Samarqandda o‘z dalasiga noqonuniy tarzda tamaki ekkan fermerga chora ko‘rildi

Jamiyat 20:11 / 19.07.2021 3116

Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida o‘z tasarrufidagi yer maydonining bir qismiga noqonuniy tarzda tamaki ekkan fermerga chora ko‘rilgan. Bu haqda «O‘zagroinspeksiya»ning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, «O‘zagroinspeksiya»ning Kattaqo‘rg‘on tumani bo‘limi tomonidan 2021 yil hosili uchun rejalashtirilgan ekin turlari ekilishi yuzasidan monitoring tadbirlari o‘tkazilgan. Unda, tumanning «Bo‘ston» muqobil mashina traktor parki hududida joylashgan «Eshturdiyev Sherbek dalasi» fermer xo‘jaligi tomonidan, 2021 yil paxta hosili uchun mo‘ljallangan 6,3 ga yer maydonida noqonuniy ravishda tamaki yetishtirilayotganligi aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan surishtiruvda aniqlanishicha, Kattaqo‘rg‘on tumani hokimining 2021 yil 13 martdagi 230-sonli qaroriga asosan, «Eshturdiyev Sherbek dalasi» fermer xo‘jaligi tomonidan 42 gektar yer maydonida paxta, 33 gektar yerda g‘alla, 8 gektar moyli ekinlar, 7 gektarda sabzavot va 2,5 gektar yer maydonida kartoshka ekish rejalashtirilgan.

Ammo, fermer xo‘jaligi rahbari hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmasdan, moyli ekinlar ekilishi rejalashtirilgan yer maydonining 6,3 gektarida noqonuniy ravishda tamaki, 1,5 gektar yer maydonida makkajo‘xori ekinlarini ekib, parvarishlagan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tuman sudida ko‘rib chiqilgan. Sudning hal qiluv qaroriga asosan, «Eshturdiyev Sherbek dalasi» fermer xo‘jaligi rahbariga nisbatan, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 198-moddasi 1-qismi bilan ma'muriy jazo chorasi belgilangan.

Ko‘proq yangiliklar: