Viloyat, shahar va tuman hokimliklari, Yoshlar ishlari agentligi, madaniyat, turizm va sport boshqarmasi, yoshlar ittifoqi hamkorligida “Yangi O‘zbekiston yoshlari, birlashaylik!” shiori ostida yoshlar festivali tashkil qilindi.
Unda besh muhim tashabbus doirasida madaniy-ma'rifiy tadbirlar, tarixchi olimlar bilan uchrashuvlar, kitobxonlik, mushoira kechalari, intellektual bellashuvlar, turli ko‘rik-tanlovlar, yoshlar shoulari, ko‘ngilochar chiqishlar va sport musobaqalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Tadbirlar oldidan Shahrisabz shahridagi madaniyat saroyida viloyat hokimi Zoir Mirzayev va Yoshlar ishlari agentligi mas'ullari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Qashqadaryodagi yoshlar festivali Shahrisabz shahrida start olgan "Yurish marafoni" bilan boshlandi.
Festival ishchi guruhi a'zolari "Ko‘kgumbaz" obidasida joylashgan Amir Temurning ustozi Shayx Shamsiddin Kulol va Sayidlar maqbarasini ziyorat qildilar. Jonliq so‘yilib, ajdodlar ruhiga Qur'on tilovat qilindi.
Yoshlar festivalining birinchi kunida "Hazrati Sulton" cho‘qqisiga O‘zbekiston va yoshlar festivali bayroqlari o‘rnatildi. "Hazrati Sulton" cho‘qqisi 4000 metrdan baland ekanligi manbalarda qayd etilgan.
Shuningdek, «Kitob geologiya milliy tabiat bog‘i»ga yoshlarning sayohati unutilmas taassurotlarga boy bo‘ldi.
Bugun, festivalning ikkinchi kunida yoshlar viloyat hokimi sovrini uchun kibersport o‘yinlari va Yakkabog‘da ot sporti musobaqalarida ishtirok etadilar.
Eslatib o‘tamiz, Qashqadaryoda yoshlar festivali 15 iyun kuni ham davom etadi. Festival yakuni bilan katta galakonsert hamda faol yoshlarni taqdirlash marosimlari ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati Ⓣ