Qarshi shahar maktabgacha ta'lim bo‘limining rahbari va 10 nafar xodimi koronavirusga chalingan. Bu haqda Qashqadaryo viloyat Maktabgacha ta'lim boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 18 iyun holatiga ko‘ra Qarshi shahar maktabgacha ta'lim bo‘limi mudiri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Z.Bo‘riyeva hamda bo‘limning 10 nafar xodimi koronavirusga qarshi davolanmoqda.
Qayd etilishicha, kasallikka chalinganlarning holati o‘rtacha. Ulardan besh nafari uy sharoitida, olti nafari esa shifoxonada muolajalarni davom ettirmoqda. Holat yuzasidan tezkor ehtiyot choralari ko‘rilgan hamda to‘liq nazoratga olingan.
Ta'kidlanishicha, ayni paytda Qarshi shahridagi mavjud maktabgacha ta'lim tashkilotlari xodimlari hamda tarbiyalanuvchilari orasida koronavirusga chalinish holati boshqa kuzatilmagan.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida sanitariya hamda karantin qoidalariga qat'iy rioya etish borasida tegishli choralar belgilangan.