Buxoro shahrida hamshiralikka ishga joylashtirib qo‘yishni va'da qilib, firibgarlik yo‘li bilan 1700 AQSh dollarini olgan shaxs qo‘lga olingan. Bu haqda viloyat IIB xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, Buxoro viloyati huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Buxoro shahrida yashovchi, 1994 yilda tug‘ilgan B.M. firibgarlik ustida qo‘lga olingan.
Qayd etilishicha, mazkur ayol viloyat ko‘p tarmoqli kasalxonasi oldida bir fuqaroni aldab, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Buxoro filialiga hamshiralik vazifasiga ishga joylashtirib qo‘yishni va'da berib, undan 1700 dollarni olayotgan vaqtda ushlangan.
Ta'kidlanishicha, mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 2-qismi «b» bandi va 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.