«Tadbirkorlarning 95 foizi haliyam eksportning klassik usulidan foydalanishmoqda» - Muxtor Umarov

Iqtisodiyot 20:24 / 03.06.2021 9640

Iqtisodiyot va eksport o‘sishi uchun raqamli tizimga o‘tishimiz shart, dedi O‘zbekiston Iqtisodiyot assambleyasi raisi Muxtor Umarov 3 iyun kungi brifingda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, pandemiyadan avval dunyo tadbirkorlarining 50 foizi raqamli, 50 foizi klassik usulda eksportni amalga oshirishar edi. Bugun bu nisbat 70/30 foiz ko‘rinishida.

«Ammo O‘zbekistonda tadbirkorlarning 95 foizi haliyam eksportning klassik usulidan foydalanishmoqda. Va bu tabiiyki, eksportning tez sur'atlarda o‘sishiga, mahsulotlar jahon bozorlariga chiqishiga, eksportyor kompaniyalarning zarar ko‘rishiga olib kelmoqda.

[...] Bugungi kunda dunyoda yirik raqamli savdo platformalari mavjud. Ulardan biri – Alibaba.com platformasiga O‘zbekiston bundan bir necha oy ilgari rasman kirib bordi. Afsuski, tadbirkorlarimizda bu borada tajriba kamligi, raqamli eksportda amaliyotimiz pand berayotgani sabab platforma imkoniyatlaridan hanuzgacha to‘g‘ri foydalana olmayapmiz.

Bunga yechim sifatida Assambleya milliy raqamli platformani ishga tushirish arafasida turibdi. «Uzbekmart.com» deb nomlangan ushbu loyiha ishga tushsa, uni yirik xalqaro raqamli platformalarga integratsiya qilamiz», dedi Muxtor Umarov.

Iqtisodiyot assambleyasi raisiga ko‘ra, hozirga qadar o‘nga yaqin davlatlarda «Made in Uzbekistan» brendli mahsulotlarning savdo uylari ochilgan. Navbatdagi savdo uylari joriy yilning iyul oyi so‘ngigacha Germaniyaning Gamburg portida, Ispaniyaning Madrid shahrida, Vengriyaning Budapesht shahrida ochiladi.

Ko‘proq yangiliklar: