O‘zbekiston Xalq ta'limi vazirligi va Jahon banki ta'lim sohasidagi o‘nlab mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida xalqaro forum tashkil etdi. Bu haqda vazirlik axborot xizmati ma'lum qildi.
Forumda Yevropa va Osiyo davlatlarining ta'limga sarmoya kiritish orqali iqtisodiy o‘sishni jadallashtirish tajribasi, shuningdek, O‘zbekiston raqobatbardoshligini oshirishi mumkin bo‘lgan yoshlarning bilimi hamda zamonaviy kasb-hunar va texnik ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar tanqidiy tahlil qilingan.
Past daromaddan yuqori daromadli iqtisodiyotga aylanish uchun ta'lim tizimlarini rivojlantirishga katta mablag‘ sarflash kerak
Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli ta'kidlashicha, Xalqaro tajribada past daromaddan yuqori daromadli iqtisodiyotga aylanish uchun ta'lim tizimlarini rivojlantirishga katta mablag‘ sarflash muvaffaqiyat keltirgan.
«Xalqaro tajriba shuni ko‘rsatadiki, daromadi past iqtisodiyotdan muvaffaqiyatli ravishda yuqori daromadli mamlakatlarga aylangan davlatlar o‘z ta'lim tizimlarini rivojlantirishga katta mablag‘ sarflagan. O‘quvchilarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari oshishi 1-2 foiz iqtisodiy o‘sish sur'atlariga olib kelishi mumkin.
O‘zbekiston hukumati tomonidan ta'lim sohasidagi strategik chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishni jadallashtirish mamlakatning dunyo sahnasida raqobatbardosh iqtisodiyotga aylanishiga zamin yaratishi mumkin», — deydi Marko Mantovanelli.
Forum ishtirokchilarining ta'kidlashlaricha, inson kapitalining yetarlicha yuqori darajada emasligi O‘zbekistonning qo‘shimcha xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va iqtisodiy o‘sish imkoniyatlarini cheklaydi. Masalan, mahalliy bozordagi firmalar o‘zlariga zarur bo‘lgan kasbiy-texnik ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmaydi, malakali ishchi kuchining yetishmasligi esa ularning o‘sishiga eng jiddiy to‘siqlardan biridir. Iqtisodiyotda yangi korxonalar uchun katta ahamiyatga ega bo‘lgan, ish beruvchilar tomonidan yosh ishchilarga qo‘yiladigan talablar ta'lim tizimi beradigan ko‘nikmalar va bilimlarga mos kelmasligi tufayli yanada og‘irlashadi.
Pandemiyaning ta'limga ta'siri o‘nlab yillar davomida iqtisodiyotga sezilishi mumkin
Forumda, shuningdek, maktab o‘quvchilari ta'limida jiddiy yo‘qotishlarga olib kelgan COVID-19 ta'siri tahlil qilindi. Natijada dunyo bo‘ylab o‘quvchilarning aksariyat qismining bilimlari minimal bilim darajasiga tortmaydi. Agar hukumatlar aholining jabr ko‘rgan qatlamlari o‘rtasida ta'lim yo‘qotishlarini qoplash bo‘yicha shoshilinch harakat qilmasa, pandemiyaning ta'limga ta'siri o‘nlab yillar davomida iqtisodiyotga ham o‘z ta'sirini o‘tkazadi.
Agar maktabda o‘qishning har bir yili daromad darajasini o‘rtacha 8 foizga oshiradi, deb hisoblasak, COVID-19 sababli o‘quvchilarning ta'limdagi yo‘qotishlari va o‘qish davomiyligi qisqarishi ularning kutilgan daromadlarini taxminan 3,5 foizga kamaytiradi.
O‘zbekistonda COVID-19 pandemiyasi oqibatida olinmagan bilimlar sababli alohida o‘quvchilarning daromadlari yo‘qotilishi natijasida jami iqtisodiy yo‘qotishlar yiliga 425 million AQSh dollarigacha bo‘lishi mumkin (2011 yildagi xarid qobiliyati pariteti bo‘yicha). Ko‘pgina mamlakatlar singari, O‘zbekiston ham ta'lim uchun yetarli miqdorda budjet mablag‘larini zaxiralashi, talabalarning yo‘qotgan bilimlarini qoplashi, ularning maktabni tashlab ketishlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun choralar ko‘rishi va kelajakda boshqa inqiroz sharoitida ishlay oladigan ta'lim tizimini yaratishga investitsiya qilishi kerak.
Shuningdek, Forumda Sherzod Shermatov 2030 yilgacha mamlakat PISA reytingida yetakchi 30 mamlakat qatoriga kirishi reja qilinayotgani haqida gapirgan.
«O‘zbekiston hukumati ta'lim sohasini va yoshlarning zamonaviy kasbiy-texnik mahoratini rivojlantirishga investitsiya qilishning katta ahamiyatini tushunadi. 2016 yildan boshlab hukumatning sa'y-harakatlari o‘quvchilarga mehnat bozori talablariga javob beradigan bilim va ko‘nikmalarni beradigan ta'lim sohasini modernizatsiya qilishga yo‘naltirilgan. Ushbu yondashuv innovatsion va jadal rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga xosdir. O‘zbekiston ta'lim sohasida o‘z oldiga ulkan maqsadlarni qo‘ygan. Xususan, xalq ta'limi tizimini rivojlantirish konsepsiyasida 2030 yilgacha mamlakat PISA (the Program for International Student Assessment) reytingida dunyoning yetakchi 30 mamlakati qatoriga kirishi ko‘zda tutilgan», — degan O‘zbekiston xalq ta'lim vaziri Sherzod Shermatov.
Forumda ta'lim va mehnatning turli darajalari o‘rtasida muvofiqlashtirilgan o‘quv dasturlariga davlat mablag‘larini shoshilinch ravishda jalb qilish inson kapitali darajasini va aholining kasbiy mahoratini oshirishi ekspertlar tomonidan ta'kidlangan.
Ekspertlarlarga ko‘ra, ushbu chora-tadbirlar iqtisodiy o‘sishga, jahon iqtisodiyotining yanada integratsiyalashuviga, shuningdek, mehnat bozori talablariga yaxshi tayyorlangan fuqarolarning daromadlari o‘sishi tufayli turmush darajasini yaxshilashga asos yaratadi.