Qashqadaryoda 14 yoshli qizni jinsiy qullikda saqlagan ayol 7,5 yilga qamaldi

Jamiyat 08:33 / 11.07.2024 5928

Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumanida voyaga yetmagan qizni zo‘rlik va tahdid orqali jinsiy qullikda saqlab kelgan ayolga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda Bolalar ombudsmani xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, jinoyat ishlari bo‘yicha Shahrisabz tuman sudida 2009 yilda tug‘ilgan qizga nisbatan sodir etilgan jinsiy jinoyatlar yuzasidan yopiq tarzdagi sud muhokamasi bo‘lib o‘tgan.

Sudning 2024 yil 8 apreldagi hukmi bilan sudlanuvchi N.A. (ayol) Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismining “a, g” bandlari (odam savdosi) hamda 127- moddasining 3-qismida (voyaga yetmagan shaxsni g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilish) ko‘rsatilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 7 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jaosi berilgan.

Sudlanuvchilar A.F. (erkak) va Sh.U. (erkak) Jinoyat kodeksining 118-moddasi 3-qismining “a” bandi (nomusga tegish), 135-moddasi 3-qismining “a, g” bandlari (odam savdosi) hamda 127-moddasining 3-qismi bilan aybli deb topilib, 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilingan.

Mazkur hukm yuzasidan sudlanuvchilar tomonidan apellyatsiya tartibida shikoyat berilgan. Ammo Qashqadaryo viloyati sudi apellyatsiya tartibida mazkur shikoyatlarni ko‘rib chiqqan va birinchi instansiya sudi hukmini o‘zgarishsiz qoldirgan.

Qo‘shimcha qilinishicha, bu toifadagi jinoyatlar uchun javobgarlikning yangi tartibiga binoan mazkur hukm bo‘yicha mahkumlarga nisbatan jazoni yumshatish chorasi qo‘llanilmaydi va jazo to‘liq o‘taladi. Voyaga yetmagan jabrlanuvchi Ch.T.ga jinoyat ishi yurituvi davomida va hozirda Bolalar ombudsmani va tegishli tashkilotlar tomonidan zarur bo‘lgan barcha ijtimoiy huquqiy va psixologik ko‘mak ko‘rsatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning noyabr oyi oxirida Kitob tumanida yashovchi 14 yoshli qiz Shahrisabzda 7 oy majburan saqlangani aniqlangandi. U 2023 yilning may oyidan 15 noyabrga qadar Shahrisabz tumani Xo‘jabog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro N.A.ning uyida zo‘rlik va tahdid orqali turli shaxslar bilan jinsiy aloqa qilishga majburlangan. Keyinchalik qizni jinsiy qullikda saqlab kelgan ayol qamoqqa olingandi.

Ko‘proq yangiliklar: