14 iyun kuni AOKAda Xalq ta'limida malaka oshirish tizimining elektronlashtirilishiga bag‘ishlab o‘tkazilgan matbuot anjumanida ishga tushirilgan yangi elektron platforma haqida ma'lumot berildi.
Joriy yilning 1 mart sanasidan boshlab, xalq ta'limi tizimi rahbar va pedagog xodimlari uchun «Hayot davomida o‘qish» tamoyili asosidagi malaka oshirish ta'lim kredit-modul shaklida Uzluksiz kasbiy ta'lim elektron platformasi orqali tashkil etildi. Endilikda o‘qituvchilar yil davomida istagan sharoit va vaziyatda, o‘ziga qulay tarzda o‘z malakalarini oshirishi mumkin.
Elektron platformada rahbar va pedagog xodimlar uchun quyidagi imkoniyatlar yaratilgan:
- Maxsus platforma tas-ix da joylashtirilgani va personal kompyuter bilan birga mobil telefon orqali (android, ios) kirish imkoniyati;
- mustaqil onlayn ro‘yxatdan o‘tish va malaka oshirish;
- har bir tinglovchining shaxsiy kabineti;
- malaka oshirishni boshlashdan oldin kasbiy kompetensiyalar bo‘yicha diagnostikadan o‘tish;
- diagnostika natijalariga asosan individual kasbiy rivojlanish trayektoriyasining shakllanishi;
- individual trayektoriyaga asosan platformadan tomonidan ehtiyojga asoslangan kurslarning taklif etilishi;
- har bir kursdagi alohida mavzu bo‘yicha videodars, taqdimot, adabiyotlar mavjudligi;
- har bir mavzudan keyin o‘zlashtirish darajasini aniqlash imkoniyati (agarda tinglovchi ma'lum mavzuni o‘zlashtirishi past bo‘lsa keyingi mavzular ochilmaydi);
- rahbar va mutaxassislar kamida 30 soat (15 kredit), pedagoglar 36 soat (18 kredit) malaka oshirishdan o‘tgandan keyin malaka oshirganlik to‘g‘risidagi elektron sertifikat;
- har bir tinglovchining natijalaridan kelib chiqib shaxsiy portfoliosi shakllanishi;
- muqobil malaka oshirish shakllaridan foydalanish va uchun muayyan kredit to‘plash imkoniyati;
- malaka oshirish davrida turli vebinarlarda cheklanmagan vaqtda va cheklanmagan tinglovchilar soni ishtirok etishi (bunda tinglovchi onlayn vebinarda ishtirok etmasa vebinarning arxivini ko‘rishi mumkin).
Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari Farhod Karimovning so‘zlariga ko‘ra, bu platforma orqali o‘qituvchining bilim darajasi xolis tarzda baholanadi.
«Tinglovchi kursni o‘zlashtirgach, unga davlat namunasidagi sertifikat beriladi. O‘qituvchiga katta imkoniyatlar ham yaratiladi, masalan u o‘z xohishi bilan boshqa xalqaro platformalarda malakasini oshirsa, yoki o‘zi tayyorlagan o‘quvchi viloyat, respublika, xalqaro olimpiadalarda g‘olib bo‘lsa tegishli ma'lumotni platformaga kiritish orqali o‘qituvchi malaka oshirishdan ozod etilishi ham mumkin», dedi u.