«Fukusima»dagi avariya Germaniya AESlardan voz kechishiga qanday ta'sir ko‘rsatdi?

Fan-texnika 13:10 / 13.06.2021 44631

DW nashri Yaponiyadagi falokat Germaniyaning energetika siyosatida tub burilish yasagani haqidagi tarixni esladi.

10 yil muqaddam, 2011 yilning 9 iyunida Germaniya hukumati asriy qaror qabul qildi – atom energetikasidan to‘liq voz kechish. Germaniya kansleri Angela Merkel bundestagda chiqish qilib, 2022 yilgacha atom energiyasidan to‘la voz kechish haqidagi besh bosqichli rejani ma'lum qildi. U atom energetikasidan voz kechish haqidagi qarorni «Gerakl qadami» deb atarkan, Germaniya «kelajak elektr energiyasi» tomon katta qadam tashlagan dunyodagi ilk rivojlangan sanoat mamlakati bo‘lishiga ishonch bildirgandi.

Germaniyaning energetika siyosati keskin burilish qilishiga Yaponiyaning «Fukusima-1» atom elektrstansiyasidagi avariya sabab bo‘lgan: kansler bu halokatni «dunyo uchun burilish voqeasi» deb atagandi. «Fukusimadagi avariya yadro energiyasi bilan bog‘liq risklarni nazorat qilib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Buni tan olganlar uni boshqacharoq baholashlari kerak», deya bayonot bergandi Merkel xonim o‘shanda.

«Fukusima»dagi halokat

2011 yil 11 martda Yaponiya tarixidagi eng qattiq yer silkinishi (9,0 magnituda) Tinch okeanida sunami hosil qilgandi. Gigant to‘lqinlar «Fukusima-1» atom elektrstansiyasiga yopirildi. Turli qurilmalar, zaxira generatorlari va batareyalari joylashgan yerto‘lalar suv bilan to‘lgandi.

Natijada stansiyadan quvvat to‘lig‘icha ketadi va favqulodda sovitish tizimi ishlamay qoladi. Keyingi kunlarda stansiyaning olti energoblokining uchtasidan yadro yonilg‘isi sizib chiqadi va u yerda vodorod to‘planib, reaktorlarda aralash moddalar portlashlariga sabab bo‘ladi.

1986 yilda «Chernobil» AESda sodir bo‘lgan halokatdan keyin dunyo yadro energetikasida bunday ko‘lamdagi avariya kuzatilmagandi. Fukusima fojiasi Chernobildagidan farqli o‘laroq, atom energetikasining eng ashaddiy tarafdorlarini ham o‘ylashga majbur qilib qo‘ydi: Yaponiya yuqori xavfsizlik standartlariga ega texnologiyalar mamlakati edi.

Merkelning yadro energetikasiga bo‘lgan ishonchi so‘ndi

«Fukusima»dagi avariyaga qadar diplom bo‘yicha sohasi fizik-yadrochi bo‘lgan Angela Merkel yadro energetikasidan xavfsiz foydalanish mumkin deb bilardi. 2006 yilda u o‘zidan avvalgi kansler bo‘lmish sotsial-demokrat Gerxard Shryoderning 2000 yilda Germaniyadagi AESlarni bosqichma-bosqich yopish haqidagi qarorini qattiq tanqid qilgandi.

«Men har doim atrof-muhitga karbonat angidrid gazini chiqarmaydigan texnik jihatdan xavfsiz bo‘lgan atom elektrstansiyalarini yopishni ma'nisiz deb bilaman. Buni sotsial-demokratlar ham qachondir tushunib yetishadi», deya bayonot bergandi u.

Lekin Yaponiyadagi halokat uning murakkab texnikaning insonning mutlaq nazoratida bo‘la olishi haqidagi ishonchiga putur yetkazdi. Fojiadan uch kun o‘tib, kansler Yaponiyadagi «aql bovar qilmas halokat» tufayli «biz Germaniyadagi AESlardan foydalanish muddati borasida qilgan qarorimizni to‘xtatamiz», deb e'lon qildi.

AESdagi avariya GFRning siyosiy landshaftini o‘zgartirib yubordi

«Fukusima»dagi avariya Germaniyadagi siyosiy landshaftni o‘zgartirib yuborishini Merkelning partiyadoshi Shtefan Mappus his qilib ko‘rdi. Atom energetikasi tarafdori bo‘lgan Baden-Vyurtemberg federal yerlarining bosh vaziri Mappus «Ittifoq 90/Yashillar» partiyasi vakili bo‘lgan Vinfrid Kerchmanga saylovlarda mag‘lub bo‘ldi.

Avvaldan atom energetikasidan voz kechish tarafdori bo‘lgan partiya Germaniyada federal yerlarga konservatorlarning 60 yillik hukmronligidan so‘ng ilk bor g‘alaba qozondi. Uch oy o‘tib, 2022 yilning oxiriga qadar Germaniyada atom energetikasidan voz kechish haqidagi qaror qabul qilindi. Bunga javoban to‘rt kompaniya zararlarni qoplash uchun davlatni sudga berdi.

2021 yilning 8 martida Germaniya iqtisodiyot va energetika vaziri tomonlar kelishishganini e'lon qildi: davlat atom elektrstansiya operatorlariga 2,43 milliard yevro miqdorida tovon pul to‘laydi. Shu tariqa, avvaliga AESlarni yopishni istamagan Merkelning o‘zgargan pozitsiyasi badali soliq to‘lovchilar gardaniga yuklanadigan bo‘ldi.

Muqobil energiya manbalariga keskin tarzda o‘tish

Katta ehtimol bilan «Fukusima»dagi AES avariyasi bo‘lmaganida Germaniya muqobil energiya manbalariga bunchalar tez va keskin ravishda o‘tmagan bo‘lardi. Masalan, Yaponiyaning o‘zida birov atom energiyasidan voz kechish haqida gapirayotgani yo‘q. Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSh kabi davlatlar hukumatlari esa, atom elekrstansiyalarni karbonat angidrid gazini past miqdorda tarqatishini inobatga olib, buni iqlim o‘zgarishi muammolari yechimiga hissa qo‘shish deb qarashmoqda.

Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha davlatlararo ekspertlar guruhi ham shunday nuqtayi nazarda sobit turibdi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish va yadro xavfsizligi bo‘yicha federal vazirlik davlat kotibi Yoxen Flasbart AES yordamida iqlimni himoya qilishni illyuziya deb biladi. Zero, AESlarning dunyodagi energiya bilan ta'minlash borasidagi hissasi juda oz bo‘lib, 5 foiz atrofida.

«To‘g‘risini aytganda, bu kelajakka mo‘ljallangan energiya ta'minoti emas. Bu mamlakatlar (yadro energetikasidan foydalanuvchi – tahr.) tiklanuvchi energiyaning istiqbolidan mahrum bo‘lib qolishmoqda. Bunday qaror qabul qilayotganlar xuddi shunday muammolarga duch kelishadi. Biz buni avtomobil sanoatida his qilib ko‘rdik. Chunki kelajak ichki yonuv dvigatelining o‘zida emasligini kech tushunib yetdik», deydi Flasbart.

Atom energetikasi hammada ham yo‘q

Energetika bo‘yicha mutaxassis Dirk Uve Zauer (Axen texnika oliy maktabi) atom energetikasi o‘zini qoplamasligiga ishonchi komil: «elektr energiyasining liberallashgan bozoriga ega davlatlarda moliyaviy risklar davlat tomonidan qoplansagina AES qurilishi mumkin». Bunga misol qilib Fransiya va Finlandiyani keltirish mumkin. «AES qurish uchun erkin moliyaviy bozorda mablag‘ topishning imkoni yo‘q», deya ta'kidlaydi u.

Yoxen Flasbart rivojlanayotgan mamlakatlarda yadro energetikasining istiqbolini ko‘rmayapti. «Texnologik jihatdan taraqqiy etgan mamlakatlarki, birinchidan, bu texnologiyani o‘zlashtirishda, ikkinchidan, stansiyalar qurilishini raso narx va raso muddatlar amalga oshirishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan bo‘lsa, rivojlanayotgan mamlakatlar haqida nima deyish mumkin?» deya savol qo‘yadi u.

Yadroviy chiqindilar xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha federal tashkilot rahbari Volfram Kyonig ayrim mamlakatlarda yadro energetikasini rivojlantirishning boshqa sabablari borligini gumon qiladi. «O‘tmishda bu texnologiyadan fuqarolik maqsadlarida foydalanishdan tashqari harbiy sohada qo‘llash jihati ham bo‘lgan», deya eslatadi u. «Barqaror siyosiy tizimga ega bo‘lmagan» davlatlarning bunday texnikadan foydalanishida shunday risk mavjudligini istisno qilib bo‘lmaydi.

«Tiklanuvchi manbalar borgan sari arzonlashib bormoqda, atom energiyasi esa, aksincha qimmatlashib ketyapti», deya ishonch bildiradi Yoxen Flasbart.

U hozirdanoq AESdan olinadigan energiya quyosh batareyalari va shamol generatorlari ishlab chiqargan energiya bilan raqobatlasha olmasligi va bu tendensiya kuchayishini ta'kidlagan. «Tiklanuvchan energiya manbalari salohiyati yetarlicha baholanmayapti», deya qayd etadi Flasbart.

Siyosiy konsensusning yirik g‘alabasi

Germaniya 2022 yilgacha yadro energetikasidan voz kechishga, shuningdek, 2038 yilga borib ko‘mir bilan ishlaydigan elektrstansiyalarni yopishga qaror qabul qilgani bois, tiklanuvchi manbalardan olinadigan energiya hajmi tez sur'atlarda oshirilishi shart. Ustiga ustak, ichki yonuv dvigatellaridan voz kechilishi ham elektr energiyasiga bo‘lgan talabni oshirib yuboradi. Energetika bo‘yicha mutaxassis Zauer bunday vaziyatda «ambitsiyalari kuchliroq maqsadlar» qo‘yishni taklif qilmoqda va ularga erishish mumkin deb hisoblaydi.

Yoxen Flasbart Yaponiyaning «Fukusima-1» AESda bo‘lgan avariyadan keyingi voqealar, xususan, mamlakatda yadro energetikasidan to‘la voz kechish haqidagi qarorni «urushdan keyingi Germaniya tarixida konsensusning eng katta yutug‘i» deb atagan. «O‘n yillik ichki jiddiyatlar bir necha oy ichidagina bartaraf bo‘lgan va yadro energetikasidan ko‘p partiyaviy kelishuv tufayli voz kechishga qaror qilingan», deya so‘zlariga yakun yasagan u.

Ko‘proq yangiliklar: