Qashqadaryoda yo‘l harakati qoidalarini buzgan velosiped haydovchisi ikkita mashina to‘qnashuviga sabab bo‘ldi

Jamiyat 13:00 / 19.07.2021 2678

Qarshi shahrida qoidalarni buzib harakatlangan velosiped haydovchisi ikkita mashina ishtirokidagi yo‘l-transport hodisasiga sabab bo‘ldi. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar berdi.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 13 iyul kuni soat 15:30larda Qarshi shahridagi Nasaf va Mustaqillik ko‘chalari kesishgan chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektori Nasaf ko‘chasida velosiped haydovchisi avtomashinalar yo‘liga chiqib ketayotganini ko‘rgan. So‘ng, uni tartibga chaqirmoqchi bo‘lgan vaqtda haydovchi velosipedni o‘ng tomonga qarab harakatlantirgan va «Labo» mashinasining harakatlanishiga xalaqit bergan. «Labo» sekinlashgan paytda uning ortidan kelayotgan «GAZ-53» rusumli yuk mashinasi oraliq masofani saqlamagani sababli «Labo»ni orqa balloni bilan urib yuborib yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘l-transport hodisasida hech kim tan jarohati olmagan. «Labo» va «GAZ-53» haydovchilari viloyat narkologiya dispanserining 2021 yil 13 iyul kunidagi ma'lumotnomasiga asosan spirtli ichimlik iste'mol qilmagani aniqlangan.

Ta'kidlanishicha, holat yuzasidan viloyat IIB YHXB xodimlari tomonidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudiga yuborilgan.

Ko‘proq yangiliklar: