Yapon tili va kasbiy malaka test markazi direktori Dilafruz Ikromova AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Yaponiyada o‘zbekistonliklar uchun qaysi kasblarga talab yuqori ekani bo‘yicha ma'lumot berdi, deya xabar qilmoqda Kun.uz muxbiri.
«2025 yilgacha Yaponiya 345 ming xorijlik fuqarolarni ishga jalb qiladi. Hozirda mamlakatda O‘zbekistonda mavjud 14ta soha mutaxassislariga talab bor. Ayniqsa, qishloq xo‘jaligi bo‘yicha ishchilar alohida qadrlanadi. Hatto pandemiya bo‘lganda ham qishloq xo‘jaligi va qariyalarni parvarishlash yo‘nalishlarida talab to‘xtamagan. Biz hozirda mazkur yo‘nalishlarda Yaponiyada ishlash istagidagi mutaxassislarni tayyorlayapmiz. Shuningdek, qurilish, oziq-ovqatni qayta ishlash va boshqa sohalarda ham takliflar mavjud.
Bizdan Yaponiyaga ishlashga boruvchi ishchilar – texnik malakali (stajyor) va maxsus malakali turlarga bo‘linadi. Tabiiyki, bu ikki toifa oylik-maoshi har xil. Masalan, maxsus malakali ishchilarning eng kam maoshi 2000-2200 dollar atrofida bo‘ladi. Texnik malakali ishchilar qo‘liga tegadigan maosh esa 1200-1500 dollarga to‘g‘ri keladi», dedi u.
Avvalroq, Yaponiyaga ishlash maqsadida borish uchun qanday talablarga javob berish kerakligi bo‘yicha xabar berilgandi.
Xususan, yapon tilini bilish va kasb bo‘yicha malaka imtihonini topshirish zarurligi, ishchida maxsus sertifikat bo‘lgan taqdirdagina ish beruvchilar u bilan suhbat o‘tkazishi hamda ma'qul kelsa, shartnoma tuzishi ma'lum qilingan.