Surxondaryoning Sherobod tumanida bu yil g‘alladan bo‘shagan maydonlar 12,2 ming gektarni tashkil etadi. G‘alladan bo‘shagan maydonlar — takroriy ekinlar orqali minglab oilalarga daromad olish imkoni degani.
Tumandagi mazkur g‘alladan bo‘shagan yerlarning 20 foizi takroriy ekinlar uchun fermer va dehqonlarning o‘z ehtiyojlariga sarflanadi. Qolgan barcha yerlar foydalanish uchun boshqa fuqarolarga beriladi.
Takroriy ekin uchun mazkur yerlar birinchi navbatda “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”ga kiritilgan fuqarolarga beriladi. Shuningdek, ehtiyojmand hamda ishsiz bo‘lgan aholi vakillariga ham ajratiladi.
Oilalarning imkoniyatiga qarab bir martalik mavsumiy foydalanish uchun yerlar 20 sotixdan yarim gektargacha beriladi. Ayni kunlarda tumanning qator hududlarida fermer xo‘jaligi dala maydonlaridan yer ajratib berish ishlari boshlab yuborildi.
Jumladan, 4-sektor hududidagi “Botosh” fermer xo‘jaligi dalasida ham seminar tashkil etilib, ushbu daladan yana 51 nafar ishsiz aholi vakillariga 20 sotixdan dehqonchilik bilan shug‘ullanishlari uchun yer ajratib berildi.
Seminar davomida yer olgan fuqarolarning savollariga O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi o‘rinbosari hamda soha vakillari javob berdi. Shuningdek, mazkur tadbirlarda tuman hokimi Z.Davlatov va takroriy ekin bo‘yicha viloyatdan biriktirilgan vakillar, sektor rahbarlari, hokim o‘rinbosarlari, tumandan biriktirilgan mas'ullar va tuman yer resurslari va davlat kadastri bo‘limi, fermer xo‘jalik rahbarlari ishtirok etmoqda.
Ajratilgan yerlarda hozirda shudgorlash ishlari boshlangan.
Sherobodda ehtiyojmand, ishsiz aholi qatlamini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularga zarur daromad manbai yaratish, o‘z tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlari uchun ko‘maklashish maqsadida qilinayotgan bu kabi tashabbuslar birinchi marta emas. 2020 yilda ham ko‘plab aholi xuddi shu yo‘sinda dehqonchilik qilib foyda olgan.
Xususan, “har bir yoshga bir gektar” loyihasi asosida yoshlarga bir gektardan yer ajratib berilgan va bu ijobiy natija bergan edi.
Sherobod tuman hokimligi axborot xizmati Ⓣ