Suhbatimiz Istanbulda xorijliklarning tadbirkorlik bilan shug‘ullanishi, ish topish, mamlakatga kelishdan oldin nimalarga tayyor bo‘lish va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.
Turizm sohasida faoliyat ko‘rsatyapman
O‘zbekistonning Jizzax viloyati Do‘stlik tumanida tug‘ilganman. Avval kutubxonachi bo‘lib ishlaganman. Ish joyimdagi ba'zi masalalar tufayli hayotimni o‘zgartirishga qaror qildim. Avval Rossiya davlatiga ketib, o‘sha yerda ishlashni niyat qildim. Keyinchalik esa Turkiyaga keldim. Bu yerga kelganimda ilk qilgan ishim xorijliklar bilan shug‘ullanadigan shirkatda bo‘ldi. Bir yil davomida hujjatlarni to‘g‘rilash, deportatsiya ishlari, yashash ruxsatnomasi uchun qilinadigan hujjatlarni tayyorlash jarayonlarida ishladim.
Ayni paytda turizm sohasida faoliyat ko‘rsatyapman. Aniqrog‘i, o‘zbekistonlik tadbirkor tomonidan ochilgan aviakassani yurityapman. Ayni paytda bu shirkatni yanada kengaytirish ishlarini olib boryapmiz.
Bir kunda shirkat ochish imkoni yo‘q
Bu yerda bir kunda shirkat ochish imkoni yo‘q. Ancha jiddiy masala sifatida qarash lozim. Kichikroq tadbirkorlik sub'yekti ochish osondir, ammo mening yo‘nalishimda biroz qiyinchilik bor. Oddiy litsenziya berish uchun ham maxsus xodimlar takror-takror ishxonangizga keladi, tekshiruvlar o‘tkazadi. Moliyaviy imkoniyatlaringiz, yaratayotgan ishchi o‘rningizni ham ko‘zdan kechirishadi. Chipta sotish uchun ochilgan saytingizni ham alohida nazoratdan o‘tkazishadi.
Bu pulni O‘zbekistonda ham topa olaman, deb ortiga qaytib ketyapti
Odamlar orasida “Turkiyada ayollarga ko‘p, erkaklarga esa kam oylik beradi”, degan gap yuradi. Masalan, ayollar 500 AQSh dollari, erkaklar esa 300 AQSh dollari miqdorida oylik oladi. Erkaklar ertalab ishga borib, kech soatlarda qaytib keladi. Ayollarimiz esa haftada 1 kun dam olishga chiqadi, qolgan kunlari 24 soat ishlaydi (tah. Turkiyadagi migrant ayollarning ko‘pchiligi qariyalarga yoki bolalarga enagalik qiladi). Aslida ayollarimizning mehnatiga oylik oz. Ishi esa qiyin. Men shunday deb hisoblayman.
Savolingizga to‘xtaladigan bo‘lsam, aslida ikki toifaga ham ish ko‘p. Ammo, maosh oz. Ko‘pchilik bu pulni O‘zbekistonda ham topa olaman, deb ortiga qaytib ketyapti. Agar Turk lirasi va AQSh dollari orasidagi tafovut barqarorlashsa, bu yerda ham ishlovchilar soni yana ko‘payadi.
Turkiya aviakompaniyalar bilan ishlashni afzal ko‘raman
Haqiqatda koronavirus pandemiyasi o‘zbek vatandoshlarimizni qiyin vaziyatga solib qo‘ydi. Masalan, ketmoqchi bo‘lgan odam 1 oy oldin tayyorgarlikni boshlaydi. Ishdan bo‘shab, kvartiradan chiqadi va oxirgi puliga bilet oladi. Qo‘lida faqatgina koronavirusga test topshirish uchun pul qoladi. Reys qoldirilgan zahoti esa birinchi bo‘lib menga telefon qilishadi. “Sizning xabaringiz bo‘lishi kerak edi”, deyishadi. Vaholanki, men har kuni yuzlab reysga va yuzlab o‘zbeklarga chipta sotaman. Ularning barchasiga xabar berish imkoni bo‘lmaydi. Lekin ayni paytda bekor qilingan reyslarning kunini o‘zgartirish yoki pullarini qaytarib berish imkoni bo‘lyapti. Ammo ayrimlar chiptani ikkinchi qo‘ldan oladi. Buning o‘zi ham katta muammo. U chiptalarning pulini qaytarib olish yoki boshqa kunga ko‘chirish uchun “birinchi qo‘l” ning ma'lumotlari kerak bo‘ladi.
Ochig‘ini aytish kerak, shunday vaziyatlarda Turkiya aviakompaniyalari hech qanday muammosiz biletlarni boshqa kunga o‘zgartirib beradi yoki bilet pulini qaytarib beradi. O‘zbekiston Havo yo‘llarida esa muammoli vaziyatlar ko‘p. Shu jihatdan men Turkiya aviakompaniyalari bilan ishlashni afzal ko‘raman.
Oyiga 200-300 AQSh dollari yuborish imkonsiz
Turkiyaga kelmoqchi bo‘lganlar, avvalo, uyiga pul jo‘natishni unutib kelishsin. Oyiga 200-300 AQSh dollari yuborib turaman, degan xayollarni miyasidan o‘chirib tashlash lozim. Agar yashash uchun kelishsa, bemalol amallasa bo‘ladi. Aytganimdek, AQSh dollarining Turk lirasiga nisbatan yuqorilab borayotgani iqtisodiy muammolarga sabab bo‘lyapti. Shuning uchun ham ayni paytda ishlashga kelayotganlarga hamma narsaga tayyor bo‘lib kelishlarini maslahat bergan bo‘lardim.
UzbekLife’ning Turkiyadagi kolumnisti
Isfandiyor Burgutboyev suhbatlashdi