Yer-mulk solig‘i miqdorini obektning bozor qiymatiga qarab belgilashga o‘tiladi

Iqtisodiyot 17:29 / 03.06.2021 20842

O‘zbekistonda yer va mol-mulkka uning bozor qiymatidan kelib chiqqan holda soliq solish tizimi ishlab chiqilmoqda. Bu haqda moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonov ma'lum qildi, deya xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

«Soliq siyosatida bu yil boshlagan eng katta islohotimiz yer-mulk solig‘i bo‘yicha bo‘ladi. Shu paytga qadar foyda solig‘i, qo‘shilgan qiymat solig‘i, transfert narxlarining bir-biriga bog‘lanishida o‘zgarishlar qildik, lekin hali suv, yer-mulk hamda yer osti boyliklaridan foydalanish soliqlari bo‘yicha katta islohotlar qilinmadi. Biz boshlayotgan o‘zgarishlarning birinchisi, bu yil yer-mulk bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu to‘g‘risida o‘tgan yili prezident farmoni ham qabul qilingan.

Birinchi qadamda 4 ta pilot hududlar tanlab olinadi. Bular – Mirzo Ulug‘bek, Romitan, Bo‘stonliq tumanlari hamda Navoiy shahri. Mirzo Ulug‘bek tumani – shahar, Romitan – qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan, Navoiy shahrida sanoat korxonalari ko‘p, Bo‘stonliq esa turizm hududi.

Dastlab bu hududlarda yer-mulk solig‘ini bozor qiymatiga yaqinlashtirmoqchimiz. Hozirda Toshkent va Buxoroda yashayotgan odamlar to‘layotgan soliq stavkasi bir xil, lekin soliqqa tortilayotgan obektning qiymati turlicha. Masalan, Romitandagi odamning uyini bozor qiymatiga olib kelamiz desam, 1,5-2 barobar farq qilayotgan bo‘lsa, Toshkentda bu karra-karra farq qilyapti. Bu degani Toshkentda yashayotganlar uyi bozor nuqtayi nazaridan qimmatroq bo‘lgani bilan ular kamroq to‘layapti, Romitandagilar o‘shanga yaqinroq to‘layapti.

Joriy yilda mana shu islohotga ko‘proq e'tibor qaratamiz. Bozor narxi keskin o‘zgaryapti. Misol uchun, yo‘l qurildi, svet, gaz bordimi, demak o‘sha yerdagi aholining uyi qimmatlashadi. Narx oshgach, davlat infrastrukturaga xarajat qilganidan so‘ng, qiymatlar oshganidan keyin, bu soliq bazasi orqali qaytadi. O‘sha infrastrukturaga qancha ko‘p pul tikilsa, soliq bazasi ham shuncha kengayaveradi. Sababi uning bozor qiymati oshadi.

Misol uchun, 3 qavatli uyi bor odam 3 barobar ko‘p soliq to‘lashi kerak. Bu yerda asosiy maqsad – bozor qiymatiga kelish. Agar sizning kvartirangiz yoki hovlingiz qimmat bo‘lsa, meniki undan arzonroq bo‘lsa, men sizdan kamroq soliq to‘lashim kerak. Bozor qiymatidan kelib chiqilsa, shunday bo‘ladi. Biz barqaror tizim yaratish orqali adolatni ta'minlamoqchimiz.

Buni bosqichma-bosqich qilamiz. Bunaqa islohotlar 6,5-7 million nafarga yaqin fuqarolarga ta'sir qiladi. Shuning uchun ishlarni yaxshilab o‘ylab, puxta tayyorgarlik ko‘rib, xalq bilan muloqot qilish orqali amalga oshiramiz. Mazkur loyihani endi boshladik va tayyorlayapmiz. Avgustda e'lon qilish harakatidamiz», – dedi vazir o‘rinbosari.

Ko‘proq yangiliklar: