O‘n sakkiz yoshgacha bo‘lgan shaxs 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi. Bu haqda Adliya vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi ma'lum qilmoqda.
Qayd etilishicha, Adliya vazirligiga ayrim fuqarolar murojaat qilib, ularga chet mamlakatlardagi O‘zbekiston konsullik muassasalari tomonidan 18 yoshga to‘lmagan shaxsning o‘z vaqtida fuqarolik pasportini olmaganligi sababli uni ma'muriy javobgarlikka tortish haqida ogohlantirishlar kelib tushayotganligini bildirgan. Mazkur masala yuzasidan vazirlik qonunlarda belgilangan normalarni eslatgan.
Unga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-moddasi beshinchi va oltinchi qismlarida 18 yoshgacha bo‘lgan shaxs 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmasligi belgilangan.
Shuningdek, 18 yoshgacha bo‘lgan, O‘zbekistonda doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan yashash guvohnomasini o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilmaydi.
«Shunga ko‘ra, 16 yoshgacha bo‘lgan shaxs 16 yoshga to‘lishi munosabati bilan o‘z vaqtida pasport yoki yashash guvohnomasini (O‘zbekistonda doimiy yashayotgan chet el fuqarosi va fuqaroligi bo‘lmagan shaxs) o‘z vaqtida olmaganligi uchun ma'muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas», deyiladi vazirlik munosabatida.
Vazirlik qanday holatlarda fuqarolar jarimaga tortilishini eslatgan. Ta'kidlanishicha, Ma'muriy kodeksning 223-moddasiga muvofiq, fuqaroning pasporsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobga turmasdan yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi yoki ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi, shuningdek, O‘zbekistonda yashash guvohnomasiga ega bo‘lgan chet el fuqarosining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning haqiqiy bo‘lmagan yashash guvohnomasi bilan yashashi, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, yashash guvohnomasini qasddan yaroqsizlantirishi, ehtiyot qilib saqlamaganligi oqibatida yo‘qotib qo‘yishi uchun ma'muriy javobgarlik belgilangan.