Samarqand viloyatida ikki nafar shaxs egalari tomonidan o‘tlatish uchun yo‘l chetiga bog‘lab qo‘yilgan bir nechta qoramolni o‘g‘irlab «Neksiya-3»ga ortib ketgan. Bu haqda viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, 2021 yil 20 may kuni ikki nafar shaxs Oqdaryo tumani «Yangiobod» MFYga qarashli O‘rtaqishloq qishlog‘ida egasi tomonidan o‘tlatish uchun yo‘l chetiga bog‘lab qo‘yilgan qoramolni o‘g‘irlab «Neksiya-3»ga ortib ketgan. Oradan 4 kun o‘tib, 24 may kuni ular Oqdaryo tumaniga yana qaytib kelib, «Yangiravot» MFYga qarashli Uklon qishlog‘ida yo‘l chetiga bog‘lab qo‘yilgan qoramolni «Neksiya-3»ga ortib olib ketmoqchi bo‘lishgan. Qishloq yigitlari ularni ko‘rib qolgach, buqani tashlab qochishgan.
Qayd etilishicha, 25 may kuni ular Oqdaryo tumani «Oqdaryo» MFYga qarashli Dovlon qishlog‘idan navbatdagi qoramolni «Neksiya-3»ga ortib ketgan. Shundan so‘ng ichki ishlar xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor qidiruvda ular ushlangan.
Ta'kidlanishicha, 2021 yil 26 may kuni fuqarolar D.A. va D.S.ga nisbatan Oqdaryo tumani IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilib, ular ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.