«Yirik yer egalari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak» - Otabek Bakirov yer munosabatlari haqida

Iqtisodiyot 11:53 / 11.06.2021 35252

Kun.uz «Iqtisodiy xabarlar tahlili» ruknining navbatdagi sonida moliyachi Otabek Bakirov bilan yer munosabatlari va mulkchiligi, bu boradagi o‘zgarishlarni qanday tartibda o‘tkazish lozimligi haqida suhbatlashdi.

— Yer munosabatlarini tartibga solish borasida o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda. Fikringizcha, bu qanday tartibda amalga oshirilishi kerak?

Yer munosabatlari 100 yillar davomida bizda ijtimoiy kayfiyatni, odamlarning hayotga nisbatan munosabatini keskin o‘zgartiradigan masalalardan biri bo‘lib kelgan. Shuning uchun, e'tibor bersangiz yer masalasi tufayli tuzumlar, yechimlar turlicha bo‘lgani sababli davlatlar o‘zgargan. Shu sabab bu masalada juda ham ehtiyotkorlik va noziklik bilan munosabatda bo‘lish kerak deb hisoblayman.

Ikkinchidan, bu masalada biz ijtimoiy shartnoma, ya'ni davlat va jamiyat o‘rtasidagi qonun asosida ish ko‘rsak, bu munosabatlar samimiyroq va to‘g‘riroq bo‘ladi. Bu qaysidir tarafning haq-huquqlari buzilishining oldini oladi. Yer borasida kutilayotgan o‘zgarishlarni ijtimoiy shartnoma va qonun doirasidagi qabul qilingan holatda boshlashimiz kerak bo‘ladi. Bu eng asosiy bildiradigan fikrim va bu o‘zgarishlarni qonun darajasidagi me'yoriy hujjat asosida belgilab olishimiz kerak va bu qonun keng muhokamalar asosida qabul qilinishi darkor.

Chunki bizning asrlar davomidagi hayot tarzimiz va o‘zaro ijtimoiy munosabatlarimizni ham yer masalalari belgilab kelgan. Ba'zi bir davlatlar yer masalalari yuzasidan shoshma-shosharlik bilan qaror qabul qilishi natijasida ko‘p muammolarga duch keldi. E'tibor bersangiz qo‘shnimiz Qozog‘istonda yer bilan bog‘liq qonunchilikda dastlab yerni xususiylashtirishda xorijiy davlat fuqarolari yoki rezidentlari ishtirok etishi mumkinligi bilan bog‘liq holat kuzatilgani juda ko‘p ijtimoiy noroziliklarni keltirib chiqardi va oxir-oqibatda oradan 1-1,5 yil vaqt o‘tgandan keyin ular qonunchilikdan bu normalarni olib tashlashga majbur bo‘lishdi.

— Yer munosabatlarini tartibga solishda nimalarga e'tibor qaratish kerak deb hisoblaysiz?

Yuqorida ta'kidlab o‘tganimdek, bilvosita ham, bevosita ham xorij fuqarolari O‘zbekistondagi yer uchastkalarini xususiylashtirish jarayonida ishtirok eta olmasligi lozim. Bu juda ko‘p davlatlar uchun asosiy prinsip. Davlatning sub'yektivligi, suvereniteti, mahalliy aholiga hurmat, asrlar davomida shu zaminda yashab kelayotgan aholi kayfiyatidan kelib chiqib shunday qilinadi.

Ikkinchi masala, yirik yer egalari yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu latifundiyalar deyiladi, shular paydo bo‘lishining oldini olish kerak. Yirik yer egalari yerga bo‘lgan munosabat sifatini faqat pasaytiradi.

Uchinchi masala, amaldagi yerga nisbatan nomi boshqacha bo‘lgan odamlarning huquqlari poymol etilishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Hozirgi kungacha bizda yer uchastkalariga nisbatan 6ta ko‘rinishdagi huquq mavjud edi. Mulk, ya'ni egalik huquqi mavjud emas. Lekin bu yerda ijara huquqi ham bor, foydalanish huquqi, meros qoldirish huquqi asosida foydalanish huquqi kabi bir nechta ko‘rinishdagi normalar bor. Aholining juda katta qismi meros qoldirish mumkin bo‘lgan foydalanish huquqi asosida o‘zlarining yashash joylarida istiqomat qilishadi. 90-95 foiz aholi xuddi shunday o‘zlarining yer uchastkalarida, taqdim qilingan tomorqalarida uylarini qurishgan, bir necha avlodlar davomida unib-o‘sib kelishgan. Shuning uchun ham ularning huquqlarini ta'minlash asosiy masala bo‘lishi kerak. Chunki yerni xususiylashtirish yoki xususiylashtirilmagan yer uchastkalarini ijaraga berish orqali pul jamg‘arishimiz, bundan pul topishimiz kerak degan vazifa qo‘yiladigan bo‘lsa, katta xato bo‘ladi. Bu ijtimoiy kayfiyatni yaxshilamaydi, aksincha uni yomonlashtiradi, xolos.

Mening fikrimcha, jismoniy shaxslarga o‘zining foydalanish huquqiga ega bo‘lgan turar joylardagi yer uchastkalarini avtomatik tarzda xususiy mulk sifatida qayta rasmiylashtirishga ruxsat berish kerak. Yuridik shaxslarga nisbatan esa ularning mulki joylashgan yer uchastkalarini belgilangan metodologiya bo‘yicha sotish mumkin. Yaqinda Sirdaryoda yer solig‘ining 50 baravari miqdoridagi koeffitsiyent qo‘llandi, davlat rahbari tomonidan o‘tkazilgan yig‘ilishda esa yer solig‘ining 20 baravari miqdoridagi koeffitsiyent e'lon qilindi. Bu degani, yer solig‘ingizning 20 yoki 50 baravari miqdorida to‘lov to‘laysiz va natijada sizning yeringiz maqomi vaqtincha foydalanish huquqidan mulk huquqiga o‘tkaziladi. Shu mexanizmni imkon boricha tadbirkorlik sub'yektlariga nisbatan qo‘llash kerak, aholiga emas. Bu bilan biz aholining hozirgi siyosatga, hozirgi bo‘layotgan o‘zgarishlarga ishonchini saqlab qola olamiz.

Agarda biz O‘zbekistonda o‘zining turar joylaridagi yer uchastkalarini xususiylashtirish orqali shuncha pul jamg‘arar ekanmiz degan yo‘ldan yuradigan bo‘lsak, savol va e'tirozlarni ko‘paytirib yuborishimiz mumkin. Xususan, bu kambag‘allik bilan bog‘liq masalalarga ham borib taqaladi, ya'ni bizning kambag‘allarimizning boshqa davlat kambag‘allaridan farqli jihati ularning aksariyati ota-bobosidan qolgan, avloddan avlodga o‘tib kelayotgan o‘z mulklariga ega. Shu sabab bu juda ham nozik va ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish kerak bo‘lgan masala hisoblanadi.

Albatta, yer uchastkalarining ochiq, hech qanday istisnosiz, byurokratiyaga ish qoldirmaydigan vositalar orqali xususiylashtirilishini to‘liq qo‘llab-quvvatlash kerak. Lekin qaysi harakat bo‘lishidan qat'i nazar bu mexanizmlar qonun darajasida qabul qilinishi kerak. Biz aholi qatlamlarining bunday rezonansli ijtimoiy qonunlar qabul qilinayotganda muhokamalarda ishtirok etishini ta'minlashimiz darkor. Men referendum tashkil qilish kerak demoqchimasman, ammo bu kabi masalalarni hal qilayotganda jamoatchilik tomonidan kamida 6 oy davomida keng muhokama qilinadigan yo‘ldan yurishimiz kerak. Bu hozirgi yangi davrning ikkinchi bosqichidagi asosiy masalalardan bittasi o‘zi.

Yuqorida ta'kidlaganimdek, shoshma-shosharlik bilan ish tutib ham bo‘lmaydi, lekin bizga o‘xshab haddan tashqari uzoq davr mobaynida keyinga qoldirish ham imkonsiz. O‘sha eski davrdan o‘tib kelgan eng asosiy muammolarimizdan bittasi yer munosabatlarining tartibga solinmagani bo‘lgan. Natijada bu huquqlarning tartibga solinmagani uchun uni har doim, har daqiqada buzaverish mumkin. Qachondir shu masalani qonuniylashtirishimiz kerak edi. Lekin buni keng aholi muhokamalari va qonun doirasida amalga oshirishimiz kerak.

— Bu o‘zgarishlar iqtisodiyotga ham ta'sir qilishi mumkinmi?

 Yerga nisbatan mulkchilik shaklining va munosabatlarining o‘zgarishi iqtisodiy o‘sishni ham tezlashtiradi. E'tibor qaratadigan bo‘lsak, yer O‘zbekistonda garov obekti emasligining o‘zi, uning pul aylanmasidan tashqarida ekanini anglatadi. Bizning mashinamiz, uy-joyimiz, do‘konlarimiz kapitalistik munosabatlarga kirgan, ammo yer kapitalistik munosabatlarga kirmagan. Asosiy qoida yerni kapitalistik munosabatlarga kiritishda bo‘lishi kerak. Biror mamlakat yerni bozor vositasiga aylantirmasdan turib iqtisodiy o‘sish doimiyligini ta'minlay olmagan. Albatta, bu yo‘ldan o‘tilishi kerak.

— Ba'zi mamlakatlarda dastlabki davrda xorijiy investitsiyalarni jalb qilish uchun yerni xorijliklarga mulk huquqi asosida berish amaliyoti qo‘llangan. Masalan, Singapurda mustaqillikning dastlabki yillarida shu yo‘ldan yurilgan. Hozirgi inqirozli davrda investitsiya oqimini jalb qilish uchun shunga o‘xshash tadbirlarni amalga oshirish to‘g‘ri bo‘lmaydimi?

Yo‘q, men bunday hisoblamayman. Singapur kabi mamlakatlar bu masalada umuman O‘zbekistonga qiyoslanadigan mamlakat emas. Chunki bu mamlakat tarixan ochiq shahar bo‘lib kelgan. Mustamlaka paytida ham, undan avval Xitoy bosqini davrida ham shunday ochiq ko‘rinishda bo‘lgan. Asrlar davomida o‘z qarashlariga va qadriyatlariga ega bo‘lgan tub aholisi mavjud bo‘lmagan. Masalan, singapurlik odam indoneziyalik kelib qo‘shni bo‘lib, yonidan 50 gektar yoki 5 gektar yerni egallasa, unda og‘riqlar paydo bo‘lmaydi. Chunki mentalitet shunday shakllangan.

Ikkinchidan, Singapur shahar-davlat bo‘lgani uchun hech kim xavf solmagan. Chunki uning suvereniteti ochiqligida bo‘lgan. O‘zbekistonning suverenitetini uning ochiqligida deya olmaymiz. Ayni paytdagi murakkab global jarayonlarda bizning suverenitetimizga sharqdan ham, shimoldan ham turli darajadagi xavflar mavjud. Buni inobatga olishimiz kerak, bularni ko‘zdan qochirib bo‘lmaydi.

Men xorijliklarga yer sotish yoki sotmaslik borasida O‘zbekistonning tajribasini qanaqadir Singapur yoki Yevropadagi ayrim davlatlar: Malta yoki Kipr bilan solishtirmagan bo‘lardim. Biz bu masalani o‘zimizga yaqin davlatlar: Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Turkiya kabi davlatlar bilan qiyoslardim. Men ta'kidlamoqchi bo‘lgan narsa, boshqalar qilgan xatoni qilishimiz kerak emas. Masalan, Qozog‘istonda Xitoyga nisbatan qo‘rquv bor. Chunki xitoyliklar qanday ko‘rinishda kirib borishidan qat'i nazar, kirib borgan hududini hech qachon tark etmaydi. Tarixan qarasangiz ham, Xitoy diasporasi kirib borgan joyini hech qachon tark etmaganini ko‘rishingiz mumkin. Bu hududda ular o‘z diasporasini yaratadi, integratsiyalashib ham ketmaydi. Shu muammoni inobatga olishimiz kerak.

— Yirik yer egalari paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak dedingiz. Buning jamiyat uchun qanday salbiy jihatlari bor?

Yirik yer egaligi deganda, men butun boshli tumanlarning yer maydonlari 2-3ta yer egalari o‘rtasida taqsimlanib qolishini nazarda tutyapman. Ular o‘zining miqyosida mahalliy hokimiyatlarni ta'sir doirasiga tushira oladigan imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Butun infratuzilma o‘shalarga bog‘liq bo‘lib qoladi, ularning bosimi ostida shakllanishiga olib keladi. Butun boshli mahalliy siyosatning amalga oshirilishi shularga bog‘liq bo‘lib qoladi. Bizdagi sharoitda yirik yer egaligining asosiy xavfi shundan iborat.

Ikkinchi xatari shundaki, yer maydonlari sun'iy sug‘orishga asoslangan, ya'ni suv resurslarining taqsimlanishi bilan bog‘liq. Yer egalari qancha yirik bo‘lsa, suv nazorati ularning qo‘liga o‘tib ketish ehtimoli yuqori. Bu ham katta xatar hosil qiladigan narsa. Bunda tabiiy ravishda yirik yer egalarining imkoniyati mayda yer egalarinikiga nisbatan yuqoriroq shakllanadi. Mayda yer egalarining yirik yer egalariga bog‘liqligi yuzaga kelib qoladi.

Uchinchi xatari shundaki, yirik yer egalari yerga nisbatan alohida, bog‘langan munosabatda bo‘lmaydi. Ular yerga istalgan paytda sotib yuboriladigan obekt sifatida munosabatda bo‘ladi. Shu tomonlari ham mavjud. Iqtisodiyotning boshqa sohalaridan bilamizki, qaysi soha bo‘lishidan qat'i nazar ishlab chiqarishmi, xizmat ko‘rsatishmi, umuman olganda, mulkning, savdoning bir qo‘lda to‘planib qolishi faqat zarar keltiradi. Monopolistik munosabatlar doimiy ravishda iqtisodiy o‘sishni ham, ijtimoiy tenglikni ham buzadigan omillar hisoblanadi.

O‘zbekistonliklar dunyodagi eng ko‘chmas xalqlardan bittasi. O‘z tug‘ilgan joyiga, zaminiga turli rishtalar bilan mahkam bog‘langan xalq. Biz shunday an'analarga egamizki, mahallada kimdir hovlisini turli sabablar bilan sotayotgan bo‘lsa, avval mahallaga murojaat qiladi, chetdan kelib o‘sha mahallaga begona odam kirishini ham lozim topmaydi. Bu o‘ta nozik masala deganimning asl sababi ham shunda, aslida. Ko‘chmas xalqlarda yerning o‘rni haddan tashqari yuqori. Maqollarimizga ham yerga bo‘lgan munosabat singib ketgan. Oybekning «Qutlug‘ qon» romanida ham Mirzakarimboy bitta epizodda jiyani Yo‘lchi qishloqdagi yerini sotib tog‘asining oldiga kelganda «Ey jiyan, er kishi yer sotmaydi», deya qattiq koyiydi. Bu narsa shu darajada mentalitetimizga singib ketganki, bizda bir tumandan ikkinchi tumanga ko‘chish ham deyarli mavjud emas.

Ko‘proq yangiliklar: