​​​​​​​Bakteriyalar kuchli antibiotiklarga chidamli bo‘lib boryapti. Bu nimaga olib boradi?

Jamiyat 14:24 / 21.10.2024 6168

Ilk antibiotikni 1928 yil Aleksandr Flem kashf qilgan va uni qo‘llash o‘tgan asrning 30-yillaridan boshlangan. Shundan beri qariyb 1 asr o‘tdi va oldin kashf qilingan antibiotiklarning ta’siri bo‘lmay qoldi. Endi insoniyat yangi dorilarni ishlab chiqish muammosi qarshisida turibdi. Bakteriyalarning antibiotikka chidamliligi (BACh) – antimicrobial resistance (ARM) global sog‘liq, oziq-ovqat xavfsizligi va rivojlanishga eng katta tahdidlardan biri sifatida ko‘rilyapti.

Antibiotikka chidamlilik nima degani?

Antibiotikka chidamlilik – bakteriya, zamburug‘, parazit kabilarga antibiotik dorilarining ta’sir qilmay qo‘yishi. Natijada infeksiyalar tez tarqaladi va ularni davolash ancha qiyinlashib qoladi.

2019 yilda kasalliklar ko‘p tarqaladigan mamlakatlarda o‘lim ko‘rsatkichlari antibiotikka qarshi chidamlilik bilan bog‘liq bo‘lgan. BACh hamma mamlakatlardagi sog‘liqni saqlash sohasiga ta’sir qiladi. Faqat uning ta’sir darajasi qayerdadir ko‘p bo‘lsa, boshqa bir yerda kamroq. Eng og‘ir vaziyat Afrikada kuzatiladi. Ayniqsa “superbag” deb ataladigan bakteriyaning ba’zi turlari rivojlanib, davolanishning bir nechta bosqichiga ham chidamli bo‘lib qolgan.

BACh bo‘yicha yuqori darajadagi aniq ma’lumotlar yo‘q. Lekin shunga qaramay, tadqiqotchilar infeksiyali kasalliklar past daromadli davlatlarda ko‘p uchrashini aytadi.

BACh qanday muammoga sabab bo‘ladi?

BACh 2019 yilda dunyo bo‘ylab to‘g‘ridan to‘g‘ri 1,27 million odamning o‘limiga sababchi bo‘lgan va yana 4,95 million o‘limga turli darajada bog‘liq ekani aniqlangan. Jahon banki hisob-kitoblariga ko‘ra, BACh 2050 yilga borib sog‘liqni saqlash sohasini 1 trillion dollar qo‘shimcha xarajatlarga olib borishi mumkin. 2030 yilga borib yiliga 1-3,4 trillion dollargacha yalpi ichki mahsulotda yo‘qotishlarga sabab bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, qo‘shimcha 24 million odamni og‘ir qashshoqlikka yetaklashi mumkin. Prognozlarga ko‘ra, BAChning OIV va OITS yoki malariadan ko‘ra ko‘proq o‘limga sabab bo‘lishi va bu 2050 yilgacha har yili 10 million odamni hayotdan olib ketishi taxmin qilinyapti.

BAChning ortib borishi

Mikroblarning genetik tarkibidagi tabiiy o‘zgarishlar vaqt o‘tib chidamlilikning rivojlanishiga sabab bo‘lyapti. Bu o‘zgarishlarni shunday tushuntirish mumkin: antibiotiklar mikrob hujayrasiga yetib borolmayapti yoki mikroblarni antibiotikka qarshi tura oladigan fermentlarni ishlab chiqaradigan qilib qo‘yyapti. Bunday mikroblar kamroq chidamli bo‘lgan shtammlardan ortib ketyapti. Bakteriyaga o‘xshagan mikroblar genetikasini bir biriga ko‘payishdan ko‘ra boshqa turli yo‘llar bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘tkaza oladi. Shu bilan birga, antibiotiklardan to‘g‘ri foydalanmaslik ham chidamlilik rivojlanishi tezlashishiga ko‘proq sabab bo‘ladi.

Agar antibiotik kursi infeksiyani to‘liq o‘ldirmasa, bu bakteriyaning antibiotik dorilariga qarshi kurasha olish qobiliyatini oshiradi. Agar muolaja juda qisqa, kuchsiz va xato bo‘lsa, bizda mikroblarning chidamliligi oshishi uchun yo‘l qoladi.

Chidamlilikning asosiy sabablari

Odamlarga antibiotik yozmaslik bilan muammo hal bo‘lmaydi. Chunki antibiotiklarning uchdan ikki qismi fermalarda ishlatiladi. Fermalar past sifatli antibiotiklarni uzoq vaqt ishlatadi. Hatto sog‘lom jonivorlarga ham kasallik yuqmasligi va ularning o‘sishi uchun antibiotik qilishadi. Yaqinda qilingan tadqiqotda, Yevropada qishloq xo‘jaligida antibiotiklardan foydalanish keskin tushgani kuzatilgan. Lekin Braziliya, Xitoy va boshqa rivojlanayotgan mamlakatlarda keng qo‘llanmoqda.

BMTning oxirgi ma’lumotiga ko‘ra, atrof-muhit va iqlim o‘zgarishi antibiotikka qarshi chidamlilikning tarqalishida muhim rol o‘ynaydi. Sog‘liqni saqlash, farm sanoati, oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi chiqindilar, ayniqsa, shifoxona yoki qishloq xo‘jaligidagi ishlatilgan suvlar juda muammoli. Ular tarkibida ham antibiotiklar, ham doriga qarshi chidamli bakteriyalar saqlanib qoladi.

Lancet jurnalida nashr qilingan tadqiqotda esa BACh va havo ifloslanishi o‘rtasida bog‘liqlik borligi ko‘rsatilgan. Tadqiqotchilar 166 mamlakatda havo ifloslanishi PM2,5 va BAChni tekshirgan va qaysi davlatda havo ifloslanishi baland bo‘lsa, o‘sha yerda BACh darajasi ham baland bo‘lgan.

Shuningdek, sanitar holatning yomonligi, ichimlik suv yo‘qligi BAChning asosiy hissadori.

Qanday qilib BACh to‘lqinini o‘zgartirish mumkin?

Buning uchun antibiotiklarning global nazorati va shu bilan birga yangi dorilarning ishlab chiqarilishini ham nazorat qilish yechim bo‘la oladi. Buning uchun har yili Butunjahon BACh xabardorligi haftaligi o‘tkaziladi. Bu BACh haqida ma’lumot va tushunchalarni oshirishga qaratilgan yillik global kampaniya. U Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tashabbusi bo‘lib, BACh paydo bo‘lishi va tarqalishini kamaytirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydigan jamoatchilik va siyosatchilar o‘rtasida ilg‘or tajribalarni targ‘ib qiladi.

Kun.uz oldinroq O‘zbekistonda ham antibiotikka o‘rganib qolganlar ko‘pligi va nega rivojlangan mamlakatlarda antibiotik sotish, sotib olish ustidan kuchli nazorat o‘rnatilgani mavzusini o‘rgangandi.

Ko‘proq yangiliklar: