Kanadadagi hayot va immigratsiya tizimi - advokat Rahmat Sobirov bilan suhbat

Jamiyat 15:06 / 08.06.2021 13480

Suhbat Kanadadagi hayot tarzi, o‘qish, immigratsiya tizimi va shu kabi boshqa mavzularda kechdi.

Do‘ppi kiyganimizga e'tibor qilgan

Vengriya poytaxti ‒ Budapesht shahrida magistratura bosqichida tahsil olganman. Hech esimdan chiqmaydi, Ramazon Hayitiga masjidga chiqqanimizda bir inson do‘ppi kiyganimizga e'tibor qilgan ekan. Keyin u inson bilan tanishdik. U uyg‘ur millatiga mansub bo‘lib Kanadada istiqomat qilar ekan. Ingliz tilida gaplashganimni eshitib, TOEFL ballarimni so‘radi. O‘sha vaqtlarda TOEFL’dan imtihon topshirar edik. Bu men uchun birinchi signal bo‘lgan.

Bundan tashqari, Budapeshtda yotoqxonadan ijara uyga ko‘chadigan bo‘ldim. Ruminiyalik uni menga bo‘shata turib, Kanadaga ko‘chib ketayotganini aytdi. Yuklari og‘ir bo‘lgani uchun uni aeroportgacha kuzatib qo‘ydim. Buni qarangki, hujjatlarining bir qismi qolib ketgan ekan. Uyqum qochib, ular bilan tanishdim. Kanadaga ketish istagi tug‘ildi. Bu ikkinchi ogohlantirish qo‘ng‘irog‘i bo‘ldi.

Shundan keyin Vengriyaning Avstriyadagi elchixonasiga hujjat topshirdim. 3 oydan so‘ng menga viza chiqdi.

Yashash oson kechmagan

Kanadaga kelib, 2007 yili soham bo‘yicha ish topganman. Ungacha turli ishlar, hatto «qora ishlar»ni bajarishga to‘g‘ri kelgan. Buni tabiiy qabul qilish kerak. 

Sizni natijasi emas, harakatingiz ko‘proq qiziqtirsin. Shunda ko‘zlangan maqsadga yetasiz.

 Ish topgunimcha Budapeshtda tanishgan uyg‘ur millatiga mansub insonnikida ikki hafta yashaganman. Ko‘p yordam bergan. Hozir ham ko‘rishib turamiz.

Yana bir voqeani eslab o‘tmoqchiman. 2009 yili uylandim. Ayolimning banan yegisi keldi. Oylik olmagan edim. Kosaga mis sentlar to‘plab qo‘yardik. Sanasak, 3 dollarga yaqin chiqdi. Shu tangalarga banan sotib olgan edik.

Shimoliy Amerikadagi o‘zbeklar ochgan ilk yuridik firma

Kanadada 16 yildan beri yashab kelaman. Faoliyatim – biznes immigratsiyasi bo‘yicha, advokatlik qilaman. Bakalavrni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida, magistraturani Vengriya poytaxti Budapesht shahrida tamomlaganman. Keyinchalik yana bir mutaxassislikda magistratura bosqichida tahsil oldim. Kanadada advokatlik litsenziyasini olish uchun qayta o‘qishimga to‘g‘ri kelgan.

Oilamiz bilan Toronto shahrida «Sobirov law» yuridik firmasini ochishga erishdik. Firmamiz nafaqat Kanadadagi, balki Shimoliy Amerikadagi o‘zbeklar tomonidan ochilgan ilk yuridik firma. U biznes, yuridik xizmat ko‘rsatish bilan muntazam shug‘ullanadi.

Iste'dodlarga ehtiyoj yuqori

Startapni amalga oshirish AQShdan ko‘ra, Kanadada osonroq. Shu bois ko‘plab insonlar Kanadani tanlashadi. Agar 5 nafar hamkor birgalikda Startap qilsangiz, muvaffaqiyatli amalga oshsa, oilangiz bilan Kanadaga ko‘chib o‘tishingiz mumkin. Odatda, startaplarning 90 foizi omadli chiqmaydi. Lekin bundan tushkunlikka tushmaslik kerak.

Kanada davlati tadbirkor, ilmli insonlarni, yoshlarni o‘z davlatiga jalb qilishga katta e'tibor qaratadi.

Misol uchun yaqinda, g‘isht quyuvchi, tajribali quruvchilarning 90 mingtasiga Kanadada doimiy yashash uchun yo‘l ochildi. Bu avvalo, demografik ko‘chish bo‘lsa, ikkinchi tarafdan aqliy ko‘chishdir.

Immigrantlar tanlanadi

Kanadada Green Card’ga o‘xshash lotereya yo‘q. Immigrantlar tanlanadi. Tanlovdan o‘tsangizgina bu yerga kelsangiz bo‘ladi.

Kanadada vaqtinchalik viza mavjud, bu xalq ichida «turistik viza» deyiladi. Agar uni qo‘lga kirita olsangiz, 10 yil ichida bu davlatga kelib-ketib yurishingiz mumkin.

Bugungi kunda pandemiya sababli, juda muhim bo‘lgan holatlardagina jumladan, yaqin qarindoshingizning tobi qochsa yoki favqulodda borish kerak bo‘lib qolsa, viza olishingiz mumkin. Qolgan holatlar istisno qilinadi.

Yurtimizda Kanada elchixonasi mavjud bo‘lmaganligi sababli, hujjatlar Varshavadagi elchixona orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tkaziladi.

Dushanbe, Bishkek yoki Nur-Sulton shaharlaridagi viza markazlari orqali biometrika topshirsa bo‘ladi. Afsuski, hozircha bizda bunday markaz mavjud emas.

20 ming atrofida o‘zbek bor

Rasmiy statistikaga ishonilsa, Kanadada istiqomat qilayotgan O‘zbekiston fuqaroligiga ega bo‘lgan insonlar 10-15 ming atrofida deyiladi. Menimcha, ularning soni bundan ko‘proq. Sababi, ularning bola-chaqalarining aksariyati Kanada fuqarolaridir. Shu bois, yurtdoshlar soni 20 ming atrofida bo‘lsa kerak.

«O‘zbekistonga, Samarqandga borish vaqtingiz keldi»

1971 yili hozirgi Kanada Bosh vaziri Jastin Trudoning otasi Per Trudo va ayoli SSSRga xizmat safari bilan keladi. Safar davomida navqiron Samarqandni ham ziyorat qiladi. Taqdir taqozosini qarangki, o‘sha yili hozirgi Bosh vazir Jastin Trudo tavallud topadi.

Ko‘pincha ijtimoiy tarmoqlarda Jastin Trudoning profillariga «O‘zbekistonga, Samarqandga borish vaqtingiz keldi» deb yozib qo‘yaman. Albatta, yaxshi niyat ila. Umid qilamanki, yaqin orada Kanada Bosh vazirining mamlakatimizga diplomatik tashrifi ro‘y beradi.

Tarixga nazar tashlasak, o‘tgan asrning 90 yillari boshida O‘zbekistonda bug‘doy tanqisligi ro‘y berganda, aynan Kanadadan bug‘doy sotib olgan ekanmiz. Bunda ham hikmat bor, nazarimda.

2000 yillarga kelib mamlakatlarimiz o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatildi. Vashingtondagi elchixonamiz Kanada bilan ham yaqindan hamkorlik qiladi.

4 jihatga e'tibor qaratiladi

Kanada immigratsiya vizasini qo‘lga kiritish haqida juda ko‘plab savollar berishadi. Ilgari xorijda bo‘lgan, yashagan, o‘qigan yo sayohat qilgan insonlarning imkoniyati ko‘proq bu jihatda. Asosan, Viza tartibida 4 jihatga e'tibor beriladi.

Ular quyidagilar:

1. Vatanga bog‘liqlik. Ya'ni sizni Vataningiz bilan bog‘lab turadigan rishta muhim ular uchun.

2. Kanadada ishlamasdan turib, moddiy tarafdan o‘zingizni qoplay olasizmi?

3. Boshqa davlat vizalarini olib, sayohat qilganmisiz?

4. Bu yerga kelishdan maqsadingiz nima?

Statistik ma'lumotlarga qaraganda, xorijlik talabalarning 90 foizi Kanadada yashab qolish istagini bildirishgan hamda ularning 60 foizi bu yerda doimiy yashash uchun qolgan.

Har tomonlama qulay

Kanada xalqaro toifadagi sportchilar, kompozitorlar, rejissyorlarni jon deb fuqarolikka qabul qiladi.

Hozirda AQShdan ko‘ra Kanadaga borish osonroq. AQSh elchixonasi hozircha immigrantlarni qabul qilmayapti.

Yana bir muhim jihati shundaki, Kanada fuqarolari yurtimizga vizasiz kela oladi, AQShliklar esa yo‘q.

Mo‘ljalni uzoqroq oling

Rostini tan olish kerak, Kanadadan yurtga kelish yo‘li sal uzoqlik qiladi. Toronto-Istanbul yoki Vankuver-Istanbul reyslari orqali Istanbulga kelib qolasiz. So‘ngra sizni Istanbul-Toshkent reysi kutib turadi. Umuman olganda 2 kuningizni sarflashingiz kerak.

Kanadaga borish ‒ bu hayot rejasi. Shu bois uni puxta tuzishingiz lozim. Kamida 5 yilga. Shunday reja tuzingki, hayotingizning 1 daqiqasi ham bekor ketmasin. Ham ishlang, ham o‘qing, ham dam oling.

Ma'lumot o‘rnida aytish mumkinki, Kanadaga yiliga 43 million turist tashrif buyuradi. Aholisi esa 37 million atrofida.

Oliy ta'lim haqida

Kanadada o‘qish narxlari qancha? Ushbu savol trend hisoblanadi. O‘rtacha yillik o‘qish summasi 16-18 ming Kanada dollari atrofida. Bundan tashqari, oyiga ming dollarlik xarajat ham qilishingizga to‘g‘ri keladi.

Umumiy olganda bir yillik xarajatingiz 26-28 ming Kanada dollariga tushadi. Bu 22 ming AQSh dollari demakdir.

Misol uchun, Toronto universitetining huquq fakultetiga o‘qishga kirish juda qiyin. Agar kirolsangiz, ular to‘lov kontrakt pulini to‘lab berishlari ham mumkin. Sababi, ular o‘zlariga tegishli budjet tizimiga ega. Asosiysi, universitet rahbariyatiga buni tushuntirib bera olishingiz lozim. Ba'zida boshqa turdagi yordamlar ham beriladi.

80 dan ortiq immigratsion dastur bor

Bugungi kunda Kanadada migrantlarga talab yuqori. Ma'lumotlarga ko‘ra, 200 ming dasturchi yetishmaydi. Kanada korxonalari davlatdan ruxsat olmasdan IT xodimini olib kelishi mumkin. Qurilishda ham talab katta. Hukumat yaqin 2-3 yil ichida 1 million migrantni qabul qilishini e'lon qilgan.

Yiliga 400-500 ming atrofida migrantlar soni ko‘paymoqda. 80 dan ortiq immigratsion dastur mavjud ekani Kanadaning mehmondo‘st mamlakat ekanini isbotlaydi.

Mamlakat ko‘plab qulayliklar yaratadi. Oilali bo‘lsangiz, farzandlaringiz bo‘lsa, tibbiyot xizmatidan bepul foydalanasiz. Shuningdek, maktab ham bepul.

O‘zingizni rivojlantirishga vaqt sarflang, sayohat qiling, buning uchun til o‘rganing. Tilni o‘rganmasdan turib, dunyoga chiqib bo‘lmaydi. Bu muhim jihat.

To‘liq suhbatni «MFaktor» loyihasining YouTube'dagi kanalida tomosha qilishingiz mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: