«O‘zbek jamiyatiga ma'naviy padarlar yetishmayapti» – Xurshid Do‘stmuhammad amaldorlarning faoliyati haqida

Jamiyat 19:08 / 08.06.2021 14951

Qolaversa, milliy mentalitet, ma'naviyat, millat ruhiyati va madaniyati kabi jihatlarning demokratik qadriyatlarni o‘zlashtirish uchun to‘la tayyor emasligi ham o‘tish davri islohotlariga salbiy ta'sir etmoqda.

Xo‘sh, jamiyatimizning bu muammolari yechilishi uchun u qanday tizimlashtirilishi, kasalliklarni davolash dastlab qaysi sohalardan boshlanishi kerak?

Kun.uz taniqli jurnalist, yozuvchi, filologiya fanlari doktori Xurshid Do‘stmuhammad bilan ayni shu mavzuda suhbat uyushtirdi.

— Bugun o‘zbek jamiyatidagi korrupsiya illati o‘zidan boshqa yana yuzlab muammolarga doya bo‘lyapti. Fikringizcha, bu illatga qarshi qanday choralar yetarli samara beradi?

— O‘zbek jamiyatida korrupsiya va poraxo‘rlikning ildizi juda chuqur.

Xo‘sh bunga qarshi nima qilish kerak? Odamlari korrupsiya va poraxo‘rlik orqasidan keladigan daromadga qarab qolmagan jamiyat qurish kerak. Bu shunday jamiyat bo‘lsinki, unda kishilar poraga, korrupsiyaga muhtoj bo‘lmasin. Korrupsiya gunoh, degan tushuncha odamlarning qon-qoniga singib ketgan bo‘lsin.

Kun.uz saytining shu mavzuda ziyolilar bilan qilayotgan suhbatlarini sinchiklab o‘qidim. Shundan keyin Akmal Burhonovning bu fikrlarga javoban bergan intervyusini ham ko‘rdim. Rosti, savollarga yetarli javob ololmadim.

Akmal Burhonov poraxo‘rlar javobgarlikka tortilyapti, dedi, lekin bundan jamoatchilik bexabar-ku.

Yuqori darajadagi korrupsionerlar halqning ko‘z o‘ngida jazolanishi kerak. Odamlar bilsin, jinoyatga jazo borligini. Agar shunday qilinsa, ko‘rasiz, albatta, o‘zgarish bo‘ladi.

Albatta, bu ham yagona yechim emas, boshqa choralarini ham ko‘rish kerak. Masalan, diniy ulamolar yoshlarga diniy tarbiya beraylik, deyapti. To‘g‘ri. Chunki, diniy tarbiya korrupsiyaga qarshi kurashdan tashqari, shuningdek, o‘zlikni tarbiyalash degani ham. Bu eng katta omil. Bizning ishongan bog‘imiz, suyangan tog‘imiz.

Shularsiz odamlar korrupsiyaga qo‘l urishdan qo‘rqmay qo‘ydi. Ular 5-6 yil o‘tirib, korrupsiya orqali yiqqan, tergani bilan yashayverishga rozi bo‘lyapti.

— Biz suhbat davomida oddiy odamlar, ularni qiynayotgan muammolar haqida gaplashyapmiz. Xo‘sh, amaldorlarimiz-chi? Ularning faoliyatiga qanday baho berasiz? O‘zbek amaldorlari bugun qanchalik halol, o‘z vazifasini bajarishda qanchalik to‘g‘ri?

— Falonchi amaldor axloqsiz, falonchi amaldor poraxo‘r, degan fikrlardan qochaman. Bunga menda dalil va isbot yo‘q. Lekin umumiy tendensiya, umumiy manzara xulosalar chiqarishga asos beradi.

Masalan, bir viloyatda bo‘layotgan voqea u yerdagi rahbar, amaldorlarning ham dunyoqarashi, tutgan yo‘li va qanchalik insonparvar rahbar ekanini ko‘rsatib beradi.

Xulosam shuki, bizda hokimlik maktabi yo‘q. Hozir hokimlarni prezident huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida tayyorlashyapti. Lekin unda o‘qigan, hujjat olgan boshqa narsa. Hokim degani, 200 ming, 300 ming odamga rahbarlik qiladigan kishi degani. U boshqacha o‘qitilishi kerak. Hokim degani shunday odamki, u endi ota bo‘ladi, donishmand, mutafakkir bo‘ladi.

Ikki yil oldin Toshkent shahri Sebzor tumanida odamlarning uylari buzilishi bo‘yicha qancha to‘polonlar bo‘ldi. Bunda odamlar yashab turgan uylar buzildi. Xalqda norozilik uyg‘otishdi. Men kechagina shu joylardan o‘tdim va ko‘rdimki, bu joylar hali ham bo‘sh turibdi.

Xo‘sh, nega shoshilasan? Mana yotibdi-ku tashlandiq maydon bo‘lib. Yoki Toshkentning «eski shahar»ida qancha uylar buzildi. Shu joylarga boring, uylar haliyam buzilgani bo‘yi turibdi. Na ta'mirlanadi, na quriladi va na to‘la buziladi.

Achchiq savollar tug‘iladi. Turarkan, nega u yerlarni buzasan, nega u yerlarni chiqindixonaga aylantirasan?

Men 2015 yilning mart oyida Moskvada edim. Televideniyeda shunday rasmiy axborot o‘qib eshittirildi: «Umer duxovnik gubernator Irkutske pisatel rasputin», ya'ni «Irkutskning ma'naviy gubernatori vafot etdi». Tasavvur qiling, bu gap rasmiy axborotda aytildi.

Shu axborotni eshtidim-u, ichimda quyun paydo bo‘ldi. 6 yil o‘tdi, haliyam o‘ylayman: Jizzaxda ma'naviy hokim bormi? Xivada, Chirchiqda ma'naviy hokim bormi? Toshkent shahrida ma'naviy padar bormi?

Ma'naviy valine'mat bormi? Yo‘q. Mana shu jiddiy muammolarimizdan biri. Jamiyatga ma'naviy hokimlar kerak.

U norasmiy bo‘lishi kerak, rasmiy emas. Chunki, bizda hokimning oldidagi rasmiy shaxs bo‘lish – hokimga tobe bo‘lish degani.

Bizda rasmiy ishlayotgan shaxs o‘z rahbariga hech qachon topshiriq berolmaydi. Uning qarashlarini o‘zgartirolmaydi. Bu o‘zbeklik psixologiyamizga singib ketgan fikrlash. Rahbarning oldida doim tilimizni tishlab turish hatto, odatiy fazilatimizga aylangan.

Ilgari shunday kishilar, xalq hurmat qilgan nuroniy, ijodkorlar bo‘lardi. Biz shunday insonlardan voz kechdik. Shunday kishilar bo‘lsa, albatta hokimlarga yordamchi bo‘lardi. Buni jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.

— Gohida menga jurnalistlar aytayotgan so‘zlar behuda sovurilib ketayotganday, ular noto‘g‘ri yo‘ldagilarni to‘g‘rilashga besamar urinayotgandek tuyuladi. Bugun jurnalistlar aytayotgan gaplar foydasini berishiga tajribali jurnalist sifatida siz ishonasizmi?

— Bu savolingiz boshqa bir muammoni yodga soladi, gapirtiradi. Biz OAV sohasida rostdan ham 27 yil katta bo‘shliq, fojiali bo‘shliq davrini bosib o‘tdik. Juda ko‘p narsalarni boy berdik. Jumladan, matbuotni ham. Biz uning ta'sirchan kuchini boy berdik. Vaholanki, vaqtida gazetalar talash bo‘lib o‘qilgan, televizorlar talash bo‘lib ko‘rilgan. 

Qalami o‘tkir jurnalist, publitsistlarimiz ko‘p bo‘lgan davrlar ham bo‘ldi.

Biz xalqning ko‘nglini sovitib qo‘yganmiz, endi uni ilitishimiz kerak. Bu masalalar matbuotga ham, xalqqa ham bog‘liq. Matbuot ko‘tarayotgan muammolarni xalq, xalq ko‘tarayotganlarini matbuot qo‘llab-quvvatlashi kerak.

Matbuotdagi chiqishlarni men hech qachon ahamiyatsiz va ta'siri kam, deb hisoblamayman. Har birining o‘z o‘rni bor. Har bir chiqayotgan maqola kimningdir qalbi, ongiga yetib boradi. Bundan voz kechishimiz kerak emas. Boshqa iloj yo‘q. Xaloskor matbuot. Jamiyatni poklovchi manba – matbuot.

Ijtimoiy tarmoqlardagi hozirgi ijobiy siljish bosma matbuotga ham ko‘chishi kerak. Lekin materiallar ham tanqidiy, tahliliy va odamlarning ongiga yetib boradigan darajada ta'sirli qilib yozilishi kerak. Bu o‘zining qo‘llab-quvvatlovchilari, tarafdorlarini, albatta, topadi.

Suhbatni to‘liq holda yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi — Muhiddin Nido.

Ko‘proq yangiliklar: