O‘zbekiston Tojikistonga zamonaviy shifoxona qurib berdi. Tojikiston Urgutda maktab ochdi

O‘zbekiston 00:23 / 11.06.2021 19541

Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidentining taklifiga binoan Dushanbeda bo‘lib turibdi. Tashrif davomida davlat rahbariga ko‘plab vazirlar va markaziy idoralar hamda ikki viloyat hokimidan iborat delegatsiya hamrohlik qilmoqda.

Dushanbeda o‘tayotgan tadbirlar orasida Kun.uz muxbiri O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Abduhakim Hojiboyev bilan suhbatlashdi.

«Bugun Xatlon viloyatining Qubodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi tantanali tarzda ochib berildi. Bu majmua O‘zbekiston tomonidan qurilgan. 250 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona yiliga 75 mingdan ortiq bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.

Shuningdek, Samarqand viloyatining Urgut tumanida Tojikiston hukumati tomonidan maktab qurib bitkazildi va bugun foydalanishga topshirildi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, bu loyihalar o‘zaro munosabatlardagi rivojlanish real harakatlar, hayotga tatbiq etilgan ijtimoiy obektlarda o‘z aksini topyapti», – deydi vazir.

Abduhakim Hojiboyev O‘zbekiston va Tojikistonning tibbiyot sohasidagi hamkorligi haqida ham to‘xtaldi.

«Ikki davlat sog‘liqni saqlash tizimlari orasidagi hamkorlikning ahamiyati shundaki, afsuski, ko‘plab kasalliklar chegara tanlamaydi. Buni ayniqsa koronavirus pandemiyasi yaqqol ko‘rsatib qo‘ydi. Biz esa Tojikiston bilan bevosita qo‘shnimiz. Hududiy umumiy kasalliklar bor va ularga qarshi kurashda hamjihatlik zarur. Hamkasbim Jamoliddin Abdullozoda janoblari bilan bu masalalarni atroflicha muhokama qildik.

Muhimi, hali pandemiya chekingani yo‘q va ikki tomonlama sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirib turish juda muhim masala», – ta'kidladi SSV rahbari.

Ko‘proq yangiliklar: