Joriy yilning dastlabki besh oyida tashqi iqtisodiy sharoitlar O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun mo‘'tadil shakllanmoqda, deya xabar bermoqda Markaziy bank.
Qayd etilishicha, jahon xomashyo bozorlarida oltin narxi fevral-mart oylarida pasayuvchi dinamikaga ega bo‘lgan bo‘lsa, aprel-may oylarida yana tiklanib, iyun oyida yil boshidagi ko‘rsatkichlarga yaqinlashgan.
Yanvar-may oylarida eksportdan tushgan tushumlar hajmi (oltin va gazni hisobga olmaganda) 3,9 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yil mos davridagi ko‘rsatkichdan (2,5 mlrd dollar) 1,5 barobarga, 2019 yildagi ko‘rsatkichdan (2,8 mlrd dollar) 39 foizga yuqori bo‘ldi.
Respublikaga kirib kelgan transchegaraviy pul o‘tkazmalari hajmi 5 oyda 2,6 mlrd dollarni tashkil etib, 2020 yilning mos davriga (1,8 mlrd dollar) nisbatan 43 foizga, 2019 yilning mos davriga (2 mlrd dollar) nisbatan 30 foizga o‘sgan. Bu aholining iste'mol va investitsion faolligini qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘lib xizmat qilgan.
Shuningdek, yilning dastlabki besh oyi davomida so‘m almashuv kursi 10455-10610 so‘m/AQSh dollari oralig‘ida tebranib turgan.
Avvalroq, Markaziy bank boshqaruvining 2021 yil 10 iyundagi navbatdagi yig‘ilishi qaroriga asosan, qayta moliyalash stavkasi yillik 14 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirilgani ma'lum qilingandi.