«Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 31 maydagi 408-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 74-bandiga asosan, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun mamlakatimiz hududida faqat O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalari avtomototransport vositalarini boshqarish uchun haqiqiy hisoblanadi.
Nizomning 76-bandiga ko‘ra, boshqa xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning hamda O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining xorijiy davlatlarda olgan haydovchilik guvohnomalari O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirishdan oldin ular Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi orqali Tashqi ishlar vazirligida tekshiriladi.
Tekshirish natijasida haydovchilik guvohnomalari tasdiqlangan shaxslarning haydovchilik guvohnomasi, ular tibbiy ko‘rikdan o‘tib, nazariy va amaliy imtihonlarni topshirganlaridan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtiriladi», deydi Adliya vaziri matbuot kotibi Sevara O‘rinboyeva.
2018 yil 31 maydagi 408-sonli qarori bilan tasdiqlangan nizomning 75-bandida belgilanishicha, xorijiy davlatlarning diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari hamda xalqaro, hukumatlararo tashkilotlar vakolatxonalari va xorijiy davlatlarning hukumat tashkilotlari boshliqlari va boshqa xodimlarining (diplomatik va ma'muriy-texnik xodimlarning), shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligida akkreditatsiya qilingan xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillarining Yo‘l harakati to‘g‘risidagi Konvensiya (Vena, 1968 yil 8 noyabr) talablariga javob bermaydigan milliy haydovchilik guvohnomalari belgilangan tartibda Tashqi ishlar vazirligi orqali YHXBBga murojaat qilish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomasiga almashtiriladi. Xorijiy fuqarolarning ushbu toifasi uchun haydovchilik guvohnomalari imtihonlar topshirilmasdan almashtiriladi.
Tegishli bitim mavjud bo‘lgan taqdirda nodavlat notijorat tashkilotlarning xorijiy xodimlariga milliy haydovchilik guvohnomalari Adliya vazirligi orqali YHXBBga murojaat qilish va tibbiy ko‘rikdan o‘tish sharti bilan O‘zbekiston Respublikasining milliy haydovchilik guvohnomalariga almashtirilishi mumkin. Xorijiy fuqarolarning ushbu toifasi uchun haydovchilik guvohnomalarini almashtirish imtihonlar topshirilgandan keyin amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiyada ham xorijlik haydovchilarga Rossiya haydovchilik guvohnomasisiz ishlash taqiqlanadi. Rossiya milliy haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan haydovchiga avtomobil boshqarishni ishonib topshirgan ish beruvchilar 50 ming rubl miqdorida jarimaga tortiladi.