Bolalar uchun yangi telekanal va maxsus retseptlar kitobi taqdim etildi

Jamiyat 20:45 / 01.06.2021 15524

Shu yil 22 mart kunidan e'tiboran «Aqlvoy» bolalar telekanali efirga chiqa boshlagan edi. Bugun, 1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunida telekanalning rasmiy ochilish marosimi o‘tkazildi.

Unda Senat raisi Tanzila Norboyeva va Maktabgacha ta'lim vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i Shahnoza Mirziyoyeva ishtirok etdi.

Tanzila Norboyeva va Shahnoza Mirziyoyeva

Tadbir doirasida bog‘chalar uchun mo‘ljallangan «Aqlvoy Oshpaz» kitobi tadqimoti va bolalar velomarafoni ham bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan Senat raisi Tanzila Norboyeva bolalarni bayram bilan tabrikladi.

«Men hammalaringizni Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni bilan O‘zbekiston rahbariyati nomidan chin yurakdan samimiy tabriklayman. Bizning mamlakatimizda mana sizlarga ma'lum maktabgacha ta'lim tizimiga juda ham katta e'tibor berilmoqda. 3-4 yil oldin maktabgacha ta'lim bilan qamrov 27 foizni tashkil etardi. Ya'ni maktabgacha yoshdagi bolalarimizning faqatgina 27 foizi bog‘chalarga borishi mumkin edi. Lekin hozirgi kunda qamrovimiz 61 foizga yetdi va 2025 yilga qadar deyarli 100 foiz bolalarimizni ta'lim bilan qamrab olishni niyat qilganmiz», – dedi Tanzila Norboyeva.

Shu tadbirda taqdim etilgan «Aqlvoy Oshpaz» kitobi o‘zbek va rus tillarida chop etilgan. Kitobni tuzishda ishtirok etgan bosh oshpaz Bahriddin Chustiyning ta'kidlashicha, «Aqlvoy Oshpaz»da bolalar uchun 250dan ziyod ovqatning tayyorlanishi ko‘rsatilgan. Kitob O‘zbekistondagi 19 mingta bog‘chaga tarqatilishi reja qilingan.

«Qolaversa, kitobdan tashqari mobil ilova ham tayyorladik. Mobil ilovada o‘zbek va rus tillarida retseptlar jamlangan. Undan tashqari, deyarli 30-40dan oshiq retseptlarda QR kodi orqali tayyorlangan videodarsliklar ham bor. Kelajakda bemalol har bir oshpaz xohlaganda mobil ilova, YouTube yoki boshqa bir platformalarda videodarsliklarning retseptlari bilan tanishishlari mumkin», – deydi Bahriddin Chustiy.

Bayram tadbirida maktabgacha yoshdagi bolalar o‘rtasida O‘zbekistondagi ilk bolalar velomarafoni ham bo‘lib o‘tdi. Marafonda 65 nafar bog‘cha tarbiyalanuvchisi qatnashdi.

Yakunda bolalar orasida velosportni keng yoyish maqsadida Maktabgacha ta'lim vazirligi, Turizm va sport vazirligi, Velosiped sporti federatsiyasi, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti tomonidan Toshkent shahridagi 13ta MTTga begovellar taqdim etildi.

Bolalar marafonini respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazish mo‘ljallanmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: