“Erkaklarni tarbiyalash kerak” - oiladagi zo‘ravonlik holatlarida mahalla ishtirokini o‘zgartirish taklif qilindi

Jamiyat 20:55 / 19.06.2021 7609

Tadbirda gender siyosatini yuritishda ilg‘or xorij tajribasi asosida ayollarni zo‘rlik ishlatishdan himoya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalar muhokama qilindi.

Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi Toshkent shahar bosh boshqarmasi boshlig‘i Furqat Mahmudxo‘jayev mahallalarda nuroniylar bilan birgalikda ish olib borish kerakligi haqida o‘z takliflarini bildirdi.

“Tomoshabin pozitsiyasida bo‘lib qarab turganimiz uchun bugun ayollarga nisbatan shunday holatlar yuz beryapti. Zo‘ravonlikka uchraganda ularga yordam qo‘lini cho‘zadigan, boshpana beradigan insonlar ham yo‘q emas. Lekin eng oxirgi nuqtaga kelganda aralashishimiz biroz noto‘g‘ri. Xuddi ajrimda sudga bergandan keyin ularni yarashtirish deyarli imkonsizday. Buning yechimi bitta – erkaklarni tarbiyalash kerak. Aytish qanchalik og‘ir bo‘lmasin, buni tan olish kerak”, – dedi u.

Boshqarma boshlig‘i mahalla raislari zo‘ravonlikka uchrab, ko‘chaga haydalgan ayollarni uyiga qaytarib kiritishni yechim deb qabul qilishlarini tanqid qildi.

“Ba'zida ayolni o‘sha uyga kiritib qo‘yish uni olib chiqib ketishdan ham xavfli bo‘lib qoladi. Mahallalarda ajrimlar ko‘rsatkichini ko‘paytirmaslik uchun shunday qilinadi. Bunday vaziyatda ayolni xavfsiz joyga olib chiqib ketish kerak bo‘ladi. Lekin ularni joylashtirish ham bitta muammo. Reabilitatsiya markazlarida joy topiladi, lekin ularning ham imkoniyati cheklangan. Balki bo‘sh qolgan uylarni shunday ayollar uchun ixtisoslashtirish haqida hokimliklar o‘ylab ko‘rishi kerakdir”, – ta'kidladi Furqat Mahmudxo‘jayev.

Mahmudxo‘jayevga ko‘ra, mahallalarda yoshi katta, nuroniy insonlarning shunday holatlardagi ishtiroki katta ahamiyatga ega.

Ko‘proq yangiliklar: