40 yil davomida Xitoyda kambag‘allikni kamaytirish bo‘yicha ishlar olib borildi. Bu uchun birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi isloh qilindi:
- 1979 yil. “Kommuna” yerlari dehqon oilalariga oz-ozdan bo‘lib berildi. Dehqonlar davlat idoralarining tazyiqidan xalos etish bo‘yicha ishlar olib borildi, chunki bu real natija berishini Xitoy kompartiyasi rahbarlari o‘z ko‘zlari bilan ko‘ra boshlashdi.
- 1981 yilga kelib 98 foiz ekin yerlari 180 million dehqon oilalari tasarrufida edi. Xitoy Konstitutsiyasida fuqarolarning xususiy mulkchilik huquqlari biriktirildi, bu qishloqlarda xususiy tashabbusni qo‘llab-quvvatlovchi omil bo‘ldi, hamda qishloqlarda mislsiz ko‘plab xususiy korxonalar tuzilishiga turtki bo‘ldi. Dehqonlar o‘z manfaatlarini ko‘zlab, o‘z ixtiyorlari bilan (yuqoridan buyruq bo‘lgani uchun emas), kichik kooperativlarga, keyin esa assotsiatsiyalarga va katta kooperativlarga birlasha boshlashdi.
- 1985 yil. Xitoy o‘zining ko‘p sonli aholisini to‘yg‘azib, don eksport qila boshladi. Xitoy rahbari Den Syaopin «Birinchi navbatda qishloq xo‘jaligi» degan siyosatni e’lon qildi. Va bu shior real ishlar bilan, avvalo dehqonni ozod dehqonga aylantirishga qaratilgan ishlar bilan quvvatlandi.
Xitoy qishloq xo‘jaligini isloh etishda erishilgan yaxshi natija keyinchalik hukumatni boshqa sohalarni ham shu yo‘sinda isloh qilishga undadi.
- 1992 yil. Xitoyda barcha korxonalar xo‘jalik hisobiga o‘tkazildi. Natijada atigi 5 yil ichida xususiy sanoat korxonalari soni 100 mingdan 5,8 millionga yetdi... Xorijiy kapital ishtirokida qo‘shma korxonalar tashkil qilish mumkin bo‘ldi. Bularning hammasiga qishloq xo‘jaligi islohoti omil bo‘ldi. Xitoy dehqonlari boyigani sayin o‘z ehtiyojlari uchun moddiy-texnika resurslarini, sanoat mollarini sotib ola boshlashdi. Sanoat mollariga talab orta boshladi va bu sanoat rivojiga start berdi. Xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining ko‘paygani qayta ishlash sanoati rivojini ta’minladi – «zanjir» ishga tushdi. Shu joyi muhim - iqtisodiy “zanjir”ning ishga tushib ketishi. Xitoy hukumati buni amalladi, chunki hech kimga alohida mavqe bermadi...
- 2004 yil. Xitoy qishloqlarida 22 milliondan oshiq korxonalar yuzaga keldi, 138 mln odam bu korxonalarda ish bilan band bo‘ldi. Dehqonlar amaldorlarning tazyiqi ostida bo‘lganda bu natijalarga erishib bo‘lmasdi.
Xitoy AQShdan o‘tib ketib, dunyodagi birinchi iqtisodiyotga aylanishi mumkinligi bashorat etilyapti.
Bularning hammasi qishloq xo‘jaligini isloh qilishdan, ozod dehqonlar sinfini yaratishdan boshlangan edi. Hamda dehqon va tadbirkorlarning faoliyatini davlat nazorati ostidan chiqarish va korrupsiyaga qarshi kurashishni yuqori eshelonlarda ham tengma-teng olib borish bilan rivoj topdi. Busiz pastdagi korrupsiya bilan kurashish befoyda ekanligi tushunib yetildi. Bular ta’minlanmaganda Xitoy islohotlari yurib ketmasdi...
PS: Mazkur maqola va videomaterial Kun.uz'da 2021 yil 9 iyun kuni e’lon qilingan edi. O‘zbekiston hukumatining kambag‘allikni qisqartirish va qishloq hududlarini rivojlantirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganayotgani haqidagi xabar uni takror (21.04.2023) e’lon qilinishiga turtki bo‘ldi.
Shokir Sharipov