Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmatining ma'lum qilishicha, ayni paytda deputatlar tomonidan muhokama qilinayotgan “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasida davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi takomillashtirilishi ko‘zda tutilgan.
Qayd etilishicha, Sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi tomonidan ikkinchi o‘qishga tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash haqida”gi qonun loyihasi muhokamalar jarayonida maromiga yetkazilmoqda.
“Qonun loyihasi bilan binolarni turar joy sifatida tasniflash, turar joylar va noturar joylar toifasiga o‘tkazish, uy-joy fondini hisobga olish va turar joylarni fonddan chiqarish, davlat uy-joy nazorati, xususiy uy-joy fondining turar joylaridan foydalanish hamda mulkdorlar huquqlarini himoya qilish normalari bilan tartibga solinadi. Bundan tashqari, loyihaga uy-joy qurish, ko‘p xonadonli uylarni qayta qurish va qayta rejalashtirish, fuqarolarni turar joy bilan ta'minlash, uy-joy kooperativlarini tashkil etish va kooperativ uylardan turar joy olish va ulardan foydalanish bo‘yicha aniq normalar kiritilmoqda. Qonun loyihasini takomillashtirishga qaratilgan takliflar tahlil qilinib, loyihaga singdirilmoqda”, deyiladi quyi palata axborot xizmatining xabarida.
Qo‘mita a'zolarining fikricha, loyihaning qabul qilinishi bilan uy-joy to‘g‘risidagi qonun hujjatlarining to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qilishi ta'minlanadi, ushbu sohadagi davlat nazorati mexanizmlari o‘rnatiladi.
Rasmiy relizda davlat va jamoat ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda qurilish, rekonstruksiya qilish va buzish ishlarini amalga oshirish tartibi yanada takomillashtirilishi ta'kidlangan.
Avvalroq Bosh prokuratura boshqarma prokurori Abdurahim Muhiddinov 2020 yilda buzilgan mulklar bo‘yicha kompensatsiya to‘lovlaridan qariyb 443 mlrd so‘m qarzdorlik mavjud bo‘lgani, biroq o‘tgan yilda bu qarzdorlikning atigi 202 mlrd so‘mi yoki 45 foizi mulk egalariga qoplab berilganini aytgandi.
Shu bilan birga, hududiy hokimliklar tomonidan buzilishlar bo‘yicha qabul qilingan 52,6 mlrd so‘mlik 196 ta qarorlarning 76 tasi yoki 39 foizi bo‘yicha amaldagi tartibga rioya etilmagan.
Noqonuniy qarorlar Andijonda 48 ta, Toshkentda 11, Namanganda 7, Jizzaxda 6, Qoraqalpog‘istonda 4, Buxoroda 3 va Qashqadaryoda 1ta qabul qilingan. Buning oqibatida, respublika bo‘yicha 1 338 ta holatda mulk egalaridan 221,5 mlrd so‘m qarzdorlik yuzaga kelib, ularning huquq va manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i Suxrob Yusupov «Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida»gi qonun loyihasida faqatgina «jamoat ehtiyojlari» iborasi qo‘llanilib, O‘zbekiston huquq tizimida o‘rnashib qolgan «davlat va jamoat ehtiyojlari» tushunchasidan voz kechilayotganini ma'lum qilgandi.
Qolaversa, bundan buyon hokimlar «snos» bo‘yicha qaror chiqarish uchun adliya organlaridan ruxsat olishi talab etiladi.