Koronadayjest: Rossiya va Litva – ortiqcha o‘limlar soni bo‘yicha yetakchi

Jahon 22:11 / 16.07.2021 18379

Sayyora bo‘yicha koronavirusdan zararlanish holatlari soni pandemiya boshidan buyon 190 mln kishiga yetgan. Bu davrda 4 milliondan ortiq kishi virus qurboni bo‘lgan. Butun dunyo bo‘yicha emlanganlar soni 3,7 mlrd kishini tashkil etmoqda, vaksinalarning barcha dozalarini qabul qilib, to‘liq emlanganlar soni esa - bir milliard atrofida.

Kovid yoshlarning buyragiga zarba beradi

Koronavirus nafaqat keksa yoshlilar, katta ehtimol bilan barcha yosh toifasidagilarning sog‘ligiga jiddiy ta'sir ko‘rsatadi: olimlarning hisoblashicha, Britaniyada kovidga chalinib, shifoxonalarga yotqizilgan 50 yoshgacha bo‘lgan bemorlarning 40 foizida buyrak va boshqa organlar faoliyatida muammolar yuzaga kelgan.

Britaniyaning yettita universiteti va sog‘liqni saqlash davlat departamenti mutaxassislari mamlakatdagi uch yuzdan ortiq shifoxonalarida davolangan 73 ming bemorning kasallik tarixlarini o‘rganib chiqishgan va 19 yoshdan 49 yoshgacha bo‘lgan har 10 bemorning 4 nafarida buyrak, o‘pka, yurak va boshqa ichki organlarda asoratlar kuzatilganini aniqlashgan.

«Xulosa shuki, kovid - faqat keksalar va kuchsiz odamlar kasalligi emas. Bu ma'lumotlar tasdiqlaydiki, hatto yoshlar ham, koronavirusga chalinib shifoxonaga tushishsa, bu asoratlardan qiynalishadi, ularning ko‘p qismi keyin ham doimiy kuzatuvda va davolanishda bo‘lishadi», degan tadqiqotga rahbarlik qilgan professor Kalum Sempl.

O‘tgan yilgi birinchi to‘lqin vaqtida kasallikka chalingan barcha yosh toifadagi bemorlarning tarixlarini o‘rgangan tadqiqotchi olimlar kutilganidek bunday asoratlar xavfi 50 yoshga yaqinlashgan bemorlarda juda yuqoriligini aytishgan, ammo boshqa yosh toifalaridagi bemorlarda ham risk kam emas: 40-49 yoshlilarda 44 foiz, 30-39 yoshlilarda 37 foiz.

Koronavirus eng ko‘p buyrakka shikast yetkazadi, bu borada keyingi o‘rinlarda o‘pka va yurak joylashgan.

Rossiya va Litva - ortiqcha o‘limlar bo‘yicha yetakchi

Rossiya va Litva pandemiyaning birinchi yilida ortiqcha o‘limlar soni bo‘yicha yetakchi o‘rinlarda qayd etildi - italiyalik olimlar bir necha o‘n mamlakatdagi ma'lumotlarni tahlil qilishgan. Rossiyada rasman koronavirus tufayli qayd etilgan o‘limlar soni bilan barcha «ortiqcha» o‘limlar soni o‘rtasidagi farq - 300 mingdan ortiqni tashkil etgan.

  • Ortiqcha o‘limlar soni — birorta hududda ma'lum bir davr ichida o‘lim darajasining o‘rtacha bir necha yillik ko‘rsatkichdan og‘ishi. Odatda epidemiya yoki tabiiy ofatlar sababli.

Natijalari juma kuni e'lon qilingan tadqiqot davomida Bolonya universiteti olimlari jamoasi 67 davlatning 2020 yil bo‘yicha ma'lumotlarini hisoblashgan.

Olimlar so‘nggi «tinch» yillardagi ma'lumotlarga asoslangan holda 2020 yilda kutilgan o‘lim ko‘rsatkichlarini hisoblashgan va uni pandemiyaning birinchi yilida ro‘y bergan haqiqiy o‘lim ko‘rsatkichlari va koronavirus qurbonlari soni bilan taqqoslashgan.

Solishtirma ortiqcha o‘lim ko‘rsatkichlari bo‘yicha Rossiya uchinchi o‘rinda - 100 ming aholiga 244 o‘lim. Italiyaliklarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2020 yil oxiriga kelib Rossiyada jami «ortiqcha» o‘limlar 357 mingni tashkil etgan va Rossiya hukumati shundan 56 ming o‘limni rasman kovid bilan bog‘lagan. Farq esa - 300 mingdan ortiq.

Birinchi o‘rindagi Peruda italyanlar har 100 ming kishiga 256,6ta ortiqcha o‘lim hisoblashgan, Yevropada bu borada Bolgariya birinchi o‘rinda - har 100 ming kishiga 249ta ortiqcha o‘lim to‘g‘ri keladi; Shimoliy Makedoniyada bu boradagi ko‘rsatkichlar Rossiyaniki bilan deyarli bir xil, keyinroq Ekvador joylashgan, oltinchi o‘rinni esa Litva egallagan: har 100 ming kishiga 217ta ortiqcha o‘lim, shundan faqat uchdan bir qismidan kamrog‘i kovid tufayli o‘limlar sifatida ro‘yxatga olingan.

Britaniyada o‘tgan yili 82,5 ming ortiqcha o‘lim kuzatilgan (100 ming kishiga 121,6), shulardan faqat 11 ming kishi koronavirus o‘limlari qaydiga kiritilmagan; Ukrainada 40 mingdan ortiqroq ortiqcha o‘lim hisoblangan (100 ming kishiga 90,6), shundan taxminan yarmi kovid statistikasiga kiritilgan.

Ko‘plab davlatlarda haqiqiy ortiqcha o‘limlar soni koronavirusdan vafot etganlar sonidan katta farq qilmoqda (ayrimlarida aksincha), bu yangilik ham emas, lekin italiyalik olimlarning ishi shunisi bilan qadrliki, ma'lumotlar birlashtirildi.

«Bu taqqoslash [...] turli davlatlarning sog‘liqni saqlash tizimlarining inqirozli vaziyatlarda odamlarni test qilish va koronavirus bo‘yicha tashxislash qobiliyati turlicha ekanini ko‘rsatib berdi», deya xulosalaydi Bolonya universiteti jamoasi.

Italiyalik olimlar tadqiqotidagi 67 davlat qatorida Osiyoning Hindiston, Xitoy, Indoneziya, Pokiston, Bangladesh kabi aholisi ko‘p davlatlari kirmagan, bundan tashqari, ushbu tadqiqot Afrikaning biror davlatini qamrab olmagan.

Antikovid ilovalar britanlarning g‘azabini qo‘zitmoqda
Britaniyadagi Test&Trace («test qilish va kuzatish») ilovasi so‘nggi hafta davomida, Angliyada lokdaun to‘liq bekor qilinishi arafasida yarim milliondan ortiq odamga uyda o‘tirish haqida ko‘rsatma yubordi va britaniyaliklarning joniga tegdi, ayniqsa yoshlar bu ilovani smartfonlaridan o‘chirishga kirishishdi.

So‘nggi haftada foydalanuvchi koronavirus tashuvchisi yaqinidan o‘tgan-o‘tmagani haqida ma'lumot beruvchi Test&Trace ilovasi rekord darajada - 520 ming kishiga o‘zini ihotalash bo‘yicha tavsiya yuborgan, bu esa avvalgi haftadagidan 1,5 baravar ko‘proq.

Adam Smit tahlil institutining ma'lumotiga ko‘ra, agar bunday xabar olganlarning barchasi ko‘rsatmani bajarishsa, keyingi haftada uyda o‘tirishga majbur bo‘ladigan britaniyaliklar soni 2,6 millionga yetadi. Ammo aslida qancha britaniyaliklar bu ilovaga qarab ish tutayotganini personal ma'lumotlari maxfiy saqlanishi tufayli aniqlash imkonsiz.

Bildirishnomalar ommaviy yuborilishi allaqachon qo‘shimcha muammolarni keltirib chiqargan: yo‘lovchi transportlari reyslari bekor qilinishi, bir qancha zavodlar vaqtincha yopilishi, personal yetishmasligi tufayli Hitrou aeroportida navbatlar hosil bo‘lishi va hatto Netflix seriali s'yomkasi to‘xtatilishi.

Guardian gazetasi Savanta ComRes kompaniyasiga Test&Trace mavzusi bo‘yicha buyurtma bergan va unda 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan foydalanuvchilarning uchdan bir qismi bu ilovani o‘chirib tashlagani ma'lum bo‘lgan, yana bir qismi esa yaqin kunlarda shunday qilish istagida ekanini bildirgan.

«Ko‘pchilik ilovani u juda sezgir ekani uchun o‘chirmoqda. Ular ko‘plar emlangani va davolanish bo‘yicha yangi metodlar paydo bo‘lganini anglagan holda shunday qaror qilishmoqda. Odamlarning uchdan bir qismi uchun ihotalanish - moliyaviy qiyinchiliklarni anglatadi. Ular daromadlarni yo‘qotishdek real xavf bilan ehtimoli juda past bo‘lgan kasallanish o‘rtasida tanlov qilishiga to‘g‘ri kelmoqda», degan Sun nashriga Adam Smit instituti direktori Metyu Kilkoyn.

19 iyul kunidan Angliyada koronavirus cheklovlari to‘liq bekor qilindi (Birlashgan qirollikning boshqa hududlarida - pandemiya bilan kurash grafigi bo‘yicha), ammo hukumat Test&Trace faoliyatini to‘xtatish niyatida emas.

BBC ma'lumotlariga ko‘ra, dushanba kunidan ilova faqat yangilanadi va unda yangi formulirovka paydo bo‘ladi, unda Test&Trace’ning o‘zni ihotalash haqidagi xabari - buyruq emas, balki tavsiya bo‘ladi. Mutaxassislar yuborilayotgan xabarlar oqimi ortib ketganini ayni vaqtda Britaniyada kasallanganlar soni ortib borayotgani bilan izohlashgan.

Olim-epidemiologlar Test&Trace foydali ilova ekanini ta'kidlashmoqda: nufuzli Nature jurnalida o‘tgan kuzda bu ilova 600 ming kishini zararlanishdan saqlagani va 8 ming kishining hayotini asrab qolgani haqida material e'lon qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: