Baliqchida haydovchilar asossiz jarimaga tortilyapti. Mas'ullar o‘z xatosini qachon tuzatadi?

Jamiyat 20:20 / 22.07.2021 18711

Gap shundaki, Boburshoh ko‘chasining ikkita joyidagi – “Xalq banki” filiali binosi va avtoshohbekat yonidagi chorrahaga o‘rnatilgan “To‘xtash taqiqlangan” yo‘l belgilarini olib tashlash haqida shu yil 5 may kuni Baliqchi tuman hokimining qarori qabul qilingan.

Biroq, qariyb uch oydan buyon noqonuniy o‘rnatilgan yo‘l belgilari tufayli avtoulov haydovchilari yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan jarimaga tortilmoqda.

Holat bo‘yicha tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Farruxbek Kunaboyev shunday deydi:

“Baliqchi tumani markazidagi Xalq banki binosi hamda avtovokzal yonidagi chorrahada o‘rnatilgan “To‘xtash taqiqlanadi” belgilari Baliqchi tuman hokimining 2020 yil noyabrda qabul qilingan qarori asosida o‘rnatilgan. Lekin bu qarorlar normativ-huquqiy tusga ega bo‘lishiga qaramay, bevosita adliya bo‘limidan huquqiy ekspertiza o‘tkazilmasdan qabul qilingan.

Biz bo‘lim tomonidan o‘tkazilgan monitoring jarayonida ushbu holatni aniqlab, belgilangan tartibda tuman hokimi nomiga taqdimnoma kiritganmiz.

2021 yilning may oyida ushbu yo‘l belgilarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilinishi ta'minlangan. Ya'ni 12 may kuni 241-sonli tuman hokimining qarori asosida ushbu yo‘l belgilarini o‘rnatish to‘g‘risidagi qaror bekor qilingan.

Tuman hokimining yo‘l belgilari o‘rnatish to‘g‘risidagi qarori bekor qilingan bo‘lsa ham, ya'ni yo‘l belgilarini olib tashlash kerak bo‘lsa ham, mas'ul idoralar bunga e'tibor qaratmayapti, yo‘l belgilari olinmayotgani natijasida fuqarolarga noqonuniy ravishda jarimalar qo‘llanib kelinmoqda.

Bu yo‘l belgilar qonuniy qo‘yilishi uchun, avvalo, tuman avtomobil yo‘llaridan foydalanish unitar korxonasi, ichki ishlar bo‘limi yo‘l harakati xavfsizligi guruhi hamda tuman hokimligi bosh huquqshunosi mas'ul hisoblanadi. Mazkur yo‘l belgilarining tezroq olinishi xalq manfaati uchun xizmat qiladi”, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Farruxbek Kunaboyev.

Baliqchi tuman IIB YHXB idorasiga bordik. Ma'muriy amaliyot inspektori Adhamjon Isaqov biz bilan suhbatda tuman hokimligi tomonidan ma'lum bir joydan yo‘l belgisining olinishi haqida chiqqan qaror tuman avtomobil yo‘llariga xizmat ko‘rsatish idorasi va yo‘l harakat xavfsizligi guruhiga o‘sha kunning o‘zida yetib kelishini bildirdi.

Ne ajabki, tuman hokimining qarori uch oydan beri oralig‘i bor-yo‘g‘i bir kilometr bo‘lgan mas'ul idoralarga yetib kelmayapti ekan... Haydovchilarga esa jarimalar yozilmoqda.

Shu o‘rinda, haqiqiy (yuridik kuchga ega) bo‘lmagan yo‘l belgisi sabab jarima to‘lashga majbur bo‘lgan fuqarolarga o‘z huquqlarini sud orqali ro‘yobga chiqarishga, to‘langan jarimalarni qaytarib olishga imkoniyatlari borligini eslatib o‘tishni lozim topdik.

MJtKning 316-moddasiga ko‘ra, ma'muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish yuzasidan chiqarilgan qaror xususida shu qarorning nusxasi olingan kundan e'tiboran 10 kun ichida shikoyat berilishi mumkin.

Qaror (ma'muriy bayonnoma) chiqarilganiga 10 kundan oshib ketgani vaji bilan shikoyat rad etilishi mumkin.

Ammo, unutmaslik lozimki, mazkur masala Kun.uz'da e'lon qilinguniga qadar, yo‘l belgilarining haqiqiy bo‘lmaganidan haydovchilar bexabar bo‘lishgan. MJtKning ta'kidlangan moddasida 10 kunlik muddat uzrli sabablar bilan o‘tkazib yuborilgan taqdirda, bu muddat shikoyatni ko‘rib chiqishga vakolatli organ (mansabdor shaxs) tomonidan qayta tiklanishi mumkinligi aytiladi.

Bu o‘rinda Andijon viloyat IIB YHXBdan fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklashda tashabbus ko‘rsatishlariga umid bildirib qolamiz.

Elmurod Ermatov,
Kun.uz muxbiri
Tasvirchi va montaj ustasi – Azizbek Ismoilov

Ko‘proq yangiliklar: