Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan dastlabki xabarlarda tuman IIB YHX bo‘linmasining 4 nafar xodimi Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari, 41 yoshli Azizbek Ahmedovga nisbatan haddan ziyod kuch ishlatganligi sababli uning o‘limiga sabab bo‘lgani aytildi.
Marhumning yaqinlari bu mash'um hodisada tuman yo‘l patrul xizmati xodimlarini ayblashmoqda.
Prokuratura holat yuzasidan JKning 206-moddasi (Mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Kun.uz Kattaqo‘rg‘on tumanida bo‘lib, marhumning kasbdoshlari va yaqinlari bilan uchrashdi, voqea xronologiyasini tiklashga harakat qildi.
Kattaqo‘rg‘on tuman davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Akbarali Qulmirzayev o‘z o‘rinbosari ishda namunali xodim bo‘lgani, hech qachon sog‘lig‘idan shikoyat qilmagani, hattoki kovidga uchramaganini aytib o‘tdi.
Qulmirzayev voqea ish vaqtida sodir bo‘lmagani va boshliq voqea ustida bo‘lmagani sababli, boshqa tafsilotlarni ma'lum qila olmasligi, holat bo‘yicha tergov olib borilayotganini bildirdi.
Biz Azizbek Ahmedov tug‘ilib o‘sgan va tuproqqa qo‘yilgan Qo‘shhovuz mahallasidagi Tolbuloq qishlog‘iga bordik. Aza tutilgan xonadon. Hammaning boshi egik.
Marhumning amakisi Isomiddin Jamolov jiyani 20 yildan buyon soliq idoralarida ishlab kelgani, u shu vaqtgacha birorta tabletka ichmagan va hech qachon sog‘ligidan shikoyat qilmagan baquvvat yigit bo‘lganini ko‘zida yosh bilan ta'kidladi.
Voqea qanday sodir bo‘lgan?
Guvohlarning so‘ziga ko‘ra, 9 iyundan 10 iyunga o‘tar kechasi soat taxminan 12:20 – 12:50larda Kattaqo‘rg‘on tuman markaziga yondosh Kadan shaharchasidagi 4R-243 – Payshanba–Kattaqo‘rg‘on yo‘lining 7-kilometrida YPX xodimlari – tuman IIB yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmasi boshlig‘i, leytenant Mehriddin Qo‘chqorov, katta serjant Shuhrat Xoliqulov, kichik serjant Nodir Ismoilov, kichik serjant Shahboz Rahimberdiyev Azizbek Ahmedov boshqaruvida bo‘lgan 30 B 572 RA raqamli «Cobalt» avtomashinasini 30 X 577 SA raqamli «Spark» avtomobilida qisib to‘xtatishadi. Chunki Kobalt svetoforning qizil chirog‘ida chorrahani kesib o‘tgan edi.
Mashina to‘xatilgan joy – Kadan shaharchasidagi 1-sonli kasb hunar maktabi ro‘parasi. Bu maskan tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha 2-sektor shtabi ham hisoblanadi.
Guvohlarga ko‘ra, 2-sektor shtabi oldida 3- va 4-sektor a'zolari qariyb bir soat torta-tort qilishadi. Spirtli ichimlik ichganlikda gumon qilingan, jismonan baquvvat Azizbek Ahmedovni tibbiy tekshiruvga majburiy olib borishga to‘rt nafar YPX xodimining kuchi yetmaydi. Marhumning yaqinlari taxminiga ko‘ra, Ahmedovni tinchlantirish uchun unga nisbatan bo‘g‘ish sambo qo‘lkurashi usuli qo‘llaniladi, uning boshini pastga bosishadi. Nafas yetishmovchiligidan o‘lim sodir bo‘ladi.
IIV vakillariga ko‘ra, Ahmedovning mashinadan tushib qochmoqchi bo‘lganida yugurgani, undan keyingi uzoq jismoniy tortishuv, havoning dimligi va Ahmedovning spirtli ichimlik ichgani voqeaning ayanchli yakun topishida muhim rol o‘ynagan.
Vazirlik munosabatidagi chalkashliklar
Ichki ishlar vazirligi rasmiy munosabatida bildirishicha, Azizbek Ahmedov xodimlarning to‘xtash ishorasiga bo‘ysunmasdan, yuqori tezlikda harakatlanib yashirinmoqchi bo‘lgan. Rasmiy izohda 4R-243 yo‘lining 7-kilometriga yetganida haydovchi «Cobalt»ni yo‘lning qatnov qismining o‘rtasida to‘xtatib, mashinani tashlab, piyoda qochishga uringani aytiladi.
Lekin biz qo‘lga kiritgan, o‘sha kungi voqeaga oid IIB tezkor xabarnomasida Azizbek Ahmedov to‘xtash ishorasi berilganidan so‘ng to‘xtagani, u YPX xodimlaridan o‘ziga azob bermaslikni baqirib so‘raganidan so‘ng ham YPX xodimlari unga nisbatan kuch ishlatishda davom etib, yuzini pastga qaratgan holda mashinaning orqa o‘rindig‘iga bosib turishgani, shundan so‘ng qisqa muddatda o‘lim yuz bergani qayd etilgan.
Ha, IIB vakillari ta'kidlayotganidek, haydovchi mast bo‘lgandir, lekin nega unga nisbatan kuch ishlatilgan? Voqea uzoq qishloqda emas, qariyb tuman markazida – Azizbek Ahmedovning ishxonasidan to‘g‘ri yo‘l bo‘ylab 965 metr narida sodir bo‘lmoqda. Bunday holatlarda tuman IIBdan yordamchi kuch chaqirsa bo‘lar edi-ku?
Qolaversa, hushidan ketgan insonni YPX xodimlari tez yordamni kutmasdan, voqea joyidan 750 metr narida bo‘lgan kasalxonaga zudlik bilan olib borishi mumkin edi-ku?!
Marhumning qarindoshlari uning jasadida kuch ishlatilganlik izlari borligini ta'kidlashdi. Chunonchi, mayyitni yuvgan qarindoshlar uning ikki qo‘lida barmoq izlari, bo‘ynida va yuzida shilingan jarohatlar borligini aytishdi.
YPX xodimlarining yashirin kuzatuvi
O‘rinli savol tug‘iladi: nega Kadan shaharchasida 4 nafar YPX xodimlari signal chiroqlari bor xizmat mashinasida emas, shaxsiy mashinada patrullik qilayotgan edi?
Ular nima maqsadda bunday yo‘l tutishgan? Eng qizig‘i, bu YPX xodimlari ichida Kattaqo‘rg‘on tuman IIB YHXB boshlig‘i Mehriddin Qo‘chqorov ham borligi.
Samarqand viloyat IIB axborot xizmati boshlig‘i Jahongir Sa'dullayevning tushuntirishicha, 2021 yilning o‘tgan davri ichida Kattaqo‘rg‘on tumanida jinoyatchilik darajasi oshgan, 14 ta avtohalokat sodir bo‘lgan va ularning 2 tasi o‘lim bilan tugagan. Shu sababli tumanda tungi patrullik kuchaytirilgan. Xodimlarning shaxsiy avtomashinalaridan ham xizmatda foydalanishga ruxsat berilgan. Chunonchi, o‘sha kuni YPX xodimlarining xizmat dislokatsiyasi bo‘lgan.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Qariyb yarim yil ichida bir tumandagi 2ta YTH o‘lim bilan tugagani YPX xodimlariga xizmat uchun shaxsiy avtomobilidan ruxsat berish darajasidagi holatmi?
Ayrim taxminlarga ko‘ra, Ahmedovning o‘z o‘rtoqlari bilan oshxonada o‘tirgani va spirtli ichimlik ichgani haqida YPX xodimlariga yashirin tezkor ma'lumot yetkazilgan. Ular soliqchini ataylab poylab turgan bo‘lishgani ehtimoliga tergovda diqqat qaratilishi maqsadga muvofiq.
Bodikamera tasvirlari
IIV xodimlardan birining bodi-kamerasidan olingan tasvirlarni e'lon qildi. Videodan xodimlarning haydovchiga nisbatan muomalasi yomon bo‘lmaganini ko‘rish mumkin, lekin baribir savollar yetarlicha.
Birinchidan, IIV rasmiy munosabatida ta'kidlangan holat – Ahmedovning to‘xtamasdan qochgani bu videoda ko‘rinmagan.
Ikkinchidan, tasvir uzluksiz emas, unda kesilgan va montaj qilingan joylar bor.
Uchinchidan, bizga ma'lum bo‘lishicha, o‘sha kuni 4 nafar xodimdan 3 kishining bodikamerasi ishlamagan. Kimnikidir yechib qo‘yilgan bo‘lgan, yana ikkitasining batareyasi o‘tirib qolgan.
Bu birinchi bo‘g‘ish emas
Tolbuloqliklardan biri ushbu mash'um hodisadan 6 kun muqaddam, 4 iyun kuni ikki nafar YPX xodimi – Shahboz Rahimberdiyev va Shuhrat Xoliqulovning jismoniy bosimiga duchor bo‘lganini aytadi.
Zulfiqor Xonnazarovga ko‘ra, YPX xodimlari uni ham shaxsiy «Matiz» mashinasida yo‘lini qisib to‘xtatishgan va to‘qnashuv sodir bo‘lgan. U YPX xodimlari tan jarohati yetkazgani, uning bo‘ynidan qo‘l bilan siqib, hushidan ketar darajaga olib kelishganini hikoya qilib berdi.
Marhumning qarindoshlari internetda e'lon qilinayotgan har bir xabar va maqolalarni sinchkovlik bilan kuzatishmoqda. Marhumning amakisiga ko‘ra, ta'ziyaga viloyatdagi sektor rahbarlari kelib, holat to‘liq qonuniy o‘rganib chiqilishiga ishontirishgan.
O‘sha kuni Kadanda ro‘y bergan voqeani o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan guvohlardan biri marhumning yaqinlariga voqea qanday bo‘lganini hikoya qilib bergan.
Uning so‘zlaridan, YPX xodimlari va soliq idorasi xodimlari hech qanday haqoratli so‘zlar ishlatishmagan. Guvoh YPX xodimlari Ahmedovning mashinasini jarima maydonchasiga joylashtirib, o‘zini «Spark» mashinasiga majburlab mindirmoqchi bo‘lishgani, oqibatda haydovchi o‘lib qolganini aytadi. Guvohning so‘zlaridan xulosa qilinsa, «Cobalt» avtomashinasi qisib to‘xtatilganidan boshlab, «tez yordam» mashinasi kelib, soliqchining o‘limini qayd etgungacha 40-45 daqiqa vaqt o‘tgan.
Qora qilmishmi yo qora kuch?
Holat yuzasidan tergov-surishtiruv ishlari ketmoqda. Azizbek Ahmedovning o‘limi tashqi kuch ta'sirida ro‘y bergani ekspertiza xulosalari orqali isbotlansagina IIB xodimlariga qat'iy chora ko‘rilishi mumkinligi aytilyapti.
Kimga qiyin, Azizbekning yaqinlariga, jigarlariga qiyin. Azizbekning otasi 48 yoshida avtohalokat tufayli olamdan o‘tgan ekan. Onaizor 10 ta yetim farzandni o‘zi katta qilib, oyoqqa turg‘izgan. Azizbekning bir singlisi ham 2011 yilda erta olamdan o‘tgan ekan. Singilning ikki nafar norasida farzandi ham uning qaramog‘ida edi. Marhumning voyaga yetmagan 2 nafar farzandi – o‘g‘li va qizi ham bor.
10 yetimni katta qilgan ona endi pensiya yoshiga yetganda, 4 nevarasi ham boquvchisidan ajralib, yetim qoldi...
Sabablar esa — yo‘llarda harakatlanish qonun-qoidalariga bepisandlik va ehtimolki, organ xodimlarining vakolatlaridan chetga chiqishi ham emasmikin?
Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi – Jahongir Aliboyev.