O‘zbekiston | 11:54 / 24.06.2021
4044
2 daqiqa o‘qiladi

Qashqadaryoda qoidalarni buzib harakatlangan «Malibu» urib yuborgan o‘smir qiz vafot etdi

Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanida qoidalarni buzib tez harakatlangan «Malibu» mashinasi o‘smir qizni urib yuborgan. Oqibatda voyaga yetmagan qiz og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 18 iyun kuni soat 9:00larda 4 K279 To‘damaydon-Chorshanba avtomobil yo‘lining Shahrisabz tumani Quchchi qishlog‘i hududidan o‘tuvchi 25-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.

Yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol tarzda buzib, katta tezlikda harakatlanib kelgan «Malibu» mashinasi yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda – o‘smir qizni urib yuborgan. Oqibatda, qiz og‘ir tan jarohatlari olib, shifoxonada vafot etgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Shahrisabz tumani IIB tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid