6 noyabr kuni Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahridagi klinikada 28 yoshli ayol vafot etdi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsiddinov Kun.uz’ga ma’lum qildi. Unga ko‘ra, Shahrisabz tumani “Xontepa” MFYda yashagan, 1996 yilda tug‘ilgan B.N. tomog‘i shishgani (angina) sabab xususiy poliklinikaga borgan. Klinikaning lor shifokori I.J. ayolning tomog‘iga “tseftriakson” va “deksametazon” dori vositalari aralashmasidan inʼeksiya yuborgan. Shundan keyin bemorning tili tortilib ketgan. Ko‘rsatilgan yordamga qaramasdan bemorning sog‘lig‘i yomonlashib, hodisa joyida vafot etgan. Voqea sodir bo‘lgan joyga Shahrisabz shahar prokuraturasi tergovchisi rahbarligida tergov tezkor guruhi chiqib, hodisa joyi ko‘zdan kechirilgan. Shahrisabz shahar prokuraturasi holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan.
Oldinroq, dunyoda antibiotiklarga chidamlilik ortib borayotgani va bu 2050 yilgacha har yili 10 million odamning o‘limiga sabab bo‘lishi haqida ma’lum qilingan edi.
Kun.uz oldinroq O‘zbekistonda ham antibiotikka o‘rganib qolganlar ko‘pligi va nega rivojlangan mamlakatlarda antibiotik sotish, sotib olish ustidan kuchli nazorat o‘rnatilgani mavzusini o‘rgangandi.