Samarqanddagi shifoxonada ilk marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazildi

Jamiyat 19:36 / 10.06.2021 634

Samarqand shahridagi viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ilk marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti o‘tkazilgan. Bu haqda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma'lum qilinishicha, bugun, 10 iyun kuni akademik V.Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari samarqandlik shifokorlar bilan birgalikda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ilk marta buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini muvaffaqiyatli o‘tkazishgan.

Bunga qadar buyrak transplantatsiyasi operatsiyasi O‘zbekistonda faqatgina Toshkent shahrida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va V. Vohidov nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida amalga oshirib kelingan.

Qayd etilishicha, bulung‘urlik bemorga akasi donorlik qilgan va jarrohlik amaliyoti qariyb uch soat davom etgan. Muvaffaqiyatli chiqqan amaliyotdan so‘ng har ikkalasining ham ahvoli yaxshi bo‘lib, ular tibbiy standartlar asosida shifokorlar nazoratida qolgan.

Ta'kidlanishicha, yana ikki nafar bemor yaqin kunlarda jarrohlik amaliyoti o‘tkazish uchun tayyorlanmoqda. Ularning har ikkalasiga ham tuqqan onasi donorlik qilishga qaror qilgan.

Ko‘proq yangiliklar: