“Professional dublyaj va o‘zbekchaga o‘girib ovozlashtirish – boshqa-boshqa narsalar” - Elbek Mirzohidov bilan suhbat

Jamiyat 16:40 / 30.06.2021 18393

— O‘zbek dublyaji bir vaqtlar juda yuqori darajada edi. Bugungi kunda unga qanday baho berasiz?

— Haqiqatan ham o‘zbek dublyaji bir paytlar cho‘qqida bo‘lgani to‘g‘ri. Hozirgi kunda o‘zimizning tilimizda tushunarli bo‘lgani uchun dublyaj degan so‘z qolgan, lekin jarayon butunlay o‘zgarib ketgan. O‘zbek tiliga o‘girish, mana shu to‘g‘riroq bo‘ladi. Yana bir to‘g‘riroq nom – “kadr ortidagi ovozlashtirish”.

Dublyajning ovozlashtirishdan farqi – filmda deylik, 27 nafar aktyor ishtirok etgan bo‘lsa, epizodik, ikkilamchi, umuman filmda kimki gapirsa, hammasiga aktyor chaqirilgan. 27 obrazga 27 nafar aktyor ovoz bergan. Ingliz, rus yoki hind tilidagi original ovoz olib tashlangan. Ya'ni obrazlar sof o‘zbek tilida gapira boshlagan.

Hozir unday emas, bitta filmni maksimum 7 nafar aktyor ovozlashtiradi, ya'ni o‘zbek tiliga o‘girib beradi. Bir aktyorga besh-oltitadan obraz tushadi. Bitta aktyor yo‘l-yo‘lakay shuncha obrazga ovoz berib ketadi.

Siz aytgan SSSR davridagi dublyaj hozir qilinmayapti. Chunki u hozirgi paytimizga hamma tomonlama to‘g‘ri kelmaydi. Professional darajada chiqishi uchun unga vaqt, mablag‘ zarur, tomoshabinning tezkor ma'lumot olish ishtiyoqi so‘nadi. Masalan, “Titanik”ni endi chiqdi, deb olaylik. Uni o‘zbek tilida biz ko‘rmoqchimiz. Bilasiz, “Titanik”ning ichida 40ga yaqin qahramon bor, deylik. Uni yozib chiqish bor. Ovoz bilan musiqani qo‘shish, ovoz bilan intershovqinni qo‘shish ishlari bor. Bitta film uchun bularni qilishga salkam ikki oy vaqt ketadi.

— Hozirgi kunda zamonaviy texnologiyalar bilan bir yarim soatlik bitta filmni qancha vaqtda tugatasizlar?

— Agar 5 kishi ovozlashtirsa, masalan, bir kunda tugatiladi.

— Bugungi kunda dublyaj studiyalarining asosiy buyurtmachilari kimlar? Yangi film ishlayotganlarmi yoki telekanallar?

— O‘zbek seriallariga hozir urg‘u berilgan. Shularni tayyorlash asosan, nodavlat studiyalarga yuklanadi. O‘ynagan aktyor, aktrisalar o‘zlari ovoz bera olmaydi. Gapirgan aktyorning ustidan biz o‘qib berishimiz kerak. Buni obrazni ko‘tarib berish, deb atasak bo‘ladi. Chunki o‘ynagan aktyorlar ko‘pi – yangi, endi kirib kelayotganlar, institutda o‘qiydiganlar, o‘qimaydiganlar, ko‘cha tilida aytganda “konfetka”lar. Ular ishtirok etgan filmda ikki og‘iz so‘zni eplab gapira olmaydi. Lekin suratga tushgan. Biz kelamiz-da, chiroyli qilib o‘qib beramiz. Tayyor bo‘lgandan keyin filmni ko‘rgan o‘zbek tomoshabinlari tushunadi. Agar asl shaklida berib yuborsangiz, uni mahsulot ham deb bo‘lmaydi.

— Siz kabi asosiy faoliyati dublyajdan iborat insonlar va sizlarga havas qilgan yosh ijodkorlar bor. Aytingchi, faqatgina shu soha bilan shug‘ullanib ham, tirikchilik qilsa bo‘ladimi?

— Agarda o‘z ishining mutaxassisi bo‘lsa, har yerda o‘z obro‘yi va olayotgan gonorarini to‘g‘ri taqsimlab, o‘ziga to‘g‘ri baho bersa hamda qalam haqini to‘layotgan insonlar ularni to‘g‘ri qabul qilsa – ha. Lekini bor.

Aytaylik, siz o‘zingiz professional emassiz, mas'uliyatsiz insonsiz, faqat tilda “dublyaj birinchi o‘rinda”, deb aytasiz. Kelasiz, ishingizni mas'uliyatsiz bajarib ketasiz. U holda hech kim keyingi safar sizni chaqirmaydi.

Shunday insonlarga aytishim mumkinki, yo‘q, bu ish bilan oilangizni boqa olmaysiz.

Hozirgi yoshlar orasida buni hobbi deb qaraydiganlar bor. Bo‘sh vaqtim bo‘lsa ishlamoqchiman, deyishadi. Yoki “asosiy daromadim to‘ydan, “sezon” yo‘q payti bu bilan ham shug‘ullanaman”, deydiganlarga aytadiganim, agar boshqa ish qilayotgan bo‘lsangiz, o‘sha ishni qiling. Dublyaj professional – kasb sanaladi.

— Qaysi obraz uchun eng ko‘p gonorar olgansiz va qaysi obraz siz uchun eng qadrli?

— Serialda ovoz berayotgan obrazim men uchun qadrli bo‘lganda, aynan o‘sha obraz uchun menga gonorarni pasaytirib berish holati bo‘lgan. U “Chuqur” serialidagi Yamach obrazi edi.

Birinchi mavsumida ishlaganmiz. Keyin gonorarni past qilib berish boshlanganda, yo‘q, bu gonorarga ishlay olmayman, deb ketganman. Avvalo, o‘zbek tomoshabinlariga kirib kelgan Aras Bulut “Ichkari”da serialida Mert bo‘lib kirib kelgan. Undan keyin Yamach bo‘lgan; aslida. Yamach ikkinchi nafas edi. Keyin shu tartibda, shu pulga ishlasangiz ishlang, deyishganda, yo‘q deganman, lekin ular keyinroq avvalgi miqdordagi haq evaziga ishlashda davom etishni taklif qilishdi. Lekin men rozi bo‘lmadim.

— O‘zbek dublyaj san'atida siz tan bergan ikki erkak va ikki ayol aktyor kimlar?

— Ustozim O‘zbekiston xalq artisti Afzal Rafiqov va Sanjar Sa'dullayev. Uchlik bo‘lganda, Behzod Muhammadkarimov kirardilar.

Ayollardan hayot bo‘lganlarida edi, deydigan insonim Oybarchin Bakirova. Bundan tashqari, Dildora Rustamova va Zulxumor Mo‘minova. Gulchehra Jamilova ham baland pog‘onalarda turadilar. Siz sonni cheklab qo‘ydingiz.

Aslida, dublyaj san'atida yurgan professional aktyor, aktrisalar qo‘lda sanoqlimiz. O‘n besh kishi bormiz yoki yo‘q. Hunarmandlarda ustoz-shogird degan an'ana bor, deyishadi. Bu ham shunday o‘tib keladigan narsa, lekin afsuski, hozirgi tezkor zamonda shogird chiqarish an'anasi yo‘qolyapti. Qiziquvchilar ko‘p, lekin ko‘pi betoqat. Shogirdlarga kun bo‘yi diqqat bilan kuzatishni aytamiz. Lekin ular telefon titib, selfi qilib, instagramga qo‘yib o‘tirsa, siz kuzatishni talab qilsangiz, yoqmaysiz.

Yoshlar besabr, ijtimoiy tarmoqdan boshqa dardi yo‘q. Agar shuni xohlasa, bundan ham pul topish mumkin. Professional kasbga aralashishning nima keragi bor?

— Sizda san'atning boshqa sohasidan ketmagan ekanman, degan afsuslanish bo‘lganmi?

— Yo‘q, bo‘lmagan. San'atni tanlaganimga shukur qilganman. Avvalo, inson shukr qilib yashashi kerak. Shukronalik – oliy ne'mat. Ba'zi paytda bir his bo‘ladi. Lekin u bekor tanlabman, degan his emas. Ruhan va jismonan charchash deyish mumkin. O‘ylashimcha, bu hammada bo‘ladi.

Agar dublyaj aktyori bo‘lmaganimda stomatolog yoki tergovchi bo‘lardim.

— Hozir qaysi loyiha ustida ishlayapsiz?

— Mening ilk rejissyorlik ishim “Taraqqiyot” telekanalidagi “Panjara ortida” (“Pobeg”) serialidan boshlangan. O‘shandan beri rejissyorlik faoliyatimni ham olib boryapman.

Hozir aktyorlikda “Abdulhamidxon” (“So‘nggi imperator”) serialini internet tarmog‘i uchun, rejissyorlikda “Qashqirlar makoni”ning “Pistirma”sini qilyapmiz. Bu ham internet tarmog‘i uchun. Yana bir rejissyorlik ishim – “Milliy” telekanali uchun “Sadoqatsiz” seriali va aktyorlik ishim MY5 uchun bir hind seriali.

Abror Zohidov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Otaxon Yusupov.

Ko‘proq yangiliklar: