Surxondaryo viloyati Muzrabot tumanida Nexia-3 ro‘parasidan kelayotgan yuk mashinasi bilan to‘qnashib, yonib ketgan.. Oqibatda uning haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Bu haqda viloyat IIB YHXB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 20 iyun kuni soat 4:30larda Muzrabot tumani «Sopollitepa» mahallasi hududidan o‘tuvchi mahalliy ahamiyatga ega 4K 626 avtomobil yo‘lining 30-kilometrida odam o‘limi bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisasi ro‘y bergan.
«Sopollitepa» mahallasida yashovchi 1998 yilda tug‘ilgan B.R. o‘z boshqaruvidagi davlat raqami bo‘lmagan Nexia-3 avtomashinasi bilan «Navbahor-Qo‘ng‘irot» yo‘nalishi bo‘ylab xarakatlanib borib, qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib ketgan.
So‘ng, ro‘paradan xarakatlanib kelayotgan O‘.D. boshqaruvida bo‘lgan «CHACMAN» rusumli yuk mashinasining yo‘liga chiqib ketib, to‘qnashuv sodir etgan. Oqibatda Nexia-3 mashinasida yong‘in chiqqan va uning haydovchisi voqea joyida vafot etgan. Shuningdek, yong‘in tufayli Nexia-3 jiddiy shikastlangan.
Qayd etilishicha, mazkur hodisa yuzasidan Muzrabot tumani IIB YHXB tomonidan surishtiruv o‘tkazilmoqda.