UzbekLife dunyoning turli nuqtalarida o‘z faoliyatini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘ygan o‘zbekistonlik vatandoshlarimiz bilan suhbatlarni davom ettiradi.
Ana shunday hamyurtlarimizdan biri Sayyora Norbo‘tayeva bugungi kunda AQShning Ogayo shtatida yashaydi. Hozirda “Two dolls cakery” brendi ostida o‘z biznesini ochishga erishgan.
3 oy ichida IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdim
Ziyoli oilada tug‘ilganman. Dadam — yuridik fanlar doktori va professor, onam qalami o‘tkir jurnalist bo‘lganlar. Oilamizda o‘qishga katta e’tibor berilardi. Onam ishlari ko‘p bo‘lishidan qat’i nazar vaqt topib bizni kutubxonalarga olib borardilar. Kelajagimni O‘zbekiston bilan bog‘liq holda ko‘rardim. Til o‘rganib yurtdoshlarimni boshqa davlatlar madaniyatidan boxabar qilishni orzu qilardim. Shu maqsadda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti qoshidagi akademik litseyda o‘qiganman. Hind tiliga juda qiziqardim, shu yo‘nalishda sertifikat ham olganman. Litseydan so‘ng Sharqshunoslik universitetiga hujjat topshirdim, afsuski balim biroz kamlik qilgani uchun talabalik nasib qilmadi. Fikrimni o‘zgartirgan narsa – mendan past ball olgan yaqin dugonamning o‘qishga kirib ketishi bo‘ldi. Dugonam uchun xursand bo‘ldim, lekin haqiqat yo‘qligidan ko‘nglim cho‘kdi. Chunki yillar davomida talaba bo‘lish ishtiyoqi meni tinimsiz izlanishga, til o‘rganishga undagandi.
O‘sha paytlarda singlim Amerikaga ketish taraddudida yurgandi. Albatta, uyimizdagilar qarshi bo‘lishdi bunga: singlimning hali yosh ekanligi va qiz bola xorijda qanday yashashi ota-onamni xavotirga solardi. Lekin u baribir ularni ishontirdi va o‘z maqsadiga yetdi — Amerikaga ketdi. Shundan so‘ng men ham tayyorgarlik ko‘rishni boshlab, 3 oy ichida IELTS sertifikatini qo‘lga kiritdim. Uning ketishi menga ham yo‘l ochib berdi va singlimning yoniga xorijga ketdim. Missuri shtatidagi Community College’ga hujjat topshirib, talaba bo‘ldim. Undan so‘ng Texasda, Ogayo shtatlarida ham ta’lim olishni davom ettirdim.
Amerikada biznes ochish xayolimda ham yo‘q edi
Ko‘pchilik bu yerda pul topish oson deb o‘ylaydi, lekin bu yerda xayolga ham kelmagan qiyinchiliklar borki, o‘qish, ishga joylashish uchun ancha mashaqqat chekishga to‘g‘ri keladi. Birinchidan, Amerikada o‘qish juda qimmat, qiz bola bo‘lsak-da ota-onamizdan pul so‘rashga uyalib o‘zimiz ish qidirdik. Bu yerda talabalar uchun ish vaqti cheklangan. Ishdan so‘ng yarim tungacha dars qilardik. Faqat ta’til paytlaridagina to‘liq ishlab o‘qishimizga to‘lash uchun pul yig‘ardik.
Talabalik davrim juda qiyin kechgan. Ikki yil davomida boshqa millatga, dinga mansub oilalarda ishlaganman. Aniqrog‘i, bolalariga enagalik qilganman, uyini ham tozalaganman, restoranda ham ishlaganman, kutubxonada ham bir muddat faoliyat yuritdim. Turmush o‘rtog‘im ham O‘zbekistondan Amerikaga o‘qish maqsadida kelib xuddi shunday bosqichlarni boshdan kechirgan. U bakalavrda biznes yo‘nalishi bo‘yicha o‘qigan, ammo qiziqishi baland bo‘lgani sabab magistraturani kompyuter yo‘nalishi bo‘yicha davom ettirgan. O‘qish uchun pul topish u uchun ham katta muammo bo‘lgan va turli joylarda ishlashiga to‘g‘ri kelgan.
Amerikada biznes ochish xayolimda ham yo‘q edi. Bu yerga hamshiralik yo‘nalishida o‘qish uchun kelganman.Ammo keyinchalik sohamni “Somputer science” sohasiga o‘zgartirdim. Bu soha bo‘yicha astoydil o‘qishni boshladim, lekin baribir bolalikdagi qiziqish va intilishlar ustun kelarkan. Ich-ichimdan bu sohada o‘zini topolmaganday bo‘laverardim, ishtiyoqim o‘ta yuqori darajada bo‘lmasdi. Yoshligimdan uyda har xil pishiriqlar tayyorlashga qiziqardim. Boshqa sohalarda shuncha o‘qish, o‘rganishlarga qaramay pishirishga bo‘lgan xohishlarim ustun kelaverdi. Shuning uchun uydan turib “Home bakery” ochishga qaror qildim.
Boshida umuman buyurtma tushmadi
“Home bakery” ochish qiyin bo‘lsa kerak, deb o‘yladim va buning uchun nima qilish kerakligi haqida internetdan ma’lumotlar izladim. Buning uchun litsenziya olish kerak ekan. Ya’ni inspektor kelib, uyingizda pishiriqlar tayyorlash uchun sharoit bor-yo‘qligini tekshiradi va xulosa beradi. Lisenziya oldim va ishni boshladim. Lekin boshida umuman buyurtma tushmadi. Harakatimni to‘xtatmasdan turli pishiriqlar, tortlar pishirib, hattoki tekinga tarqatardim. Bundan tashqari reklama uchun flayerlar tayyorlab turmush o‘rtog‘im bilan tarqatib chiqardik. Ishimni 2019 yilning oktyabrida boshlagan bo‘lsam, uzoq kutilgan birinchi buyurtmamni oradan 6 oy o‘tib — 2020 yilning mart oyida oldim. Pandemiya sabab 2020 yilda unchalik band bo‘lmadim, lekin bugungi kunga kelib buyurtmalar ko‘pligidan ulgurmayapman. Hozirda “Two dolls cakery” brendi ostida faoliyat yurityapmiz. Kompyuter sohasida o‘qiganlarim qo‘l kelib, vaqtimni tejash maqsadida “Two dolls cakery” veb-sahifamni ochdim. Bu sahifada mijozlarim ishlarimni ko‘rib, buyurtmalar berishadi. Buyurtmalarni telefon yoki “live chat” orqali qabul qilamiz.
Men uchun quvonarlisi, hozirda “Live chat”da boshqa davlatlardan ham, masalan, Meksika, Chexiya va Rossiyadan buyurtmalar tushyapti. Ular asosan men yashaydigan Ogayo shtatida istiqomat qiluvchi qarindoshlariga shirinlik sovg‘a qilish uchun buyurtma berib, yetkazib berishimizni so‘rashadi. To‘lovni onlayn tarzda o‘tkazishadi va biz shirinliklarni aytilgan manzilga yetkazib beramiz. Boshida kichik buyurtmalardan boshlagan bo‘lsam, hozirda katta to‘ylar uchun ham buyurtmalar olaman. Bu yerning shirinliklari O‘zbekistonning shirinliklaridan ancha farq qiladi. Qo‘shma Shtatlarda odamlar shirinliklarning shakari o‘ta ko‘p bo‘lishini yoqtirishadi. Ko‘pchilik mijozlarim hayron bo‘lishgan boshida pishirgan shirinliklarimni yeb ko‘rib. Bilmaganim uchun boshida ular istagandek tayyorlashga qiynaldim, lekin talablardan kelib chiqib pishirish uslubimni o‘zgartirdim. Endilikda aksariyat mijozlarimdan eshitadigan maqtovlar menga yanada kuch beradi. Biz hozirda Ogayo shtatida yashaymiz. Bu yerning havosi tog‘li hududda joylashgani uchun juda toza.
Bu yerda yashash barcha uchun oson emas – tinimsiz harakat qilish, ishlash kerak bo‘ladi. Bir kun ishlamagan odam och qolishi tabiiy. Bu yerda ko‘pchilik o‘qishining pulini to‘lay olmay qiynaladi. Oliygohlarda darslar juda qiziq va o‘qish masalasida talablar ancha yuqori. Albatta ham o‘qib, ham ishlash qiyin. Buning uchun odamda xohish va iroda bo‘lishi kerak, shunda har ikkalasini ham eplashi mumkin.
Bizda negadir qiz bolani ertaroq turmushga berib “qutulish”ni istashadi
O‘ylashimcha, qiz bolani biron hunar yoki kasb o‘rganmasdan turmushga berilishi xato. Negadir uni turmushga berish orqali yukimiz yengillashadi deb o‘ylashadi. Oilada qiz farzandga ham xuddi o‘g‘il farzand kabi imkoniyatlar yaratish, uning ta’lim olishiga e’tibor berish kerak. O‘qish, kasb tanlash, turmush masalasida ota-onam har doim tanlovni o‘zimizga berishgan. Aksariyat vatandosh qizlarning ota-onasi ularning turmush qurishlaridan xavotirda ekanliklarini eshitardim, lekin bu masalada ham hech qachon majburlash yoki xavotir bildirishmagan. Har doim qo‘llab-quvvatlab, maqsadimizga erishishda yelkadosh bo‘lishgan. Mana, xorijda bo‘lsa-da o‘z baxtimizni topdik. Shu yerda turmush o‘rtog‘im bilan tanishdik, bir-birimizga ma’qul keldik va ota-onalarimiz roziligi bilan turmush qurdik. Turmush o‘rtog‘im ham xuddi o‘zim kabi ta’lim olish maqsadida O‘zbekistondan bu yerga kelgan.
Turmush o‘rtog‘im aslida dasturlash sohasida faoliyat yuritadi. Bir necha yil Amerikadagi bankda o‘z sohasida ishladi, ayni vaqtda sug‘urta kompaniyasida dasturlash bo‘yicha menejerlik faoliyatini olib boradi. Bundan tashqari, turmush o‘rtog‘im ishdan bo‘sh vaqtlarida shirinliklarni yetkazib berish yoki kremlarni tayyorlash kabi kuch talab qiladigan ishlarda o‘z yordamini ayamaydi. Hayotda qanday qaror qabul qilsam ham menga ishonadi va qo‘llab-quvvatlaydi.
“Endi nimaga ham erishardim?” degan fikrga borishmaydi
AQShda menga yoqqan va havasimni keltirgan holat — yoshi kattalar ham xuddi yoshlar kabi shijoat bilan o‘qishadi, bundan uyalish yoki “endi nimaga ham erishardim?” degan fikrga borishmaydi. Oliygohlarda turli yoshdagi talabalarni uchratish hech kimda taajjub uyg‘otmaydi.
Odamlar o‘rta yoshga yetganlarida yoki qariganlarida ham o‘z mutaxassisliklarini o‘zgartirishlari odatiy holga aylangan. Hech qachon ikkilanmasdan o‘ziga begona sohada o‘qib, yaxshi mutaxassis bo‘lib, karera uchun intilayotgan insonlarni ko‘p uchratish mumkin.
Shunday qilib asta-sekinlik bilan hayotimizni yo‘lga qo‘yib oldik. Bu yerda hech narsaga osonlikcha erishilmaydi. Faqat harakat qilib qiyinchilik bilan barchasiga erishish mumkin. Muhimi maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yish va shu yo‘lda harakatdan to‘xtamaslik lozim.
Kelgusida faoliyatimizni kengaytirish niyatimiz bor. AQShning boshqa shtatlarida ham o‘z filiallarimizni ochishni, yetakchi brendlardan biriga aylanishni rejalashtirganmiz.
Gulmira Toshniyozova suhbatlashdi.