YPX xodimlari tomonidan Termiz shahrida «Yoshlar festivali» o‘tkazilishi munosabati bilan yopilgan ko‘chadan chaqiruv bo‘yicha borayotgan tez tibbiy yordam mashinasi o‘tkazilmagan. Mazkur hodisa yuzasidan viloyat IIB YHXB mas'ullari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda «GAI xodimi tez tibbiy yordam avtomobilini sababsiz o‘tkazmasligi – jinoyat» sarlavhasi ostida video tarqatildi. Unda shifokorlar YPX xodimidan tez yordamga chaqiruv bo‘lganini va zudlik bilan aytilgan manzilga yetib borishlari lozimligini aytishgan. YPX xodimi esa ko‘cha yopiqligini aytib, «Sabr qiling», deb javob bergan. Keyin esa «telefonni yig‘ishtiring», deb buyruq bergan.
Ma'lum qilinishicha, hodisa Termiz shahrida sodir bo‘lgan. Qayd etilishicha, joriy yil 15-17 iyun kunlari Surxondaryo viloyatida «Yoshlar festivali» o‘tkazilgan. Shu munosabat bilan YPX xodimlari xizmatga jalb etilib, ayrim ko‘chalarda transport vositalari harakati cheklangan. YPX xodimining Tez yordam mashinasini o‘tkazib yubormagan holati ana shu tadbir paytida, Termiz shahar Navbahor ko‘chasida ro‘y bergan.
Ta'kidlanishicha, hozirda holat yuzasidan Surxondaryo viloyati IIB YHXB mas'ullari tomonidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.