Jizzax va Buxoroda yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etildi

Jamiyat 17:17 / 28.06.2021 2659

Jizzax va Buxoro viloyatlarida yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik holatlari fosh etilgan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamda DXX Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda, muqaddam firibgarlik jinoyati uchun sudlangan R.M. Sharof Rashidov tumanida joylashgan, zaxiradagi suvli yerni sotayotganda ushlangan. U fuqaro R.ga 16 sotix yerni keyinchalik yer uchastkasi qurish uchun hujjat rasmiylashtirib berishini va'da qilib, evaziga 120 million so‘m olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, Departamentning Buxoro shahar bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro Sh.ni aldab, yer sotish bilan bog‘liq jinoyatni sodir etgan O.K. ushlangan. U Sh.ga «Udirg‘i» aholi punktida joylashgan 9 sotix zaxira yer maydonini firibgarlik yo‘li bilan 4 700 AQSh dollariga sotishni va'da qilib, shundan 4 200 dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: