Dehqonobodda kovrak o‘simligini yetishtirib eksport qilayotgan tadbirkorlarning yerlari tortib olindi

Jamiyat 22:00 / 22.07.2021 13309

Ijtimoiy tarmoqlarda Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanida kovrak o‘simligini yetishtirib eksport qilayotgan tadbirkorlarning yerlari tortib olingani haqidagi murojaati tarqaldi. Dehqonobod tumani hokimligi mazkur murojaat bo‘yicha munosabat bildirdi. Unda yozilishicha, tumandagi barcha yer maydoni Pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi hisobiga o‘tib ketgan. Endi kovrak yetishtirmoqchi bo‘lgan tadbirkorlar mazkur qo‘mita bilan shartnoma imzolashi shart.

Qayd etilishicha, Dehqonobod tumanida faoliyat ko‘rsatadigan va kovrak o‘simligini yetishtirib eksport qilib kelgan tadbirkorlar ijtimoiy tarmoqlar orqali prezident Shavkat Mirziyoyevga murojaat bilan chiqishgan. Ular o‘z murojaatida Dehqonobod tumanidan yig‘ilgan kovrakdan har yili 5-6 million dollar eksport qilishganini, biroq ayni kunlarda ularga qarashli yerlar tortib olinganini ma'lum qilishgan va prezidentdan ko‘mak so‘rashgan.

Dehqonobod tumani hokimligining ma'lum qilishicha, tumanda 21 ta eksportyor korxona 2020 yilda umumiy hisobda 4 million 800 ming (kovrak va meva-sabzavotdan), 2021 yilning o‘tgan davrida esa 1,5 million dollar eksportni amalga oshirgan.

Qayd etilishicha, Yer kodeksining 24-moddasi va tuman hokimi qaroriga ko‘ra, tadbirkorlarga yer maydonlari uzoq muddatli ijara asosida berilgan. Biroq prezidentning 2020 yil 2 sentyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi pillachilik va qorako‘lchilikni rivojlantirish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida»gi farmoniga ko‘ra, nafaqat tadbirkorlarning, balki tumandagi barcha – 177 ming gektar yer maydoni qo‘mita ixtiyoriga o‘tgan.

«Shuningdek, 2021 yil 8 iyulda prezidentning «Respublikada mavjud yaylovlardan unumli foydalanish, ipak va junni qayta ishlashni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori e'lon qilingan. Mazkur qarorning 6-bandiga asosan, endilikda jismoniy va yuridik shaxslar qo‘mitaning doimiy egaligidagi yaylovlar hududida dorivor o‘simliklarni, shu jumladan kovrak o‘simligini yig‘ish, ekish va yetishtirish uchun qo‘mita bilan ijara shartnomasi tuzib, unda belgilangan hududlarda rejasini amalga oshirishi belgilab berilgan. Tadbirkorlar mazkur holatdan norozi bo‘lgan taqdirda sudga murojaat qilishi mumkin», deyiladi tuman hokimligi bildirgan munosabatda.

Ko‘proq yangiliklar: