Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Fiskal institut talabalikka qabul qiladi

Iqtisodiyot 15:00 / 15.06.2021 10901

Fiskal institut O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 4 noyabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzurida Fiskal institutni tashkil etish to‘g‘risida»gi PQ-4879-son qaroriga muvofiq o‘zini o‘zi moliyalashtirish shaklidagi davlat oliy ta'lim muassasasi sifatida tashkil etilgan.

Fiskal institut soliqlar va soliqqa tortish sohasi uchun oliy ma'lumotli mutaxassislar va ilmiy kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha tayanch oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi.

Shuningdek, institut moliyaviy nazorat, buxgalteriya hisobi va audit hamda soliq, moliya va tijorat huquqi, shuningdek iqtisodiyotda axborot texnologiyalari sohalarida kadrlar tayyorlash va yuqori darajada fundamental hamda ilmiy-amaliy tadqiqotlar olib borilishini ta'minlaydigan oliy ta'lim muassasasi hamdir.

Fiskal institutga talaballikka qabul hamda bakalavriat ta'lim yo‘nalishida o‘quv jarayoni 2021/22 o‘quv yilidan boshlanadi.

Institut quyidagi yo‘nalishlarda faoliyat olib boradi:

  • soliqqa tortish va moliyaviy nazorat sohalari uchun bakalavriat va magistratura yo‘nalishlari bo‘yicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish;
  • kadrlar tayyorlash borasida xorijiy davlatlarning soliq organlari va o‘quv muassasalari bilan tajriba almashishni kengaytirish hamda qo‘shma ta'lim dasturlarini amalga oshirish, o‘quv-ta'lim jarayoniga xorijiy olimlar va mutaxassislarni jalb qilish;
  • budjet daromadlarini shakllantirishda davlat manfaatlarini hamda soliq to‘lovchilarning huquqlarini ta'minlay oladigan kadrlarni tarbiyalash;
  • soliq organlari uchun ilg‘or axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va avtomatlashtirilgan tahlil uslublari bilan ishlash ko‘nikmasiga ega bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • soliqqa tortish hamda moliyaviy nazorat sohalarida amaliy va fundamental ilmiy tadqiqotlar olib borish, innovatsion loyihalarni keng joriy etish;
  • malakali kadrlar tayyorlashni buxgalteriya hisobi va moliyaviy hisobotning zamonaviy usullari, xalqaro soliqqa tortish, transfert narxlarni belgilash, tavakkalchilikni tahlil qilish, biznes-tahlil texnologiyalari va soliq ma'muriyatchiligida ilg‘or axborot texnologiyalarini qo‘llash asosida tashkil etish;
  • o‘quv jarayonida o‘qitishning zamonaviy shakl va metodlari, shu jumladan pedagogik va axborot texnologiyalarini, masofaviy ta'limni, o‘qitish va treninglarni interfaol hamda muammoli-vaziyatli uslublarni keng joriy etish, talaba, tinglovchi va pedagog xodimlarning global axborot-huquqiy hamda ta'lim resurslaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish.

Institutga qabul parametrlari belgilangan ta'lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklar bo‘yicha bakalavr va magistrlarga bo‘lgan ehtiyojni hududlar va iqtisodiyot tarmoqlari kesimida tahlil qilish asosida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan mustaqil belgilanadi.

Institutga qabul belgilangan tartibda barcha uchun teng huquqlilik, yagona qabul qoidalari va yagona tanlov asosida amalga oshiriladi.

Institutga xorijiy fuqarolarni qabul qilish suhbat asosida amalga oshiriladi.

Fiskal institut 2021/2022 o‘quv yilida ta'limning quyidagi bakalavriat yo‘nalishlarida talabalikka qabul qiladi:

  • Soliq va soliqqa tortish;
  • Buxgalteriya hisobi va audit;
  • Raqamli iqtisodiyot.

Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universiteti bilan hamkorlikda bakalavriat bo‘yicha 4 yillik kunduzgi ta'lim dasturlari va magistratura bo‘yicha 2 yillik kunduzgi ta'lim dasturlari asosidi kadrlar tayyorlanadi.

"Mazkur xalqaro qo‘shma ta'lim dasturini muvaffaqiyatli tugatganlar tegishli yo‘nalish va mutaxassislik bo‘yicha 2 ta diplomga ega bo‘ladi (Double Degree)."

Ta'lim kunduzgi va sirtqi shakllarda, kredit-modul tizimi asosida tashkil etiladi va to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

O‘qish muddatlari:

  • kunduzgi ta'lim shakli uchun 4 yil;
  • sirtqi ta'lim shakli uchun 5 yil.

Kirish imtihonlari iqtisodiy ta'lim blokidagi fanlardan tashkil topadi.

Talabalar uchun quyidagi qulayliklar taqdim etiladi:

  • bitiruvchilarni ish bilan ta'minlashga alohida e'tibor qaratiladi;
  • o‘quv jarayonida ta'limning masofaviy shakllari ham qo‘llaniladi;
  • ikki yil davomida ingliz tili chuqurlashtirilgan holatda o‘qitiladi;
  • talabalar turar joy bilan ta'minlanadi;
  • Rossiya Federatsiyasi Hukumati huzuridagi Moliya universiteti bilan hamkorlikdagi ta'limning 3-4 bosqichlari Rossiya Federatsiyasining Moskva shahrida amalga oshiriladi;
  • dars mashg‘ulotlariga vazirlik va idoralarning yetakchi amaliyotchi mutaxassislari jalb etiladi;
  • o‘quv jarayonining yakuniy bosqichi soliq organlari ma'muriy binolarida tashkil etiladi;
  • ta'lim jarayoni Fiskal institutning eng zamonaviy kampuslarida tashkil etiladi.

Reklama huquqi asosida

Ko‘proq yangiliklar: