Empadronamiento - u nima va qanday imkoniyatlar beradi?

Jamiyat 14:10 / 17.06.2021 4378

Shuningdek, hujjat Ispaniyada noqonuniy yashab turgan migrantlarga ham beriladi va ularni ko‘plab huquqiy muammolardan himoya qiladi.

UzbekLife uchun bugun ushbu hujjat, uni olish tartibi, u taqdim etishi mumkin bo‘lgan imkoniyatlar haqida ma'lumot beraman.

 Empadronamiyento nima?

Qisqa qilib aytganda, empadronamiyento Ispaniyada sizning yashash joyingizni ko‘rsatuvchi rasmiy hujjatdir. Bu Ispaniyaga o‘qish yoki ishlash uchun kelganingizda olinishi kerak bo‘lgan asosiy hujjatlardan biri hisoblanadi.

Bu hujjat nega kerak?

Chunki Ispaniyaga kelganingizdan keyingi ko‘plab huquqiy jarayonlarda mazkur hujjatni taqdim qilishingiz talab etiladi. Masalan, ishlash ruxsati uchun ariza topshirish kabi ko‘plab immigratsiyaga oid jarayonlarda empadronamiyento so‘raladi.

Bu qonundagi tartibga muvofiq, ya'ni o‘zingiz yashab turgan provinsiyadagi immigratsiya idorasi orqali ariza topshirayotganingizning isboti bo‘lib xizmat qiladi.

 Aynan qanday jarayonlarda bu hujjat kerak bo‘ladi?

 Empadronamiyento quyidagi hollarda talab etiladi:

  • Yashash ruxsati kartasiga ariza topshirishda;
  • Tibbiy sug‘urta kartasini olishda;
  • Ispaniyada turmush qurishda;
  • Avtomobil sotib olishda;
  • Farzandingizni maktabga berishda;
  • Hukumatning ba'zi moddiy yordamlari va subsidiyalarini olishda.

 Bu hujjatni qachon va qayerdan olish kerak?

Empadronamiyentoni Ispaniyaga kirgandan so‘ng imkon qadar ertaroq olish tavsiya etiladi. Mas'ul idoralar turli qonuniy muammolarning oldini olish uchun ushbu hujjatni Ispaniyaga kirgandan keyin 2-3 kun ichida olishni tavsiya qiladi. Lekin bunchalik tez olishga imkon yoki vaqt topa olmay qolsangiz, 1-2 hafta yoki oyda olishingiz ham mumkin. Masalan, biz Ispaniyaga kelganimizdan keyin bir yarim oy o‘tib bu hujjatni olganmiz.

E'tiborga olish muhimki, agar 1 yil ichida 183 kundan ortiq Ispaniyada bo‘lsangiz, qonunan ushbu hujjatni olishingiz shart.

Hujjatni siz rasman yashab turgan shahringiz ma'muriyati (town hall yoki city council) beradi. Bunda shahar ma'muriyatiga borib, o‘zingiz yashab turgan manzilni aytib, ma'muriyatda ro‘yxatdan o‘tasiz va shu zahotiyoq sizga empadronamiyento taqdim etiladi.

Biz yashaydigan Jirona shahri ma'muriyati ayvoni. Ispaniyada tug‘ilgan farzandimizni ro‘yxatdan o‘tkazish va empadronamiyento olish uchun navbatda turgan vaqtim (kuz oxirida) suratga olganman. Koronavirus sababli navbat kutayotganlar faqat ayvonda turishi, bino ichiga kirmasligi kerak edi. Ayvonni isitish uchun soyabonga o‘xshash isitkichlar o‘rnatilgan.

 Shahar ma'muriyatida ro‘yxatdan o‘tish uchun qanday hujjatlar taqdim etiladi?

Ma'muriyatda ro‘yxatdan o‘tish uchun taqdim etiladigan hujjatlar shaharga qarab biroz farq qiladi, lekin aksariyat hollarda bir xil bo‘ladi. Aynan qanday hujjatlar taqdim qilinishi kerakligini shahar ma'muriyatiga telefon qilib yoki borib, yoxud saytiga kirib ko‘rib olishingiz mumkin.

Odatda sizdan quyidagi hujjatlarni taqdim qilish so‘raladi:

  • Pasport yoki boshqa shaxsni tasdiqlovchi hujjat;
  • Ro‘yxatdan o‘tish shakli (ma'muriyatda o‘zlari beradi, siz to‘ldirib berasiz);
  • Agar Ispaniyada uyingiz bo‘lsa, uyning oldi-sotdi shartnomasi (asli va nusxasini olib borasiz);
  • Agar ijarada yashayotgan bo‘lsangiz, ijara shartnomasi (shartnomaning asli va nusxasini olib borasiz).

Ko‘pgina shaharlarda uy egasiga ijara uchun 2 oylik depozit summa berganingizni tasdiqlovchi hujjat (bergan bo‘lsangiz shartnomada yozilgan bo‘ladi) va uy ijarasi uchun qilgan oxirgi to‘lovingizni tasdiqlovchi hujjatni olib borishingiz kerak. Biz yashab turgan Jirona shahrida ham xuddi shu hujjatlar so‘ralgan.

Agar Ispaniyada uyingiz ham, ijara shartnomangiz ham bo‘lmasa, ijara shartnomasiga (yoki uyga) ega biror kishi sizning o‘zi yashab turgan manzilda ro‘yxatga olinishingizga ruxsat beruvchi shakl to‘ldirib berishi mumkin. Bu shakl ijara shartnomasi o‘rnini bosadi. Bunda mazkur shakl bilan birga ruxsat berayotgan kishining shaxsini tasdiqlovchi hujjat ham kerak bo‘ladi.

Yuqoridagi hujjatlar taqdim etilgach, shahar ma'muriyati sizni ro‘yxatga oladi va shu zahotiyoq empadronamiyentoni taqdim qiladi.

Empadronamiyento Ispaniyada noqonuniy yashayotganlarga eng yaqin ko‘makdosh

Qiziq jihati shundaki, shahar ma'muriyati sizni ro‘yxatga olishda Ispaniyada qonuniy yoki noqonuniy yashayotganingizga qiziqmaydi, bu haqda birorta ham ma'lumot so‘ramaydi. Noqonuniy yashab turgan bo‘lsangiz ham, kerakli hujjatlarni topshirsangiz, sizni ro‘yxatga olib, empadronamiyentoni taqdim qilishadi.

Va bu hujjat orqali keyinchalik yuqorida tilga olingan jarayonlarda foydalanishingiz mumkin.

Shuningdek, Ispaniyada ma'lum muddat (vaziyatga qarab, 2 yoki 3 yil yoki boshqa muddat) davomida noqonuniy yashaganlar rasman (qonuniy) yashash ruxsati olishi mumkin (bu jarayon arraigo deb ataladi). Lekin bunda shu muddat davomida Ispaniyada chindan ham yashaganlikni isbotlash kerak. Empadronamiyento esa buning isboti bo‘lib xizmat qiladi.

 Nega shahar ma'muriyati noqonuniy yashayotganlarni ham ro‘yxatga olaveradi?

Birinchidan, mazkur ro‘yxatga olish jarayoni hamda empadronamiyentoning vazifasi noqonuniy yashayotganlarni aniqlashga qaratilmagan. Buning asosiy sababi iqtisodiy va ijtimoiy masalalar bilan bog‘liq. Shahar ma'muriyati o‘z rezidentlari sonini shu ro‘yxat asosida markaziy hukumatga taqdim qiladi. Hukumat esa shu son asosida har bir rezident uchun ma'lum ijtimoiy xizmatlar (sog‘liqni saqlash markazlari, hududni tozalash ishlari, yo‘llar ta'miri va h.k.)ga pul ajratadi. Ya'ni shahar ma'muriyati o‘z rezidentlarining real sonini bilishdan manfaatdor.

Agar ma'muriyat noqonuniy yashayotganlarni ro‘yxatdan o‘tkazmaganda edi, ularga markaziy hukumat pul ajratmasdi. Bu o‘z navbatida shahardagi kamroq sonli aholiga mo‘ljallangan jamoat xizmatlaridan aslida ko‘proq odam foydalanishiga va bunday xizmatlar tizimida zo‘riqishlarning yuzaga kelishiga sabab bo‘lardi.

Ikkinchidan, hech yerda ro‘yxatdan o‘tmagan, birorta «izi» yo‘q noqonuniy migrantlardan ko‘ra, ro‘yxatga olingan, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari mavjud noqonuniy migrantlar shahar uchun ham, davlat uchun ham qulayroq. Mabodo qandaydir jinoyat yoki ko‘ngilsiz hodisa yuz bersa va bunda noqonuniy migrantning ham ishtiroki bo‘lsa, ularni topish, aniqlash osonroq kechishi mumkin.

Maqsud Salomov,

UzbekLife’ning Ispaniyadagi kolumnisti

Ko‘proq yangiliklar: