«Salar» oqova suv tozalash inshooti va kanal bo‘yida joylashgan korxonalar Toshkent viloyatiga ko‘chiriladi

Jamiyat 20:08 / 23.06.2021 6721

Toshkentdagi «Salar» oqova suv tozalash inshooti faoliyatini o‘rganish uchun bosh vazir o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida Hukumat komissiyasi tashkil etildi. «Salar» oqova suv tozalash inshooti va «Salar» kanali bo‘yida joylashgan korxonalarni Toshkent viloyatiga ko‘chirish rejalashtirilgan.

Komissiya joriy yilning 10 iyuliga qadar:

  • «Salar» oqova suv tozalash inshooti va «Salar» kanali bo‘yida joylashgan yuridik va jismoniy shaxslarning belgilangan me'yorlarga muvofiq oqova suv inshootiga ulanganligi hamda ishlab chiqarish jarayonida hosil bo‘ladigan chiqindilarni tashlash bo‘yicha normalarga amal qilish holati;
  • hududdagi korxonalar tegishli ekologik hamda sanitariya qoidalariga mos ravishda faoliyat yuritayotganligini o‘rganish va tahlil qilish;
  • «Salar» oqova suv tozalash inshootining faoliyati belgilangan talablarga muvofiqligi, shu jumladan, uni modernizatsiya qilish orqali saqlab qolish yoki aholi yashash punktiga yaqin bo‘lmagan boshqa hududga ko‘chirish masalasini o‘rganib chiqish;
  • «Salar» oqova suv tozalash inshooti va «Salar» kanali bo‘yida joylashgan va belgilangan normalarga rioya qilmagan holda ishlab chiqarish chiqindilarini oqova suv tarmog‘iga tashlayotgan korxonalarni Toshkent viloyatining Olmaliq shahri va Ohangaron tumani hududidan zarur yer uchastkasi ajratgan holda ko‘chirish bo‘yicha takliflar tayyorlaydi.

«Toshkent shahar suv ta'minot» MChJ matbuot xizmati Kun.uz’ga bergan ma'lumotiga ko‘ra, mazkur hududda faoliyat yurituvchi terini qayta ishlovchi korxonalar va hayvonlar so‘yiladigan kushxonalar kun davomida yiqqan chiqindi aralash suvlarini «Salar» inshootiga tashlashgan va hozirda ularning faoliyati to‘xtatildi.

«Eng achinarlisi, sanoatda qo‘llanuvchi o‘ta kuchli kimyoviy aralashmalar inshootda suvni tozalash jarayonidagi biologik miroorganizmlarni o‘ldirib qo‘ygan va bu inshoot faoliyatiga yetkazilgan eng katta zarar hisoblanadi.

Hozirda inshoot atrofidagi korxonalar faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Shahar ichidagi bunday korxonalar esa hamon oqova suvlarini tozalamay, inshootga tashlamoqdalar», deyiladi ma'lumotda.

Avvalroq, «Salar» to‘yintirish inshootiga turli korxona va tashkilotlar tomonidan oqova suvlar va chiqindilar oqizilishi oqibatida chiqayotgan badbo‘y hid atrofda yashaydigan aholining noroziligiga sabab bo‘ldi.

Shundan so‘ng Bektemir va Salar oqova suv tozalash inshootlariga texnik suvlarni tashlovchi korxonalarda prezident huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha biznes-ombudsman ruxsatiga asosan tekshiruvlar amalga oshirilib, 22 nafar mas'ulga ma'muriy ish qo‘zg‘atilgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: