000-4000 dollar ekanligini ta’ma qilib, ishga yollab qo‘ymoqchi bo‘ladigan firibgarlar ham bor bo‘lib, ulardan aldanib qolishdan ehtiyot bo‘lish lozim.

100 mingdan ortiq ishchi mehnat qiladi

Yuqorida aytganimdek, Tokiodagi NEC Corporation kompaniyasida faoliyat yuritaman. Bu kompaniya Yaponiyadagi eng katta kompaniyalardan biri. 100 mingdan ortiq ishchi mehnat qiladi. 130 dan ortiq mamlakatlarda filiallari mavjud. Asosiy faoliyat sohasi axborot texnologiyalari hisoblanadi. O‘zim ushbu kompaniya xalqaro bo‘limda faoliyat yuritaman. Biz telekommunikatsiya sohasida ishlatiladigan apparatlarni ishlab chiqaramiz.

Yaponiyadagi o‘zbeklar

Yaponiyada o‘zbeklar hali diaspora sifatida shakllanmagan, deb o‘ylayman. Chunki, eng erta kelganlarga ham 20 yil bo‘ldi. Assotsiatsiya doirasida turli tadbirlarda yig‘ilishimiz mumkin. Lekin diaspora bo‘lib turli masalalarda yig‘ilishlar qilish hali u darajada keng yo‘lga qo‘yilmagan. Bu yerda ko‘pchilik talabalarning o‘qishdan bo‘sh vaqti oz bo‘ladi. Ishlayotganlar ham vaqt topishi biroz qiyinroq. Shunga qaramasdan, bu yerdagi vatandoshlarimiz bir-biri bilan anchayin ahil deyish mumkin.

Muzaffar Habibullayev suhbatlashdi

Ko‘proq yangiliklar: