YHXBB: «Fuqarolar tomonidan yuborilayotgan takliflarning qariyb 80 foizi yo‘llardagi kamchiliklar haqida»

Jamiyat 23:26 / 09.06.2021 8153

Joriy yil 3 iyun kuni keng jamoatchilik fikrini o‘rganish maqsadida respublika yo‘l harakati sohasidagi muammolarni kompleks o‘rganish va amaliy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha idoralararo ishchi guruhining elektron manzili hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari e'lon qilingan edi.

IIV YHXBBning ma'lum qilishicha, bir hafta davomida yuborilgan takliflarning qariyb 80 foizida odamlar yo‘llardagi kamchiliklarni to‘g‘rilash haqida yozgan.

Ish jarayoni davomida ekspertlar Telegram guruhi orqali 1000 ga yaqin fuqarodan 1847 ta, Facebook guruhi orqali esa 30 nafar fuqarodan 32 ta, jami 1879 ta taklif olgan.

Qayd etilishicha, takliflarning 77,9 foizi yoki 1464 tasi yo‘l infratuzilmasidagi kamchiliklar va ularni bartaraf etish yuzasidan berilgan.

Jumladan:

  • 1104 tasi yoki 58,7 foizi yo‘llarni ta'mirlash va ta'mirlanishida zamonaviy yondashuvni qo‘llash;
  • 66 tasi yoki 3,5 foizi yerosti va yerusti piyodalar o‘tish joylari, ortga qayrilib olish joylarini xavfsiz tashkil etish;
  • 65 tasi yoki 3,5 foizi shahar va tuman hududlarida joylashgan o‘quv muassasalari va maktablar oldida belgilangan tezlikni soatiga 30 kilometrgacha kamaytirish;
  • 60 tasi yoki 3,2 foizi yo‘l belgilarini o‘rnatish va ayrimlarini yangilash;
  • 57 tasi yoki 3,1 foizi yo‘llar sifatini yaxshilash, asfalt o‘rniga beton qoplamasiga almashtirish;
  • 40 tasi yoki 2,1 foizi yo‘llarda tirbandliklarning oldini olish maqsadida maxsus avtoturargohlarni tashkil qilish va ko‘p qavatlilarini qurish;
  • 39 tasi 2,1 foizi chorraha va yo‘llarda mavjud bo‘lgan svetoforlarni zamonaviy raqamli svetoforlarga almashtirish. Shuningdek, piyodalar uchun tugmali svetoforlar sonini oshirish;
  • 33 tasi yoki 1,7 foizi fuqarolar yo‘l inshootlari, yo‘l belgilarini o‘rnatish va qayta jihozlash masalalarini YHXB tizimiga qaytarib berish hamda yuk avtomashinalarini shahar hududidan tashqariga olib chiqib, ushbu yo‘lda harakatlanishini yo‘lga qo‘yish;

Takliflarning 10,7 foizi yoki 200 tasi amaldagi ma'muriy amaliyot va qoidabuzarliklarga nisbatan jarimalarni qo‘llash tizimini isloh qilish yuzasidan berilgan.

Jumladan:

  • 84 tasi yoki 4,5 foizi haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalari qo‘pol ravishda buzilganda belgilangan jarima miqdorini oshirib tayinlash choralarini ko‘rish;
  • 52 tasi yoki 2,8 foizi piyodalar yo‘lakchalari oldiga videokuzatuv moslamalarini o‘rnatish hamda piyodalar tomonidan huquqbuzarlik sodir etilganda ularning aybdorlik masalalarini ko‘rib chiqish;
  • 51 tasi yoki 2,7 foizi sodir etilgan qoidabuzarliklarga nisbatan nafaqat jarima qo‘llash, balki qoidabuzarliklarni ballik ravishda baholash tizimini joriy etish;
  • 13 tasi yoki 0,7 foizi yo‘l harakati ishtirokchilari tomonidan sodir etilgan barcha qoidabuzarliklarga nisbatan belgilangan jarimalarni kamaytirish choralarini ko‘rish;

Takliflarning 11,4 foizi yoki 215 tasi Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati faoliyatini tubdan isloh qilish yuzasidan berilgan.

Jumladan:

  • 82 tasi yoki 4,3 foizi yilning issiq faslida tonirovkalarni arzonlashtirish yoki to‘lovni ushbu mavsumda olib tashlash;
  • 63 tasi yoki 3,3 foizi haydovchilarni o‘qitish va imtihon olish jarayonida inson omilini cheklash va korrupsiyaning oldini olish, maktab davrida YHQlari darsligini kiritish va bitirguniga qadar o‘qitish;
  • 45 tasi yoki 2,4 foizi DYHXX xodimlarining malakasini oshirish, sohani yuqori intellektual xodimlar bilan jamlash, ularni doimiy ravishda malakasini oshirish bo‘yicha o‘qitib borish tizimini yo‘lga qo‘yish;
  • 16 tasi yoki 0,9 foizi aniqlangan jarimalar o‘z vaqtida pochta orqali egalariga kelmasligi va buning oqibatida imtiyozli to‘lov amalga oshirishning imkoni bo‘lmayotgani;
  • 9 tasi yoki 0,5 foizi YHX yo‘nalishi bilan bog‘liq muammo hamda murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rib chiqilmasligi, 1102 ishonch telefoni umuman ishlamasligi va ushbu tizimni isloh qilish lozimligi.

Ta'kidlanishicha, hozirda takliflar kelib tushishi davom etmoqda, yakuniy hisobotlar qo‘shimcha ravishda taqdim etiladi.

Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati sohasidagi muammolar yuzasidan takliflarni quyidagi elektron pochta manziliga yoxud Facebook va Telegram ijtimoiy tarmoqlaridagi sahifalarga yuborish mumkin:

Elektron pochta: yhxbb_taklif@mail.ru

Facebook: fb.com/yhxbb_taklif

Telegram: https://t.me/yhxbb_taklif

Ko‘proq yangiliklar: