UzbekLife’ning navbatdagi suhbatdoshi Italiyaning Turin shahridagi “Politecnico di Torino” universiteti magistranti Toirxo‘ja Mahamatxo‘jayev bo‘ldi.
Qahramonimiz Toshkent viloyatining Qibray tumanida tug‘ilib o‘sgan.
Suhbatimiz Italiyadagi ta'lim tizimi, uning o‘ziga xosliklari, imkoniyatlari va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
O‘qish va ish faoliyati
Universitetda o‘qish bilan birga ikkinchi kursdan boshlab Turin politexnika universitetining Mexatronika laboratoriyasida kichik muhandis sifatida o‘z mehnat faoliyatimni boshlaganman. Shundan so‘ng Turin politexnika universiteti qoshida tashkil etilgan “Turin Invest Engineering” MChJ xodimlar bo‘limida inspektor lavozimida faoliyat ko‘rsatganman. Shu bilan bir qatorda, bolalar uchun tashkil qilingan robototexnika kurslariga rahbarlik qilganman hamda bolalarga robototexnikadan dars berganman. O‘qishni tamomlagach, mehnat faoliyatimni “UzAvtoSanoat” AJda davom ettirdim. Ushbu kompaniyaga qarashli “MAN Auto-Uzbekistan” Germaniya-O‘zbekiston qo‘shma korxonasida yetkazib beruvchilar uchun javobgar muhandis lavozimida ishlaganman. Bu yerda bir yildan ortiq vaqt davomida mehnat faoliyatini olib borgach, 2019 yilda Italiyaning Turin shahridagi “Politecnico di Torino” universiteti magistraturasi “Engineering and management” yo‘nalishiga o‘qishga qabul qilindim. Joriy yilda magistratura bosqichini muvaffaqiyatli tamomlab, magistr unvoniga sazovor bo‘ldim.
Italiyadagi O‘zbekiston yoshlar assotsiatsiyasi
Shuningdek, men joriy yil tashkil etilgan Italiyadagi O‘zbekiston yoshlar assotsiatsiyasi bosh koordinatori hisoblanaman. Ushbu tashkilotning asosiy maqsadi Italiyada ta'lim olayotgan, faoliyat yuritayotgan va shuningdek, Italiyada ta'lim olishni rejalashtirayotgan yoshlarga yordam ko‘rsatish hisoblanadi. Hozirgi kunga kelib Assotsiatsiya faoliyat doirasi anchayin kengaydi. Italiyaning beshta shahrida, xususan, Turin, Bolonya, Rim, Venetsiya hamda Sitsiliya shaharlarida o‘z koordinatorlarimizni tayinlashga muvaffaq bo‘ldik. Aynan ushbu hududlarda faoliyatimizni kengaytirishni boshlaganimizning asosiy sababi ushbu shaharlarda o‘zbek talabalari ko‘pchilikni tashkil etadi.
13 yillik maktab ta'limi
Italiyada maktab ta'limi uchta bosqichdan iborat bo‘lib, bular Scuola Primaria – boshlang‘ich ta'lim, Scuola Media – maktab ta'limining o‘rta bosqichi hamda Scuola Superiore – maktab ta'limining yuqori bosqichi hisoblanadi. Boshlang‘ich ta'limda o‘quvchilar 5 yil o‘qishadi. Scuola Media’da 3 yil va nihoyat Scuola Superiore’da yana 5 yil, jami 13 yil ta'lim olishadi.
Maktabda yaxshi o‘qish muhim hisoblanadi. Chunki oliy ta'lim olish uchun aynan maktabdagi natijalar, yaxshi baholar talab qilinadi.
Scuola Primaria: ballarsiz baholash tizimi
Italiyada bolalar boshlang‘ich maktabga – Scuola Primaria’ga 6 yoshdan boshlab qabul qilinadi. Barcha bosqichlarni o‘qigach, bolalar o‘rtacha 18-19 yoshlarida maktabni tamomlashadi. Yuqorida aytib o‘tilganidek, bu maktablarda o‘qish muddati 5 yilni tashkil etadi. Dars mashg‘ulotlari sinf xonalarida, 15-20 o‘quvchidan oshmagan miqdorda olib boriladi. O‘quvchilar uchun maxsus forma joriy qilingan bo‘lib, ushbu formada bo‘lish majburiy hisoblanadi.
Primariada baholash tizimi umuman farq qiladi. Bu yerda o‘quvchilar ballik shkala asosida emas, balki so‘z bilan baholanadi. Masalan, har bir o‘quvchi a'lo (Ottimo), yaxshi (Buono), qoniqarli (Sufficiente) va qoniqarsiz (Insufficiente) deya baholanadi. O‘qish yarim yilliklarga bo‘lingan holda olib boriladi. Ya'ni o‘quvchilar har yarim yillik yakunida har bitta fandan test ko‘rinishida imtihon topshirishadi. Bundan tashqari, boshlang‘ich ta'lim muddati yakunlangach, o‘quvchilardan Scuola Media’ga o‘tish uchun ham imtihon olinadi.
Scuola Media: formasiz ta'lim
O‘rta maktabga o‘tgach o‘quvchilardan forma kiyish talab qilinmaydi. Bu yerda tahsil olish 3 yil davom etadi. Scuola Primaria’da o‘tiladigan fanlar soni 6-9 tani tashkil etgan bo‘lsa, Scuola Media’da ushbu miqdor 14 tagacha yetadi. Bu shuni anglatadiki, ushbu bosqichda boladan o‘z ustida ko‘proq ishlab, fanlarni chuqurroq o‘zlashtirish talab etiladi.
Bu yerda ham o‘quvchilar Scuola Primaria’dagi kabi baholanadi: Insufficiente, Sufficiente, Buono, Ottimo. O‘quvchilar faqatgina Scuola Superiore’ga o‘tgachgina baholash tizimiga amal qilinadi.
Scuola Superiore: 10 ballik baholash tizimi
Italiyada maktab ta'limining so‘nggi bosqichi – yuqori maktab bo‘lib, bu yerda ta'lim olish 5 yil davom etadi. Aynan ushbu bosqichda o‘quvchilar so‘z bilan emas, balki 2 dan 10 gacha bo‘lgan baholash tizimida baholana boshlaydilar.
Aynan ushbu nuqtada o‘ziga xos, qiziq bir holatga duch kelishingiz mumkin. O‘quvchilar oladigan eng yuqori baho 10 ballik shkalada 8 hisoblanadi. Ya'ni hech qaysi o‘quvchi, odatda, naqadar a'lo o‘qimasin 10 ball olmaydi. Bu italiyaliklar mentaliteti bilan bog‘liq. Unga ko‘ra faqatgina vunderkindlar, o‘ziga xos g‘ayrioddiy qobiliyat egalarigina 10 ball olishi mumkin deb hisoblashadi.
Majburiy ta'limning so‘nggi bosqichi
Italiya ta'lim tizimida oliy maktablar mavjud bo‘lib, bu bizdagi akademik litsey, kollej va texnikumlarga teng o‘quv maskanlaridir. O‘quvchilar Scuola Media’ni bitirishgach, odatda, 13-14 yoshda bitirishadi, o‘zining kelajakdagi yo‘nalishini tanlashiga to‘g‘ri keladi. Albatta, bu uning yakuniy qarori sifatida emas, balki oliy ta'limda qaysi yo‘nalishda o‘qishini belgilab olishi uchun kerak bo‘ladi.
Bu kabi oliy maktablarda ham o‘qish 5 yil davom etadi. Litseyni tugatgach, talabalar sertifikat olishadi. Texnikum va kasb kollejlarini bitirishgach esa talabalarga maxsus diplom beriladi. Bu diplomni olgan talaba oliy ta'limda o‘qishni davom ettirishni xohlamasa, mazkur diplom bilan o‘z sohasi bo‘yicha mehnat qilishi mumkin.
“Birinchi va so‘nggi qo‘ng‘iroqlar”siz maktab ta'limi
Italiyada maktab ta'limi ko‘plab o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Masalan, bitta sinf bir yil davomida bitta o‘quv xonasida tahsil olishadi, sinf xonalarini o‘zgartirishmaydi. Ya'ni, masalan, O‘zbekiston maktablarida matematika fani uchun alohida sinf xonasi, fizika, kimyo uchun alohida sinf xonalari tashkil etilsa, Italiyada o‘quvchilar bir o‘quv yili davomida bitta xonada, bitta partada o‘qishadi, faqatgina o‘qituvchilar almashishadi.
Yana bir alohida jihati Italiya maktablarida fanlar orasida 5-10 daqiqalik tanaffuslar mavjud emas. Buning o‘rniga, aytaylik 8.30 da dars boshlansa, 11.30 da 20-25 daqiqalik tanaffus beriladi. Har bitta dars mashg‘uloti 1 soat davom etadi.
Italiya maktablarida “lineyka”lar bo‘lmaydi, “Birinchi qo‘ng‘iroq”, “So‘nggi qo‘ng‘iroq” kabi bayram tadbirlari ham o‘tkazilmaydi. Maktabda o‘qish boshlangandan so‘ng o‘quvchilar hech qanday tadbirlarsiz o‘qishni boshlashadi.
Maktabda o‘qish boshlanishining aniq belgilangan sanasi yo‘q. Masalan, bizda birinchi sentyabrdan o‘quvchilar maktabda o‘qishni boshlashsa, Italiyada maktabda o‘qish boshlanishi sentyabr oyining uchinchi haftasi ilk dushanbasi sifatida qabul qilingan.
Italiyada oliy ta'lim
Maktabni bitirgach o‘quvchilar oliy ta'lim olish uchun universitetlarda o‘qishni davom ettirishi mumkin. Universitetda ta'lim olish 3 ta asosiy bosqichlardan iborat bo‘ladi. Bular:
1. Primo Ciclo
2. Secondo Ciclo
3. Terzo Ciclo
Bizda bakalavrga to‘g‘ri keladigan Primo Ciclo (shuningdek Corso di Laurea deb ham ataladi) o‘qish muddati 3 yilni tashkil etadi. Bunda yo‘nalishga qarab 5-6 yildan iborat bo‘lgan bakalavr bosqichi (Corso di Laurea Magistrale a Ciclo Unico) ham bor. Bunga asosan tibbiyot, farmatsevtika kabi tahsil olish odatdagi muddatlardan uzoqroq davom etadigan yo‘nalishlar kiradi.
Primo Ciclo’ni tamomlaganingizdan so‘ng magistraturaga (Secondo Ciclo, shuningdek, Corso di Laurea Magistrale) hujjat topshirishingiz mumkin. Magistraturada o‘qish muddati 2 yilni tashkil etadi. Magistratura bilan bir qatorda darajasi unga teng bo‘lgan Mutaxassislik dasturlari ham mavjud. Ular Master Universitario di Primo Livello deb nomlanadi. Magistraturada asosan iqtisodiyot, huquqshunoslik, biznes, IT kabi sohalarda ta'lim olish mumkin bo‘lsa, mutaxassislik dasturlarida o‘z sohasi bo‘yicha kasbiy-ixtisoslashgan bilimlarni olishadi.
Ta'limning keyingi bosqichi Terzo Ciclo deb nomlanadi. Bunda magistraturani tamomlagan talabalar PhD yoqlash uchun mustaqil tadqiqotlar o‘tkazishadi. Bunda o‘qish davomiyligi tanlangan mavzu bo‘yicha olib boriladigan mustaqil tadqiqot muddatiga qarab 2,3 yilni tashkil etadi.
Bolonya kreditlash tizimi
Italiya ko‘plab dunyoning eng qadimiy universitetlariga ega. Ulardan biri Bolonya universiteti bo‘lib, ushbu universitetda joriy etilgan baholashning kredit tizimi nafaqat Italiyaning, balki dunyoning boshqa ko‘plab oliy o‘quv yurtlari tomonidan ham foydalaniladi. Ya'ni baholashda kredit tizimining vatani Italiya hisoblanadi.
Har bitta fan uchun ajratilgan dars soatlariga qarab ushbu fanga kredit ajratiladi. Dars soatlari qancha uzun bo‘lsa, kredit ham shuncha ko‘p bo‘ladi. Bakalavriatni bitirgan talaba eng kamida 180 kredit yig‘ishi kerak. Bu shuni anglatadiki, har bir talaba o‘quv yili davomida minimal 60 kredit to‘plashi zarur. 180 kredit to‘plagan talabalargina bakalavr diplomini olishlari mumkin.
Magistraturada ham ushbu tizim amal qiladi
Magistraturada tahsil olishda ham kreditlash tizimi amal qiladi. Bu yerda o‘qish muddati 2 yil bo‘lgani sababli kreditning o‘rtacha miqdori ham 120 ni tashkil qiladi.
Bunda diplom ishi uchun alohida ajratilgan kredit ham 120 kredit tarkibida bo‘ladi. Yo‘nalishga qarab har bitta diplom ishi uchun ma'lum kreditlar ajratilgan.
Ham bepul, ham pulli oliy ta'lim
Italiyada oliy ta'lim olishni pulli deyish ham, bepul deyish ham mumkin. Talaba uchun to‘lov kontrakt miqdori “ISEYe” ko‘rsatkichga asosan belgilanadi. Ushbu ko‘rsatkich qanchalik past bo‘lsa, talabaning bepul ta'lim olish imkoniyati ham shunchalik baland bo‘ladi.
ISEYe – bu Italiyadagi bir oilaning yillik daromadini o‘rtacha baholash indeksi hisoblanadi. Masalan, talabaning oilasi o‘rtacha yillik daromadi 23 ming yevrodan kam bo‘lsa, ushbu talaba uchun o‘qish bepul hisoblanadi. ISEYe ko‘rsatkichi qanchalik oshib borsa, talaba to‘laydigan kontrakt to‘lovi miqdori ham shunchalik oshib boraveradi.
Italiya universitetlarida ta'lim olishda o‘rtacha kontrakt to‘lovi 5 ming yevro etib belgilangan. Sizning ISEYe ko‘rsatkichingizga qarab ushbu miqdor o‘zgaradi.
Xorijiy talabalar uchun ham ISEYe ko‘rsatkich amalda
ISEYe ko‘rsatkich faqatgina italiyalik talabalar uchun emas, balki xorijiy talabalar uchun kontrakt to‘lovi to‘lashda asos bo‘lib xizmat qiladi. Aynan shuning uchun ham Italiyada o‘qishni istovchi xorijlik talabalar ko‘pchilikni tashkil etadi.
Italiyada o‘qishni istagan xorijlik talaba o‘z oilasining yillik daromadi to‘g‘risidagi ma'lumotlarni yig‘ishi hamda CAF tashkilotiga taqdim etishi kerak. Ushbu tashkilot sizga ISEYe parificato nomli hujjat tayyorlashda yordam beradi. Ushbu hujjatda sizning ISEYe ko‘rsatkichingiz ko‘rsatib o‘tiladi va aynan ushbu hujjat orqali xorijiy talabalar ham kontrakt to‘lashdan ozod etilishi yoki to‘laydigan miqdorini aniqlab olishi mumkin.
Hududiy moliyaviy yordam dasturlari mavjud
Xorijiy talabalar Italiyada hududlar bo‘yicha moliyaviy yordam dasturlariga ariza topshirishi mumkin. Ya'ni ularning ISEYe ko‘rsatkichlari belgilangan minimal miqdordan past bo‘ladigan bo‘lsa (hududlar bo‘yicha 18 mingdan 23 ming yevrogacha eng kam miqdor hisoblanadi), ular kontrakt to‘lovidan ozod bo‘lish bilan birga, yiliga 5.2 ming yevro stipendiya ko‘rinishida moliyaviy yordam olish imkoniyatiga ham ega bo‘ladi. Ushbu moliyaviy yordamni olishning yagona sharti – talaba o‘z fanlarini vaqtida yopishi kerak bo‘ladi.
Davlatbek Asadov suhbatlashdi.