Xorijga chiqishiga taqiq qo‘yilgan ota farzandi uchun 87 million so‘m aliment pullarini to‘ladi

Jamiyat 19:27 / 23.06.2021 874

Sirdaryo viloyati Xovos tumanida yashovchi ota xorijga chiqishga taqiq qo‘yilgach, farzandi uchun 87 million so‘m aliment pullarini to‘lab bergan. Bu haqda MIB matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, Fuqarolik ishlari bo‘yicha G‘allaorol tumanlararo sudining 2020 yil 4 dekabrdagi ijro hujjatiga ko‘ra, qarzdor E.O.dan bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta'minoti uchun ish haqi va boshqa daromadlarining 1/4 qism miqdorida undiruvchi E.Sh.ga aliment undirish belgilangan.

Mazkur ijro hujjati Xovos tuman majburiy ijro bo‘limi ish yurituviga 2020 yil 5 dekabrda kelib tushgan. Ijro hujjati yuzasidan ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risida qaror qabul qilingan va qaror nusxasi taraflarga yuborilgan.

Qarzdor aliment to‘lovlarini muntazam ravishda to‘liq to‘lab kelib, farzandining voyaga yetguniga qadar bo‘lgan aliment qarzdorligini hisoblab berishni so‘rab, murojaat qilgan. Ijro harakatlari davomida 2021 yil 15 fevralda E.O.ning O‘zbekiston hududidan chiqish huquqlarini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Shundan so‘ng, 16 iyun kuni oldindan to‘lanishi lozim bo‘lgan 117 oylik aliment summalari «mib.uz» dasturi orqali hisoblangan va u 87 million 32 ming so‘mni tashkil etgan. E.O. hisoblangan aliment pullarini o‘sha kunning o‘zida undiruvchi E.Sh.ga naqd pul shaklida topshirgan. Natijada, o‘sha kuni ijro hujjati tomonlarning roziligi bilan tugatilgan.

Ko‘proq yangiliklar: