Mashina sotib olmoqchi bo‘lgan qashqadaryolik fuqaroni 90,5 million so‘mga chuv tushirgan firibgarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Bu haqida viloyat IIB axborot xizmati xabar bermoqda.
Ma'lum qilinishicha, joriy yil 10 may kuni Qarshi shahar «Zog‘za» MFYda yashovchi R.R. shahar IIO FMB 4-sonli IIBga ariza bilan murojaat qilgan.
Murojaatda joriy yil 21 aprel kuni Qamashi tumani «Bobirtepa» MFYda yashovchi P.T. va Koson tumani «Mash'al» MFYda yashovchi U.A.lar R. R.ga «Kobalt» mashinasini sotishini aytib, undan 90,5 million so‘m pulni olgan. Ammo oradan ancha kun o‘tsa ham na mashinani, na pulni bermagan.
Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan, Qarshi shahar IIO FMB 4-sonli IIB tergov bo‘limi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan va hozirda surishtiruv olib borilmoqda.
Avvalroq, Qarshida o‘qishga kiritaman, deb fuqarolarni aldab, pulini o‘zlashtirgan firibgar qo‘lga tushgandi. Shahrisabzlik firibgar ayol Qarshida «falokatni yo‘qotaman» deb, fuqarolarning tilla taqinchoqlarini o‘g‘irlab ketgandi.