SSV tun-u kun ishlayotgan kovid poliklinikalari haqida eslatib, «Tez yordam»ga yuklamani oshirmaslikni so‘radi

Jamiyat 19:09 / 21.07.2021 15012

Mamlakatimizdagi keskin epidemiologik vaziyatni hisobga olib, Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan e'lon qilingan dam olish kunlarida ham aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahar va viloyatlardagi barcha tibbiyot muassasalarining tun-u kun uzluksiz faoliyat olib borishi yo‘lga qo‘yildi. 

Unga ko‘ra:

  • Maxsus SOVID-19 poliklinikalarining to‘laqonli faoliyat yuritishini;
  • mamlakatimizdagi 199ta ko‘p tarmoqli poliklinikalarda uch nafar umumiy amaliyot va bir nafar pediatr shifokori hamda ularga biriktirilgan holda uch nafar hamshira va muolaja xonasiga mas'ul xodimlardan iborat tarkibda 2 smenada tun-u kun navbatchilik tashkil etilishini;
  • barcha oilaviy poliklinikalarda tegishli avtomobillar biriktirilgani holda tun-u kun ishlaydigan 2-3 nafardan oilaviy shifokor va hamshiradan iborat postlar tashkil etilishini;
  • Call-markaz (1003) orqali malakali mutaxassislar koronavirus bo‘yicha aholi tomonidan berilayotgan savollarga tun-u kun to‘liq javob berilishi belgilangan.

Bugungi kunda koronavirus infeksiyasi, pnevmoniya yoki ushbu kasalliklarga gumon qilingan va boshqa yuqumli xastaliklar bilan kasallangan bemorlarni davolash maqsadida mamlakat bo‘yicha jami 82ta maxsus shifoxonalar faoliyat yuritmoqda. 

Kasallik klinik belgilarsiz va yengil kechayotgani sababli uy sharoitida davolanayotgan bemorlar salomatligi nazorati va davolanishini tashkil etish hamda ularga ambulator hamda bemor uyiga borgan holda xizmat ko‘rsatishni tashkil qilish maqsadida 124ta ixtisoslashtirilgan maxsus poliklinikalar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Ularda 222ta “mobil brigadalar” tashkil etilgan.

«Ko‘rilgan chora-tadbirlarga qaramasdan, dam olish kunlarida tez tibbiy yordam xizmatiga murojaatlarning keskin ortganini ko‘rish mumkin. Bu esa koronavirus bilan aloqador bo‘lmagan boshqa murojaatchilarga xizmat ko‘rsatishda qiyinchiliklar ham keltirib chiqarishi mumkin. 

Bu vaziyatda xalqimiz xizmatida bo‘lib turgan tez tibbiy yordam xodimlarining mehnatini va vaqtini, ularga murojaat qilayotgan bemorlarning salomatligini hisobga olgan holda, o‘zida koronavirus alomatlarini sezgan yurtdoshlarimizdan yuqorida faqat shunday bemorlargagina xizmat ko‘rsatadigan muassasalarga ham murojaat qilishni so‘rab qolamiz», deyiladi vazirlik xabarida.

Toshkent shahrining har bir tumanida faoliyat yuritayotgan maxsus poliklinikalarning manzillari va telefon raqamlari haqida ushbu havola orqali ma'lumot olish mumkin.

«Tobora qaltis tus olayotgan COVID-19 pandemiyasi davrida o‘zingiz va yaqinlaringizning sog‘ligini asrang. Unutmang, vaksinatsiya — virusni yengishning yagona yo‘li», deya ta'kidlaydi vazirlik.

Ko‘proq yangiliklar: