«Kelganimda hayotim tugadi deb o‘ylaganman» - Qamoqda oltinchi yilini o‘tkazayotgan ayol hikoyasi

Jamiyat 20:07 / 30.05.2021 53612

«Kimgadir yaxshilik qilaman, deb yomonlik qilayotganimni anglab yetmaganman»

Odam savdosi bilan shug‘ullanganman. Aldov yo‘li bilan qizlarni chet elga chiqarganim uchun jazo muddatini o‘tayapman. Kimgadir yaxshilik qilaman, deb, aslida, yomonlik qilayotganimni anglab yetmaganman. 6 yil-u 4 oydan beri shu yerdaman. Jazo muddatini o‘tayotganimda o‘zim uchun to‘g‘ri xulosalar chiqardim. O‘sha payti yosh bo‘lganman. Ko‘p narsalarga aqlim yetmagan, qilayotgan ishim xatoligini bilmaganman. 

«Bolalarimni erkalasam, biz katta bo‘lib qoldik, deyishadi»

Koloniyada bo‘lgan davrimda juda ko‘p yo‘qotishlarga duch keldim. Chunki birin-ketin akalarim olamdan o‘tdi. Oilada farzandlarim ona mehrini ko‘rmay katta bo‘lyapti. Nazarimda, farzandlarim hali yosh. Qamalgan vaqtimda ularning bolaligi haliyam ko‘z o‘ngimda qolgan. Qisqa va uzoq muddatli uchrashuvlarga kelishadi. Ular mensiz ulg‘ayishmoqda. Ularni erkalasam, oyijon, biz katta bo‘lib qoldik, deyishadi. 

Farzandlarimning oyijon, qachon oldimizga qaytasiz, deb so‘rashlari meni haqiqatan qiynaydi. Bu yerda meni faqat sog‘inch azobi qiynaydi. Yillar davomida oilam, qarindoshlarim qadriga yetdim. Ularsiz hayotda yashash juda qiyin ekan. Onam, yaqinlarim, farzandlarim uchun kurashishga, ular uchun yashashga intilaman.

«Qanday yashash tanlovi faqat o‘z qo‘limizda»

Har bir inson qandaydir xato qilsa, faqat o‘zi sababchi bo‘ladi. Biz taqdirimiz shu ekan, deb qo‘yamiz. Yo‘q, unday emas. Alloh yozgan, buyurgan bo‘lishi mumkin, lekin inson baribir o‘z taqdirini o‘zi boshqarar ekan. Mana shu xatolarga yo‘l qo‘yib koloniyaga kelishimga, to‘rt devor orasida o‘tirishimga o‘zim aybdorman. 

«Boriga shukr qilmadim»

Onam, turmush o‘rtog‘im aytganlariga ko‘nmadim. Boriga shukr qilmadim. Turmush o‘rtog‘im topganiga sabr qilmadim. Kimdandir ko‘proq yegim-ichgim, kiygim keldi. O‘sha paytlari juda katta xatolarga yo‘l qo‘yganman. Mana shu qilganlarim jabrini shuncha yildan beri tortib kelyapman. 

Bozorda savdo qilardim. Turkiyaga borib tovar olib kelardik. O‘sha yerda bir o‘zbek ayol bilan tanishganman. U Turkiya fuqaroligini olgan edi. Asli samarqandlik ayol. Turkiyaga borsam, o‘sha ayolning uyiga borardim, o‘sha yerdan bozorga borib, tovarlar olib kelardim. Shunday qilib tanish bo‘lib ketgandim. 1,5 yilcha vaqt o‘tgachgina u qizlarni uyida saqlashini bilganman. Chunki men qizlar turadigan uyga emas, o‘zi yashaydigan uyiga borganman. U meni qizlar turadigan joyga olib borgandan keyin qilayotgan ishi haqida aytib berdi va meni ham shu ishga taklif qildi. 

Baribir ayolman-da. Qancha bo‘lsa ham shuncha kam, deb o‘ylarkanmiz. Pulim ko‘proq bo‘lishini xohlaganman. O‘zbekistondan qiynalgan, xorijga chiqib ishlashni istagan qizlarni topib, xorijga chiqarib yuborsang, ularga ham, o‘zingga ham yordam beraman, dedi. Bu ishim jinoyat ekanligini bilganman. Lekin o‘z nafsim quli bo‘lganman. Turmush o‘rtog‘im Toshkentda kompaniyada ishlagan. Topish-tutishi yaxshi bo‘lgan, lekin men boriga qanoat qilmaganman, o‘zimcha mol-dunyo to‘plash orzusida yashaganman.

«Yillarimni yo‘qotib qo‘ydim»

Qamalganimdan keyin birinchi yil sezilmadi. Uyimdagilar kelib ko‘rib ketadi, deb o‘yladim. Yillar o‘tishi o‘z ta'sirini o‘tkazib boraverarkan. Ko‘p narsalarni yo‘qotib qo‘ydim hayotda. Ortga qarasam, yillarimni yo‘qotibman. Shu vaqt mobaynida nimalar qilishim mumkin edi? Farzandlarim, oilam uchun shukr qilib yashaganimda, balki, yana farzandlarim bo‘lishi mumkin edi. 

To‘rt devor ichida bo‘lganimda, yaqinlarimni yo‘qotdim. Akalarim, opalarim bevaqt olamdan o‘tishganda roziligini ololmadim, ular mendan rozilik ololmadi. O‘zimni yomon ko‘rib ketdim. O‘zimga o‘zim dushman bo‘ldim, desam ham bo‘laveradi. Xato qilib, shu joylarga kelmaganimda, balki, hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin edi, deb o‘ylayman. Bo‘lgan ishlardan o‘zimni kechirolmayman. Agar o‘sha xatolarni qilmaganimda, hozir bu yerda afsus qilib ko‘z yosh to‘kib o‘tirmasdim.

«Bolaligim eng baxtli yillarim bo‘lgan»

Esma-es eslayman: tilim chiqib, dada, ona, deb yurgan paytlarim eng baxtli yillarim bo‘lgan. «Oyi», deb emas, «dada» deb tilim chiqqan. Uydagilar ham sen dadang qizisan, deyishadi. Turmushga chiqib, gulday oilaning bekasi bo‘lganim, farzandli bo‘lganim ham mening eng baxtli kunlarimdan biri bo‘lgan.

Yana baxtli bo‘lishni xohlayman. Bu yerdan chiqqanimdan so‘ng farzandlarimni o‘qimishli, oliy ma'lumotli qilishni istayman. Qolgan umrimni chiroyli qilib o‘tkazay deyman.

«Yo‘qotgan yillarimni ortga qaytara olmayman»

Qariyb 7 yildan beri tashqarida nimalar o‘zgarib ketganini tasavvur qilolmayman. Hozir Toshkentni tanimayman. Hozir chiqsam adashaman, deb cho‘chiyman. Darvozadan chiqishim bilan uydagilarga telefon qilib chaqiraman, deyman.  

Bu yerdan chiqqach, yo‘qotgan yillarimni ortga qaytara olaman, deb o‘ylamayman. Chunki yoshligim shu yerda o‘tib ketdi. 7 yil oldingi kuch-quvvatim hozir yo‘q. Yillar o‘z ta'sirini ko‘rsatib boraverarkan. Oldingiday bo‘lmaydi hech narsa. Baxtli bo‘lishga harakat qilaman. Lekin bitta narsani o‘ylayman: Alloh menga bu sinovni berdimi, albatta, ajrini ham beradi. 

Bu yerga kelishni dushmanimga ham ravo ko‘rmasdim. To‘g‘ri, bu yerda sizni hech kim urmaydi, so‘kmaydi, sharoitlar bor yashash uchun. Lekin bu yerda bizni sog‘inch azobi qiynaydi, yillarimizni yo‘qotyapmiz. Bu yer ayollar joyi emas. Ayollarning joyi oilasi bag‘rida ekan. Har yili o‘zimga aytaman: sen ayolsan, onasan, sening o‘rning farzandlaring, oilang bag‘rida. Sen ularning yonida bo‘lishing kerak. Yoshim o‘tib boryapti: men yosharmayapman, qariyapman. 

«Mahkumalik libosini kiyganimda, umrimning oxirgi nuqtasiga yetib kelibman, deb o‘yladim»

Bu yerda mahkumalar bir xil forma kiyishadi. Formani birinchi marta kiyganimda o‘zimni juda yomon his qilganman. Bo‘ldi, hayotim tugadi, deb o‘ylaganman. Men umrimning oxirgi nuqtasiga keldim, deb tasavvur qildim. Men uchun yashash to‘xtadi, nafas olishdan to‘xtadim, deb o‘yladim. O‘sha payti o‘tgan kechmishimni so‘z bilan ta'riflab berolmayman. Qisqacha aytganda, men o‘ldim, deb o‘yladim. Oilamni ko‘rmay 8 yil mana shu ahvolda yashasam kerak degan xayol o‘tgan menda. Tirik murdadek edim o‘shanda. 

Bu yerda hamma bir xil forma kiyishining sababi hamma bir xil ko‘riladi bu yerda. U boymi, kambag‘almi, farqi yo‘q. Alloh oldida barchamiz bir ekanimizni ham eslatib turadi bu libos. 

Muhabbat Ma'mirova suhbatlashdi,
Kun.uz muxbiri.

Tasvirchi va montaj ustasi – Nuriddin Nursaidov.

Ko‘proq yangiliklar: